O‘zbekiston | 12:38 / 31.05.2019
80006
6 daqiqa o‘qiladi

Kunning yorug‘ vaqtida avtomobil chiroqlarini yoqib yurish to‘g‘risidagi qoidani kim kiritgan?

Foto: KUN.UZ

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda kunning yorug‘ vaqtida avtotransport vositalari chiroqlarini yoqib yurishga oid joriy etilgan qoida bo‘yicha turli bahs-munozaralar kechmoqda. Ushbu masalaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ayrim deputatlari o‘z pozitsiyalarini bildirishdi, unga Adliya vazirligi munosabat bildirishga ham ulgurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati To‘lqinjon Karimovning yozishicha, Adliya vazirligining munosabatidan, ayrim ijtimoiy tarmoq vakillarining fikrlaridan shu anglashiladiki, go‘yoki deputatlar ushbu qoidani kiritishga ovoz berishgan. Aslida bunday emas. Masalaning asl mohiyati boshqacharoq.

To‘lqinjon Karimov
Foto: O'zLiDeP

Deputatlar tomonidan 2016 yil 23 sentyabrda qabul qilingan Qonunga muvofiq Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasidagi «sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan (foydalanish qoidalarini buzish)» degan so‘zlar «tashqi yoritish asboblaridan (foydalanish qoidalarini buzish)» so‘zlari bilan almashtirilgan. Bunday o‘zgartish o‘sha paytda Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandiga kunning yorug‘ vaqtida ayrim holatlarda (jamlanma safida harakatlanayotganda, bolalar guruhini tashkiliy tashishda va boshqalar) yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerakligi to‘g‘risidagi qoidaning kiritilishi bilan bog‘liq edi. Bunda Kodeksning 128-moddasi sanksiyasidagi jarima jazosi miqdori (eng kam ish haqining ikkidan bir qismi) o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi 292-sonli qaroriga muvofiq Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandiga o‘zgartishlar kiritilib, unda kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart ekanligi belgilab qo‘yildi. Natijada, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarining o‘zgarishi o‘z-o‘zidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi tatbiq etilishiga olib keldi. Ya'ni, ushbu qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan tegishli ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqardi.

Biroq, bu – deputatlar tashabbusi degani emas. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda turli sohalarda qonun osti hujjatlari bilan o‘rnatilgan qoida va tartiblarni buzganlik uchun (masalan, epidemiyalarga qarshi kurash, ov qilish yoki baliq tutish, yer berish, o‘rmon fondidan foydalanish qoidalari va h.k.) javobgarlik belgilangan. Bunda, qonun osti hujjatlari bilan belgilangan qoidalarning o‘zgarishi o‘z-o‘zidan ma'muriy javobgarlikka tortishga ham ta'sir qiladi. Qoida va tartiblarning keng qamrovliligi va hajm jihatidan kattaligi ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kodeksda batafsil yoritish imkonini bermaydi. Shu sababli, qonun chiqaruvchi kodeksda qonun osti hujjatlaridagi qoida va tartiblarga havola qilishga ba'zan majbur bo‘ladi.

Ayni paytda, mazkur vaziyatning tahlili, yana bir karra prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida bayon etilgan “Qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qonunlar qabul qilish vaqti keldi”, degan g‘oyaning nechog‘lik dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ushbu g‘oyani amalga oshirish maqsadida parlamentda zarur choralar ko‘rilmoqda. Xususan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti hamda To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirish va unifikatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Mazkur “Yo‘l xaritasi” asosida bugungi kunda 60 ga yaqin to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega bo‘lgan qonunlarni qabul qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda, Qonunchilik palatasi qabul qilinayotgan har bir qonunda barcha masalalarni, qoida va tartiblarni batafsil yoritishga alohida e'tibor qaratmoqda. Birgina misol, parlamentimizga qonunchilik tashabbusi sub'yektlari tomonidan kiritilayotgan aksariyat qonun loyihalarining norma va qoidalari deputatlar tomonidan qayta ishlanib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonun sifatida qabul qilinmoqda. Bu esa parlament o‘z faoliyatida davlat organlari ishidan xato izlash yoki kiritilgan qonun loyihasini qaytarish emas, balki masalaga o‘z vaqtida ijobiy yechim topishga e'tiborini qaratayotganligini ko‘rsatadi.

Fuqarolarning huquq va manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lganligi uchun Yo‘l harakati qoidalarini qonun bilan tasdiqlash zarurati yuzaga kelmoqda. Agar shunday qilinsa, bugun ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgani kabi turli bahs-munozaralarga hech qanday hojat qolmaydi.

Mavzuga oid