O‘zbekiston | 17:45 / 31.05.2019
7692
2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda mahalliy «Insulin» dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo‘llanadi

Joriy yilning aprel oyida Andijon tumanidagi Xartum qishlog‘ida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshlagan edi. Ayni paytda bu yerda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda «Zamin Bio Health» MChJ bilan hamkorlikda qandli diabet kasalligini davolashda qo‘llaniladigan «Insulin» preparati ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. 

«Ma'lumki, qandli diabet xastaligi insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada, qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlarining (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi) buzilishi bilan namoyon bo‘ladi.

Ushbu kasallikka davo sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash bo‘yicha zarur bo‘lgan klinik tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. 3 xil ko‘rinishga ega bo‘lgan «Juslin N», «Juslin R», «Juslin 30/70» insulin preparatlari tadqiqot davomida bemorlarda ijobiy natija ko‘rsatdi.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu preparatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etildi.

Shu paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilardi. Zavod ishga tushishi natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplashga yo‘naltiriladi. Bu esa dori vositasining import hajmi kamayishiga, eksport imkoniyati kengaytib, tannarxi arzonlashishiga olib keladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 

photo_2019-05-31_17-31-01.jpg
photo_2019-05-31_17-30-48.jpg
photo_2019-05-31_17-30-42.jpg

Mavzuga oid