O‘zbekiston | 14:44 / 01.06.2019
7893
2 daqiqa o‘qiladi

Elektron kirish vizasining amal qilishi bo‘yicha yangi tartib o‘rnatildi

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasining elektron kirish vizasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, elektron viza e-visa.gov.uz portali orqali soddalashtirilgan va jadallashtirilgan tartibda rasmiylashtiriladi. Ayni paytda uni 75 ta davlat fuqarolari olishlari mumkin.
 
Elektron vizaning umumiy amal qilish muddatiga (90 kun), viza egasi O‘zbekistonda bo‘lishining cheklangan muddatiga (30 kungacha) o‘zgartirishlar kiritilmadi. Biroq ilgari amal qilgan qoidaga ko‘ra, chet ellik fuqaro kirib kelgan paytida vizaning amal qilish muddati tugashiga 30 kundan kam qolgan bo‘lsa, uning ana shu muddat davomida mamlakatimizda bo‘lishiga ruxsat berilar edi. Mazkur cheklov bekor qilindi.
 
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida qayd etishlaricha, ushbu yangilik bois turistlarning mamlakatda ko‘proq muddat bo‘lishiga imkon yaratildi. Haqiqatan ham shunday. 1 iyunda O‘zbekistonga kelgan Hindiston fuqarosi elektron vizasining amal qilish muddati 20 iyunda tugaydi deylik. Avvalgi qoidaga amal qilinsa, u faqat 20 iyungacha bu yerda bo‘lishi, so‘ng respublikadan chiqib ketishi kerak bo‘lardi. Kiritilgan tuzatish tufayli u 30 iyungacha O‘zbekistonda bamaylixotir qolishi mumkin.
 
Mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi moddalarga (MJTKning 225-moddasi, JKning 224-moddasi) tuzatish kiritish juda muhim. Shu jumladan belgilangan bo‘lish muddati tugagach mamlakatdan chiqib ketishdan bo‘yin tovlash hollarida sanksiyalar qo‘llaniladi.
 
Hujjat 29.05.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid