Jamiyat | 18:51 / 01.06.2019
72982
2 daqiqa o‘qiladi

Haydovchini yaqinni yorituvchi chiroq haqidagi gapi uchun to‘xtatgan PPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Haydovchini avtomobil chiroqlari haqidagi so‘zlari uchun to‘xtatgan patrul-post xizmati (PPX) xodimi hayfsan oldi.

Avvalroq, internetda PPX xodimi ishtirokida yuz bergan voqea tasvirlangan video tarqaldi. IIBB matbuot xizmatidan Kun.uz’ga xabar berishlaricha, hodisada ishtirok etgan xodim Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimidagi PPX brigadasida ishlaydi.

«Qonun barcha uchun barobar. Hamma xodimlar kunduzgi vaqtda yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurishi shart», - deya ta'kidlab o‘tishgan matbuot xizmatida.

Shuningdek, ma'lum bo‘lishicha, hodisadan so‘ng shaxsiy tarkib bilan suhbat o‘tkazilgan, unda xodimlarga fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lishga yo‘l qo‘yilishi kerak emasligi tushuntirilgan. Haydovchini to‘xtatgan PPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

«PPX brigadasining barcha shaxsiy tarkibi qo‘pol munosabatda bo‘lish borasidagi har bir holat bo‘yicha ta'sir choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi», - deya qayd etib o‘tishdi IIBB vakillari.

Bundan tashqari, xodimlarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, shu jumladan, yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib yurish haqida yana bir bor eslatilgan. Xodim yo‘l harakati qoidalarining buzilishi uchun qaysi holat va sharoitlarda jazoga tortilmasligi ham bildirib o‘tilgan. 

Mavzuga oid