Sport | 14:30 / 02.06.2019
33473
15 daqiqa o‘qiladi

Finaldan keyingi 4 mulohaza

Foto: TF-Images/Getty Images

Yurgen Klopp jamoasi finalda «Tottenhem»dan ustun keldi (2:0) va o‘z tarixida oltinchi marta Yevropaning bosh sovrinini boshi uzra ko‘tardi.

IShONCh - G‘ALABA POYDeVORI

Aleks Fergyusonning avtobiografik kitobini o‘qiganimda, bir jihat alohida e'tiborimni tortgandi. Ser Aleks murabbiylik faoliyati davomidagi alohida o‘yinlarni eslar ekan, jamoasiga bo‘lgan ishonch haddan tashqari bo‘lgandek tuyulgandi. Masalan, 2013 yilda «Real»ga qarshi o‘yin haqida yozayotib, «biz «Real» hisobda oldinga chiqib olgandan keyin ham, yaxshi o‘ynadik, kamida beshta gol urishimiz mumkin edi», deydi. Yoki «Barselona» bilan o‘yin haqida «ilk o‘n besh daqiqada hisob 4:0 bo‘lishi kerak edi, aslida», deb yozadi.

Bir qaraganda kulgili - axir bunaqa bo‘lmasdi, eng ashaddiy, optimist muxlis ham bunaqa fikr bildirmagan bo‘lardi. Fergyuson reallikdan uzoqlashib ketganmidi? Yo‘q, o‘ylashimcha, u haqiqatan ham jamoasiga shu darajada ishongan. O‘zi ishonmay turib, shogirdlarini «kambek»larga ishontirish ilojsiz.

Biz motivator murabbiylar haqida ko‘p gapiramiz, qanaqadir ta'sirli so‘zlar ishlatish lozimligi, shogirdlarining qalbiga yetib borish kerakligi, umuman murabbiy psixolog bo‘lishi kerakligi aytiladi. Ammo ko‘pincha bu ish bermaydi - murabbiy avvalo, samimiy bo‘lishi, o‘zi aytayotgan gaplariga avvalo, o‘zi ishonishi shart ekan. Ana shundagina, shogirdlarga ham bu ta'sir qiladi, ishonch yuqadi. Yurgen Kloppning juda ko‘p boshqa motivator murabbiylardan farqi ham shunda - u mo‘jizalarga, avval o‘zini ishontiradi. Aniqrog‘i, futbolda hech narsa mo‘jiza emasligiga...

«Men o‘tgan yilgi finaldan keyin, tezda o‘zimga keldim. Hatto uyga borganimda oilamdagilar, do‘stlarim meni yupatishga harakat qilgandek tuyular, lekin men allaqachon bu natijadan uzoqlashib bo‘lgandim. Ha, finallarni yutqazuvchi degan laqab yoqimsiz tuyuladi, ammo men «Yarim finallarni yutish» haqida kitob yozishim mumkin, shunday emasmi? Men o‘zimga, yana finalga kelaman, deb aytdim».

Himoyachi Endryu Roberson ThePlayersTribune nashriga aytib bergan hikoyasida «Kamp Nou»dagi mag‘lubiyatdan so‘ng, aynan Kloppning nutqi unga qayta ishonch bag‘ishlaganini aytadi.

«Xo‘p, biz dunyoning eng kuchli jamoasi emas ekanmiz. Xo‘p, eng kuchli jamoa - ular! Lekin biz hali ham dunyoning eng kuchli jamoasini yutish imkoniga egamiz. Imkoniyat bor ekan, kelinglar, yana bir urinib ko‘ramiz» - Bu so‘zlar shunchaki, futbolchilarni ruhiyatini ko‘tarish uchun aytilgan bo‘lganida, ta'sir qilmasdi.

2005 yilgi Istanbul finalida, birinchi bo‘limdan so‘ng, o‘yinni 0:3 hisobida boy berayotgan «Liverpul»ning o‘sha paytdagi murabbiyi Rafael Benites antiqa yo‘l tutgandi. U o‘shanda kiyim almashtirish xonasidagi fortochkani ochib qo‘ygandi. U yerda stadiondagi muxlislarning hamon «Liverpul»ni quvvatlashayotgani, mashhur «You never walk alone» («Siz bu yo‘lda hech qachon yolg‘iz emassiz») qo‘shig‘ini kuylashayotgani eshitilib turardi. Muxlis xalqi doim jamoasiga ishonadi - futbolchilarga bu ta'sir qiladi, albatta. Yurgen Kloppda aynan muxlislarga xos tarzdagi ishonch bor va bu g‘alabalarning muhim poydevoridir.

JAMOA HUJUMDAN BOShLANADI

Juda ko‘p klassik murabbiylar jamoa qurishni avvalo, himoyadan boshlash kerak deb aytishadi. Albatta, bu juda muhim - agar jamoa gol o‘tkazmasa, har qanday o‘yinda yetarlicha gol urish imkoniyati bo‘ladi. Mag‘lubiyatga uchramaslik, gol o‘tkazmaslik jamoaga ishonch bag‘ishlaydi, keyinchalik, asta sekinlik bilan kerakli bog‘lamlarni, hujum tashkil qilish haqida bosh qotirish mumkin. Odatda, yangi jamoa tashkil qilishda transferlar ham, ilk o‘zgarishlar ham aynan himoyaga nisbatan amalga oshiriladi.

Osiyo-2011 oldidan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlarda Vadim Abramov jamoasi juda ko‘p gol o‘tkazib yuboraverar, murabbiy esa, ko‘proq hujumni tashkil qilish, nazorat qilish haqida gapiraverardi. Men undan «jamoani avvalo, himoyani mustahkamlashdan boshlamaysizmi?» deb so‘raganimda shunday javob qaytargandi: «Biz birinchi navbatda gol urishni o‘rganishimiz kerak. Agar hujum qilish, gol urish biz uchun oson bo‘lib qolsa, o‘tkazilgan gollar bizni qo‘rqitmay qo‘yadi. Har qanday vaziyatni o‘nglash uchun ishonch paydo bo‘ladi. Keyinchalik himoyaga e'tibor qaratish oson».

Klopp ham shu yo‘ldan bordi. U avvalo, shogirdlariga gol urishni, hujum qilishni o‘rgatishni ma'qul ko‘rdi. Esingizda bo‘lsa, ilk mavsumlarda «Liverpul»da ancha boshboshdoqlik hukm surgan, go‘yoki tarkibda muvozanat bo‘lmagan, alohida o‘yinlarda o‘ta hujumkor o‘ynasa-da, himoyani unutib qo‘yadigan jamoaga o‘xshab qolardi. Jamoa juda kuchli raqiblarga qarshi o‘ta kuchli o‘yin ko‘rsatib, g‘alabalar qozonar, shu bilan birga, shunchaki klass hisobiga oson yutishi kerak bo‘lgan o‘yinlarda muammolarga duch kelardi.

«Tizgindagi xaos» - keyinroq, «Liverpul»ning hujumkorligi yuqori darajaga chiqib, Yevropa Chempionlar Ligasidagi eng sermahsul jamoaga aylangangach jamoani shunday atay boshlashdi. «Liverpul» yuqori himoya va qattiq pressing yordamida raqib maydonida o‘ziga xos xaos yaratar va haddan tashqari faollik hisobiga bundan samarali foydalanardi.

Ko‘pchilik o‘tgan yilgi mag‘lubiyatni Kariusning xatolari va himoyachilarning saviyasi pastligi bilan o‘lchagan, to‘g‘ri, ammo masala faqat bunda emasdi. Alisson va van Deyk kabi futbolchilarning transferlari himoyani mustahkamlagan bo‘lsa-da, aslida, butun jamoa pragmatik futbol sari qadam qo‘ya boshladi. Aslida Klopp o‘z binosiga so‘nggi toshlarni qo‘ya boshlagandi. E'tibor bersangiz, endi «Liverpul» kamroq hujum qilyapti, kamroq gol uryapti, ba'zilarga bu yoqmasligi ham mumkin - ammo endigina jamoa to‘liq, muvozanatli mashinaga aylandi. Endigi «Liverpul» maydon chetidagi emotsional Kloppgagina emas, taktik bilimlari ham kuchli bo‘lgan nemis murabbiyiga o‘xshab qoldi. Endigi «Liverpul» kerak bo‘lganda nechta bo‘lsa gol urishni ham, kerak bo‘lganda, gol o‘tkazmaslikni ham, to‘pni raqibga berib qo‘yishni ham, sabr qilishni ham biladi.

Xo‘sh, nega endi aynan hujumdan boshlash kerak edi bularning hammasini? Shu savolda «Liverpul»ning boshqa ko‘p jamoalardan farqi yashiringan - «Liverpul» u qadar ko‘p hujum qilmasligi mumkin, ammo gol o‘tkazib yuborishdan qo‘rqmaydi. Poydevor sifatida himoya tanlangan jamoalarda, masalan Mourinoda, gol o‘tkazishdan juda qo‘rqiladi. O‘tkazib yuborilgan 1-2 gol go‘yoki o‘yinga bo‘lgan rejani buzib yuborgandek tasavvur paydo qiladi. «Liverpul»da esa, aksincha, jamoa har qancha gol o‘tkazib yuborsa ham, hujumda har qancha gol urish mumkinligini biladi, bunga ishonadi. «Barselona»dagi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat umumiy rejani buzib qo‘ymaydi.

11 NAFAR KLOPP

Albatta, yuqoridagi abzats Mourino yoki Fergyusonning yo‘li noto‘g‘ri bo‘lganini anglatmaydi. Va masalan, Mourino «Real»da Klopp yo‘lidan borganida, sovrinsiz to‘rtinchi yilga yetib kelmasligi aniq edi. Aynan shu nuqtada, klub rahbariyatini maqtab qo‘yish kerak. Kloppning «Liverpul»i dastlabki mavsumlarni u qadar barqaror o‘tkazmadi, nihoyat to‘rtinchi yilga kelibgina, ilk sovriniga ega bo‘ldi. Klub esa, murabbiyga oxirigacha ishondi, barcha sharoitni yaratib berdi.

Shu bilan birga, Kloppga menejmentda muhim so‘z haqqi taqdim etilganini ham sezish mumkin. «Tottenhem» Pochettinoga hech kimni olib bermadi va «mana shu bizning futbolchilar, shulardan maksimal foydalan, jamoangni tuz», deyishdi. «Real»da yoki «Manchester Yunayted»da esa, marketing tarafdan samara keltirishi bo‘lgan yulduzlar olib kelinadi-da, murabbiyga ana o‘sha tarkibni shug‘ullantirish taklif etiladi. Bugungi «Liverpul» esa, aynan Kloppning jamoasi deb bemalol aytish mumkin.

Kecha asosiy tarkibda maydonga tushgan 11 nafar futbolchidan faqat jamoa sardori Jordan Henderson Kloppdan oldin «Liverpul» o‘yinchisiga aylangan, xolos. Qolgan 10 nafar futbolchini aynan Yurgen jamoaga olib keldi. Shuningdek, zaxirada o‘tirgan Shakiri, jarohatlangan Keyta va Oksleyd-Chemberleyn ham Klopp davrida transfer qilingan. Ahamiyatlisi, bu futbolchilar, ba'zilari rekord narxlarda sotib olingani bilan, top-yulduz sifatida kelishmagandi. «Hoffenhaym», «Roma», «PSV», «Sauthempton», «Shalke», «Leypsig», «Hall Siti», «Monako» - mana, kecha maydonga tushgan yulduzlarning sobiq jamoalari. Bu futbolchilar Klopp davrida ham professional ma'noda o‘sishdi va ularning har biri aynan Kloppning uslubiga, rejasiga mos ravishda sotib olingani isbotlandi. Hatto zaxira variantlariga aylangan Veynaldum va Oriji yarim final va finallarda eng muhim gollarni urganida ham qanaqadir ramziy ma'no bor. 

Odatda, kubok formatida o‘tadigan musobaqalar g‘olibiga biroz past nazar bilan qarashadi. 2012 yildagi «Chelsi» yoki o‘tgan yilgi «Real», masalan, juda beqaror mavsum o‘tkazgan bo‘lishsa-da, alohida o‘yinlardagi natijalar evaziga g‘olib bo‘la olgan. Aytaylik, ligada beqaror jamoa hech qachon chempion bo‘la olmaydi. U yerda qiyinroq. «Liverpul»ning bundan oldin YeChL finalida uch marta o‘ynagan bo‘lsa, o‘sha mavsumlarda APLda hatto 2-o‘rinni ham olmagandi. Shu tomondan qarasak, YeChLni yutish osonroqdek tuyuladi.

Lekin aynan bu yilgi jamoa haqida gap borganda, unday emas. Klopp shogirdlari APLda mavsum davomida atigi bir marta, safarda «Manchester Siti»ga yutqazishdi. Yevropadagi har qanday boshqa chempionatda muddatidan oldin chempion bo‘ladigan miqdorda - 97 ochko to‘plashdi. Kechagi kubok ular uchun mukofot deyishimiz mumkin - bunday ajoyib mavsum izsiz ketishi futbol uchun ham adolatsiz bo‘lardi.

FINAL ZeRIKARLI?

Har doim hammaning qiziqishiga sabab bo‘ladigan «Liverpul»ga qarshi turnir davomida «Inter»ni ham, «Manchester Siti»ni ham, «Ayaks»ni ham faqat safardagi gol qoidasi yordamida ortda qoldirgan «Tottenhem»... Ikki ingliz klubining to‘qnashuvi juda qiziqarli va yuqori tempda o‘tishini kutganlarning kecha hafsalalari pir bo‘ldi. Rostdan ham final biroz zerikarli kechdi, chorak va yarim finallardagi hayajonlarni taqdim etmadi.

Shundan kelib chiqib, aslida finalga «Ayaks» chiqishi kerak edi, «Barselona» finalda o‘ynasa bo‘larkan, degan gaplarni aytganlarni ham eshitdik. Bu yerda Vasiliy Utkinning fikriga qo‘shilaman, «tasavvur qilyapsizmi, finalga «Ayaks» chiqishi kerak edi, deyayotganlar bizni Amsterdamdagi emotsiyalardan mahrum qilishmoqchi!»

Ya'ni, agar turnirni yaxlit oladigan bo‘lsak, aynan final qiziq bo‘lishi uchun oldingi hayajonlardan voz kechish kerakmi? Agar final hamma kutganidek, «Manchester Siti» va «Barselona» o‘rtasida kechganda, qanaqadir supermatch ko‘rardik, to‘g‘ri, lekin bu holda biz «Etihad»dagi ajoyib «VAR daqiqalari»dan, «Enfild»dagi kambekdan quruq qolardik-ku? Axir besh yildan keyin YeChLning ushbu mavsumi eslanganda, faqat final emas, aynan shu voqealar, avvalgi bosqichlardagi ajoyib kambeklar, aql bovar qilmas kurashlar aks etmaydimi? Axir avvalgi turnirlardan faqat Istanbul va «Kamp Nou» finali yodda qolgan, boshqa barcha musobaqalar aslida avvalgi bosqichlardagi ajoyib o‘yinlar orqali yodimizda qolgan, to‘g‘rimi?

Yevropa Chempionlar Ligasini butun mavsum bizga zavq ulashadigan bir serialga qiyoslasak, «Taxtlar o‘yini»ga faqat so‘nggi qismlar uchungina baho qo‘ymaganimizdek, final o‘yinidan ko‘p narsa kutmaylik. Shunchaki, mana shu ajoyib mavsumga nuqtani qo‘yuvchi va g‘olib kimligini aniqlab beruvchi bir tadbir sifatida qaraylik. Shundagina, biz «Liverpul»ga ham, «Tottenhem»ga ham, final yo‘lidagi ajoyib o‘yinlari uchun rahmat ayta olamiz.

Nafaqat bu jamoalarga, balki Chempionlar Ligasi degan turnirni o‘ylab topganlarga... umuman futbol o‘yinini to‘qib chiqarganlarga...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid