O‘zbekiston | 08:21 / 05.06.2019
19980
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat: «Hokimlar xohlagan paytda fermerdan yerni tortib olib qo‘yishi, xohlagan paytda qaytarib berish holatlari kuzatilmoqda»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari hamda deputatlar ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi To‘lqin Eshnazarov qishloq xo‘jaligi, yer munosabatlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning matbuotda yoritilishini to‘g‘ri qabul qilishini aytdi.

To‘lqin Eshnazarov
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Hurmatli OAV vakillari, islohotlarni, muammolarni sizlar yoritmasangiz, tashqaridagi ommaviy axborot vositalari, xorijdagi saytlar voqelikni buzib, bo‘rttirib ko‘rsatishyapti, — To‘lqin Eshnazarov. — To‘g‘ri, hamma sohada kamchilik bo‘lishi mumkin. Axir islohot o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Islohot ma'lum ma'noda qurbonlik talab qiladi».

Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yoqubov esa sohada yuzaga kelayotgan muammolarning sabablari haqida to‘xtalib o‘tdi:

Shuhrat Yoqubov
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Hokimlar Xalq deputatlari kengashining raisi bo‘lgani uchun Kengashga ta'sir ko‘rsatib, qarorni chiqartirib, xohlagan paytda fermerdan yerni tortib olib qo‘yishi, xohlagan paytda qaytarib berish holatlari kuzatilmoqda.

Biz «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqdik, unga ko‘ra, kelgusida Kengash raisi alohida, hokim alohida ijro hokimiyati bo‘ladi. Kengashning hokimning ustidan nazorat funksiyasi kuchayadi. Ertaga Kengash qarorlarni hokimning ta'sirisiz qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

Shu mexanizm orqali oddiy fermerning, fuqaroning, aholining huquqlarini ta'minlashda yangi natijaga erishgan bo‘lamiz».

Mavzuga oid