Jamiyat | 11:20 / 07.06.2019
10039
5 daqiqa o‘qiladi

Quyi Chirchiqda bolalar bog‘chasiz qiynalishmoqda. Ota-onalarning dardini hech kim eshitmayapti

Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidan bir murojaaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan mazkur tumanga otlandik.

Tumanning «O‘zbekiston besh yilligi» nomli qishlog‘iga yetib bordik. Murojaat bog‘cha va suv muammosi haqida edi. Vaziyat bo‘yicha atroflicha tasavvurga ega bo‘lish uchun Ra'noxon ona Usmanovaga mikrofon tutdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Bolalarimiz shu bog‘chada katta bo‘lishgan. 2006-2007 yillarda bir ayol fermer bo‘lib, mana shu bog‘chani sotib olibdi. Bog‘chani sotishga kimning haqqi bor bilmayman. Shundan buyon bog‘chani egallab olgan. Hozir hammaning bolasi tashqarida. Xudo ko‘rsatmasin, bu yerda katta ariqlar ham bor, ko‘chadan mashina ham o‘tadi, traktor ham o‘tadi. Bolalarning ota-onalari esa klasterda ishlashadi. Ko‘chada qarovsiz qolgan bolalar nima qiladi? Menga o‘xshagan buvisi borlar bir amallar, lekin buvisi yo‘qlar nima qiladi? Yosh oilalar bor. Ular er-xotin ertadan kechgacha dalada ishlaydi. Bolasi qarovsiz qoladi. Markazda bog‘cha bor, lekin 3-5 km uzoqda. Ham bog‘cha puli, ham yo‘lkiraga kuchi yetadigan bor, kuchi yetmaydigan ham bor», deydi onaxon.

Qishloq faollaridan biri Maqsuda Muhammadiyeva bu masala bo‘yicha ko‘p marta murojaat qilishganini, ammo natija bo‘lmaganini ta'kidladi.

Maqsuda Muhammadiyeva

«Bog‘cha bo‘yicha hokimiyatga, prezident portaliga murojaat qildik. Lekin natija yo‘q. Faqat bir xil mazmundagi javob: «Ko‘rib chiqiladi». Bu joy 2-bo‘lim deyiladi. Nariroqda 6-bo‘lim bor. U yerda ham 2 qavatli bog‘cha mavjud. Lekin bog‘chani 15 oilaga uy qilib berishgan. To‘g‘ri, vaqtinchalik deb berishgan. Lekin u joyda yashayotgan oilalar iloji yo‘qligidan, qo‘li kaltaligidan bog‘chada yashashyapti. Farzandlarimiz yoshiga to‘lmagunicha maktabga olinmaydi. Biz qayerga beramiz bolalarimizni?», deydi u.

Bog‘chani ko‘zdan kechirdik. 70 sotix maydondagi bog‘cha 3ta binodan iborat bo‘lgan. Ushbu bog‘chani sotib olgan fermer opaning so‘zlariga ko‘ra, «sovxoz»lar tugatilishi bilan 2007-yillarda bor-budini sotib ushbu bog‘chani sotib olgan ekan.

Shundan so‘ng qator mavhum savollarimiz bilan hokimiyat tomon otlandik. Uzoq kutishlardan so‘ng ham, savollarga javob bera oladigan shaxs hokimiyatdan topilmadi. Nihoyat tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘affor Shodmonov bilan uchrashdik va undan vaziyat bo‘yicha izoh so‘radik.

G‘affor Shodmonov

«Bu bog‘cha sovxozlar tarqatilganda tarqatish komissiyasi tomonidan fermer Karima opaga tadbirkorlik qilish uchun berilgan noturar joy hisoblanadi. Opa bu bog‘chani tadbirkorlik qilish maqsadida olgan. Lekin haligacha yo ishlab chiqarish yo tadbirkorlikni boshlaganicha yo‘q. Biz 3ta binodan bittasida bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha taklif berganmiz. Ammo haligacha tashkil qilganicha yo‘q. Yoki shu bog‘chani yoki boshqa bog‘cha ochish masalasini ko‘rib chiqamiz», dedi hokim o‘rinbosari.

Vaziyat baribir mavhumligicha qolmoqda. Yangi bog‘cha qurish imkoniyati bo‘lmasa eskisi nima uchun tugatilgan? Bog‘cha nima uchun sotib yuborilgan-u, o‘rniga boshqa bog‘cha tashkil etilmagan? Biz bog‘chani noturar joy qilib olgan, lekin ushbu joyda yashab kelayotgan fermerning tinchini buzish niyatidan yiroqmiz. Aholining esa e'tirozi o‘rinli. Kun bo‘yi oilaviy dalada ishlaydigan ota-onalarning farzandlari qarovsiz qolmoqda. Ota-onalarning qo‘li mehnatda-yu, lekin butun xayoli farzandlari tinchligida. Halovat yo‘q bo‘lgach, ishning unumi ham bo‘lmaydi.

Bugun yosh avlodga befarq bo‘lib, kelajakka xiyonat qilmaylik. Mas'ul rahbarlarning e'tiborini qishloqlarda bog‘chalarning ahvoliga, xususan Quyi Chirchiq tumanidagi ushbu mahallalardagi vaziyatga qaratmoqchimiz.

Tegishli vazirlik va idoralar tez orada bu muammoning yechimini ijobiy hal qilishiga umid bildiramiz.

Kun.uz ushbu holatni kuzatishda davom etadi.

Muxbir Rahmatillo Isroilov
Operator Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid