O‘zbekiston | 22:30 / 08.06.2019
47801
17 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Chernobil voqeasi takrorlanishi mumkinmi? «O‘zatom» bu savolga javob berdi 

Yaqinda Chernobil voqealariga oid serial namoyishidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda atom energetikasi xavfsizligi, O‘zbekistondagi ehtiyoj va qurilish jarayonlariga oid turli fikr mulohazalar bildirila boshlandi, deb yozadi O‘zA. 

“Nima sababdan bizda atom energiyasi barpo etilyapti?”, “Nega aynan rossiyalik hamkorlar bilan?”, “Xarajat katta va undan qanday iqtisodiy naf ko‘rishimiz mumkin?”, kabi savollar ilgari surildi. “O‘zatom” agentligi bu kabi xavotirlarga o‘rin yo‘qligini ta'kidlamoqda.  

Quyida agentlik matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan maqola bilan tanishish davomida siz ham bu savollarga javob topishingiz mumkin. 

Biz o‘zimizni elektr energiyasi bilan ta'minlashda davom etamizmi yoxud tinch atom masalasi xususida

Atom stansiyalari elektr energiyasi ishlab chiqaradi, bunga bo‘lgan zaruratni esa har bir kishi o‘zining misolida tushunishi mumkin. Biroq atom stansiyalari haqidagi tez-tez bo‘lib turadigan bahslarda negadir ularning haqiqiy ahamiyati emas, balki ular tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavf muhokamalarning asosiy mavzusiga aylanadi. Keling, mavzuga dalillarga tayanib, mulohaza yuritaylik.

Bugun kinotasmaga ko‘chgan Chernobil voqealari mavzusi suratga olish guruhlariga daromad keltirishda davom etyapti. Bu haqda gapirish ham anchagina foydali - u aqlni junbushga keltiradi, ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar va bahslarni oziqlantiradi, bu esa keyingi “Chernobil seriali“ni eshitishga odamlarda talab borligini anglatadi. Bugungi kunda buyurtmaga ega bo‘lish uchun esa hamma narsa muhim sanaladi.  

Lekin maqsadlari o‘z manfaatlariga erishish bo‘lgan “serialchilar” uchun elektr energiyasi suv va havodek zarur. Atom elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanishning yagona maqsadi esa - elektr quvvati ishlab chiqarish. 

Biroq, nafaqat bugun, balki ertaga, tabiiyki undan keyin ham elektr quvvati bo‘lishi uchun barcha choralar hozirdanoq ko‘rilishi kerak. 

Nega Ukraina, Belarus va Yaponiya atom energiyasidan voz kechmagan? 

Keling, dalillarga o‘taylik. Bir necha o‘n yillar ilgari ro‘y bergan Chernobil voqealari ikki mamlakat - Ukraina va Belarusga hammadan ko‘proq ta'sir qilgani barchaga ayon. Nisbatan yaqinda yuz bergan Fukusima voqealaridan esa Yaponiya jabr ko‘rdi. “Odamda vahima uyg‘otadigan hikoyalar” bois ushbu davlatlar atom energiyasidan foydalanishni birinchi bo‘lib to‘xtatishlari kerak edi. Dalillar esa buning aksini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Ukrainada ishlab chiqarilayotgan elektr quvvatining 55 foizi atom elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni yarmidan ko‘prog‘i! Bu esa iqtisodiyotning va inson hayotida muhim o‘rin tutuvchi kompyuterlar, gadjetlar hamda boshqa narsalarning harakati demakdir. Bugungi kunda ko‘pchilikning ishi bevosita kompyuterlarga bog‘liq bo‘lib qolgan. Demak, elektr yo‘q - hech qanday ish, daromad va boshqa eng zarur narsalar yo‘q deganidir.

Boz ustiga, Belarus yangi atom elektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda va bu borada amaliy qadamlar tashlanishi kutilyapti. Yaponiyaga kelsak, ushbu yuqori texnologiyali mamlakat o‘z AES texnologiyalariga doimiy ravishda innovatsiya kiritadi, shu maqsadda rejali tarzda ular to‘xtatiladi va yangi litsenziya bilan tasdiqlangan navbatdagi innovatsiyalardan so‘ng ular faoliyatini qaytadan boshlaydi. Keyin yangi ishga tushirish jarayoni boshlanadi. 

Ushbu mamlakatda navbatdagi AESlar faoliyatini to‘xtatish jarayoni aynan yapon innovatsiyalari bilan bog‘liqdir. Mavjud atom stansiyalari faoliyatini davom ettirish hamda doimiy ravishda yangi texnologiyalar qo‘llanilishi jihatidan ushbu tajribani o‘rganish muhimdir. Qayd etish kerakki, “O‘zatom” agentligi faoliyatini boshlagan birinchi haftalardanoq uning mutaxassislari amaliy tashrif bilan Ukraina, Belarus va Yaponiya davlatlarida bo‘lib, bu mamlakatlarning tinch atomdan foydalanish bo‘yicha tajribalarini o‘rganganlari tasodif emas. Safarlar davomida tomonlar O‘zbekistonda quriladigan birinchi atom elektr stansiyasi bo‘yicha tajriba almashish hamda faol hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishdilar. 

Bizda yangi avlod atom reaktorlaridan foydalaniladi 

Atom energiyasi sohasida tajribaga ega bo‘lgan mamlakatlar uchun bizning tajribamiz ham muhimdir. Negaki, ular foydalanayotgan AESlar avvalgi avlod reaktorlarida ishlayotgan bo‘lsa, quvvati 1200 MVt bo‘lgan O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi VVER reaktorlaridan foydalaniladigan energiya bazasida Rossiya dizayni asosida barpo etiladi. U bugungi kundagi eng ilg‘or energiya blokidir! Bu “3+“ avlodiga mansub bo‘lib, MAGATE (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik)ning xavfsizlik sohasidagi talablariga to‘la mos keladi. Mazkur bloklar xavfsizligi ekstremal sharoitlar yuz berganda ham kafolatlangan. Hatto AESga havo layneri kelib urilganda ham uning bloklari zarbaga dosh beradi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda Rossiya texnologiyasi yordamida atom stansiyalari Finlyandiya, Vengriya, Turkiya va Misrda qurilmoqda. Yangi bloklarni qurish masalasi bugungi kunda Chexiya Respublikasi, Bolgariya tomonidan ham ko‘rib chiqilyapti.

Shunday qilib, biror narsa haqida gapirishdan avval, mavzu bo‘yicha hech bo‘lmasa internet orqali tushunchaga ega bo‘lish lozim. Shundan so‘ng esa atom energetikasi jadal rivojlanayotgani, jumladan, quruq vahimali gaplar uchun Ukraina, Belarus va Yaponiyadagi AESlar yopib yuborilmasligini anglab yetiladi.

Energiyaga bo‘lgan ehtiyoj hajmi shu qadar ko‘pki, uni faqat AES berishi mumkin!

Ekspertlar hozirgi paytda AESlarni foydalanishdan chiqarilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida sezilarli qisqarishlarga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirmoqdalar. Bu yo‘qotish o‘rnini na shamol, na quyosh qurilmalari, na tobora bahosi ko‘tarilayotgan gaz bosa oladi. Ertaga biz uylarimizdagi yorug‘lik, dazmollar va kir yuvish mashinalaridan foydalanganimiz uchun bir necha barobar ortiq haq to‘lamasligimiz, elektr quvvatining narxi oshishi sababli mahsulotlar qimmatlashib ketmasligi uchun tinch atomdan foydalanishni kengaytirish kerak. Agar haqiqiy vaziyat bilan shug‘ullanmasdan, “dahshatli hikoyalar“ni muhokama qilish bilan ovora bo‘lib qolsak, u holda vaqtni boy beramiz.

Atom energiyasiga sarflangan 1 yevro 5 yevro bo‘lib qaytadi

Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida atom energetikasi umumiy elektr ishlab chiqarishning chorak qismini (150 GVt o‘rnatilgan quvvat) ta'minlamoqda. Ko‘plab mamlakatlar YeI erishgan iqtisodiy rivojlanish darajasiga intilayotgani ham sir emas. “Deloitte” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, atom sanoati Yevropa Ittifoqining faqatgina bugungi iqtisodiyotiga kuchli ta'sir ko‘rsatayotgani yo‘q. YeI kelgusi o‘ttiz yil davomida ushbu vaziyatni saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadga esa yangi atom elektr stansiyalarini qurish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish orqali erishiladi. Qolaversa, bu ishlarni hozirdanoq boshlash lozim, aks holda atom energiyasi hissasining pasayishi boshlanadi. Va bu nafaqat YeIning energiya xavfsizligi, balki narxlar va bandlik darajasining pasayishi uchun ham tahdiddir. Yevropa Ittifoqi uchun so‘nggi omil ham muhim ahamiyatga ega. YeI mamlakatlarida yuqori darajadagi turmush sharoiti odamlardan yuqori daromad talab qiladi. To‘kin hayotda yashash uchun shunga yarasha to‘lash kerak. Atom sanoati bandlik sohasiga ham yaxshigina ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. “Deloitte” tadqiqotida qayd etilganidek, Yevropa atom sanoati YeI mamlakatlarida jami 1 million 100 mingdan ziyod ish o‘rni yaratib, YeI yalpi ichki mahsulotiga 500 milliard yevrodan ziyod mablag‘ bilan hissa qo‘shmoqda.

Bundan tashqari, atom sanoati sohasidagi har bir ish o‘rni YeI iqtisodiyotida 3,2 ish o‘rni yaratadi. Elektr quvvati - bu butun iqtisodiyotning dvigatelidir, shu boisdan atom sanoati uchun sarflangan har bir yevro, yakunda Yevropa Ittifoqi davlatlari yalpi ichki mahsulotiga 5 yevro bo‘lib qaytyapti.

Tadqiqotga ko‘ra, atom stansiyalarining har bir gigavatt o‘rnatilgan quvvati ham atom sanoati, ham iqtisodiyotning tegishli sohalariga yiliga 10 mln. yevro miqdorida investitsiya jalb etadi, 10 mingga yaqin kishini ish bilan ta'minlaydi.

Uglerodsiz energetika tarmog‘i yaratiladi

Yevropa Ittifoqi atom stansiyalarining energetika sohasiga qo‘shayotgan hissasini saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Chunki Yevropa Ittifoqi 2050 yilgacha uglerodsiz energetika tarmog‘ini yaratishga harakat qilyapti. Ma'lumki, u faqat atom energiyasi hamda QTE (qayta tiklanadigan energiya) manbalari hisobidan ta'minlanadi. Aslida qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga butun dunyoda katta e'tibor qaratilmoqda, ammo ular hali atom energiyasining quvvatini berish imkoniga ega emas.

Shu boisdan, kelajakda YeI davlatlari qazilma yoqilg‘ilaridan foydalanishdan voz kechishlariga qaramay, tahlilchilar ko‘mir sanoati xodimlarini atom sohasida ishlashlarini ta'minlash uchun qayta tayyorlash tizimini tashkil etishni taklif qilmoqdalar. Ya'ni odamlarni ish bilan ta'minlash. Bu esa, taxminlarga ko‘ra 3 yil davomida tinch atom sanoatida uch millionga yaqin ish o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi. Tahlilchilar elektr energiyasi iste'moli oshib borishi sababli sayyoramizda issiqxona gazlari miqdori ortib ketishi mumkinligidan ogohlantirmoqdalar. Ana shunday sharoitda G‘arb davlatlari 2050 yilgacha uglerodsiz energiyaga o‘tishga qaror qilgan va bu bilan atrof-muhitni muhofaza qilish uchun muhim qadam qo‘ygan.

Xalqaro energetika agentligi (XEA) tadqiqotida ta'kidlanishicha, kelgusi yillarda ko‘plab AESlar o‘z resurslarini tamomlab, rejalashtirilgan yopilish jarayoniga o‘tishi mumkin. Biroq bu bilan elektr energiyasini iste'mol qilish kamaymaydi, aksincha uning iste'moli aynan o‘sha rivojlangan davlatlarda ortadi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari, yuqorida ta'kidlanganidek, bu bo‘shliqni to‘ldirishga qodir emas, ya'ni qazilma yoqilg‘ilarida ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarni keng ko‘lamda ishga tushirish boshlanadi. Bu esa atmosferaga uglevodorod chiqitlari ajratilishi ko‘lamining ortishi iqlim o‘zgarishining yangi davri boshlanishi demakdir. Bundan tashqari, atom energetikasining hissasini qisqartirish mumkinligi bilan bog‘liq holda, XEA rivojlangan mamlakatlarda elektr narxlarining ko‘tarilib ketishi mumkinligidan ogohlantiryapti.

Aholiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan ushbu holatlarni bartaraf etish uchun Xalqaro energetika agentligi rivojlangan mamlakatlar hukumatlarini uzoq yillar faoliyat ko‘rsatadigan AESlarni saqlab qolish yo‘llarini qidirishga va bu boradagi sa'y-harakatlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslikka chaqiryapti. Bugungi kunda AQSh va YeIdagi ko‘pgina reaktorlar foydalanish muddatining oxirgi yillariga yaqinlashmoqda va agar ular xizmatidan voz kechishga ruxsat berilsa, bu mamlakatlarda keyingi 20 yil ichida elektr energiyasini ishlab chiqarishda atom energiyasining ulushi pasayadi.

Rivojlangan mamlakatlarda atom energiyasining pasayishi bu iqlim o‘zgarishi va narxning oshishi demakdir.

Xalqaro atom energiyasi agentligi ijrochi direktori Fotih Birolning ta'kidlashicha, “Atom stansiyalarining xizmat muddatini uzaytirish nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali yechim, balki iqlim o‘zgarishi borasidagi manfaatlarimizga ham mos tushadi. Chunki ushbu masalalar bugungi kunning eng dolzarb siyosiy vazifalari hisoblanadi“.

Mazkur masala nafaqat rivojlangan, balki barcha mamlakatlar uchun ham dolzarb ekanligi o‘z-o‘zidan ayon. O‘zbekiston o‘z oldiga katta maqsad va katta vazifalarni belgilab olgan. Iqtisodiyot va odamlarning turmush darajasining oshishi bilan o‘zaro bog‘liq tushunchalar mavjud. Birinchi atom stansiyasini qurish to‘g‘risidagi qaror bu maqsadlarga erishishni ta'minlash borasidagi muhim qadamdir. Elektrsiz, uning ta'minoti va narxida barqarorlikka erishmay turib, sanoatni rivojlantirish, turmush sifatini yaxshilash mumkin emas.

Mamlakat uchun bu muhim qaror har tomonlama puxta o‘ylangan edi. Yangi avlod atom elektr stansiyalarini qurish uchun eng ilg‘or texnologiyalar tanlangan. Atom energiyasi sohasida xavfsizlikni ta'minlashda eng ilg‘or pozitsiyaga, ushbu yo‘nalishda katta xalqaro tajriba ega bo‘lgan MAGATE bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan va uning tajribalari o‘rganilyapti. Tashkilotning Toshkentda bo‘lib o‘tgan seminarida Agentlikning Yadro uskunalari xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Greg Jyentkovski ta'kidlaganidek, yangi AESlarni qurishning asosiy zamonaviy mezonlari ularning atrof-muhitga ta'siri, ya'ni ekologik qadriyatlar, shuningdek, loyiha xavfsizligi masalalari bo‘lib, bu omillar sohani rivojlantirishga ham ishonchli hissa qo‘shadi.

“O‘zbekiston iqlimining o‘ziga xos jihatlari masalasiga kelsak, men shuni aytmoqchi edimki, jahon amaliyotida shunga o‘xshash iqlimga ega bo‘lgan mamlakatlarda reaktorlarni joylashtirish misollari mavjud“, - deya ta'kidlagan MAGATE mutaxassisi.

Har bir bosqich MAGATE bilan muvofiqlashtiriladi

O‘zbekiston MAGATE bilan bo‘lajak atom elektr stansiyasi qurishning har bir bosqichini ishlab chiqmoqda va muvofiqlashtirmoqda. 2020 yilda mamlakatimizga MAGATEning birinchi missiyasi tashrif buyuradi va bu tinch atomni rivojlantirishda O‘zbekistonning sa'y-harakatlarini baholash yo‘lidagi jiddiy qadam bo‘ladi.

Ayniqsa, MAGATEning xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalari muhimdir. Atom elektr stansiyasining xavfsizligi O‘zbekiston tomonidan ta'minlanadi. Bu O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hamkorlikda atom stansiyasi qurish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimda aniq belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda atom energiyasi sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashga katta e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda “O‘zatom” agentligi mutaxassislari uchun MAGATEda, shu jumladan, AQSh va boshqa mamlakatlarda amaliyotlar tashkil etildi. Dunyoning turli mamlakatlari tajribasi faol o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari, tinch atom sohasini rivojlantirish uchun dunyodagi yetakchi injiniring kompaniyalardan biri bo‘lgan “Vorley” kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tuzishga kelishildi.

 O‘zbekiston, shubhasiz, energetikani rivojlantirishga, qayta tiklanadigan energetika va uning istiqboliga katta e'tibor qaratmoqda. Ammo amalda ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunda mamlakatimiz energiya xavfsizligini to‘liq ta'minlash vazifasini AESlar kuchiga tayanmasdan ta'minlashning iloji yo‘q.

 Xulosa o‘rnida

 Jahon atom energetikasini rivojlantirish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, har bir mamlakatda tinch atomni faol rivojlanishi bilan bir qatorda atom stansiyasini barpo etish, energetik xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish rejalari hamda xalq farovonligini ta'minlash bilan bog‘liq ishlarni muvaffaqiyatli hal etilishi namoyon bo‘lmoqda. Fan va ta'limning o‘sishi davom etmoqda va bu omil bugungi kunda juda muhimdir. Bu mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga, o‘z navbatida bugungi kunda barchamiz qurishga harakat qilayotgan farovon hayotning muhim omili bo‘ladi.

Mavzuga oid