Jamiyat | 09:20 / 11.06.2019
15206
5 daqiqa o‘qiladi

Kosondagi «Bo‘lmas»da nega oilaviy poliklinika bo‘lmaydi? Aholi tibbiyot maskani filialga aylantirilganidan norozi

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi «Yuksalish» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda aholi mahallaning Bo‘lmas qishlog‘idagi tibbiyot maskani faoliyatidan noroziligini, mutasaddilar tomonidan muammolari ijobiy hal etilmayotganini bayon etgan.

Mazkur masalani joyida o‘rganish maqsadida ushbu mahallada bo‘ldik. Aholi e'tirozlarini tinglab, ular aynan nimadan noroziligi va masala mohiyatiga oydinlik kiritdik.

Ma'lum bo‘lishicha, bir necha yillardan buyon Bo‘lmas qishlog‘idagi tibbiyot maskani aholiga ko‘p tarmoqli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan. 2017 yilda ushbu tibbiyot muassasi o‘rnida «Bo‘lmas» qishloq oilaviy poliklinikasi filiali tashkil etilgan. Aynan shu aholining noroziligiga sabab bo‘lgan.

«Avval bu tibbiyot muassasasi juda gavjum edi. Bemorlar yotib davolanishardi. Hozir bu katta binoda faqat filial faoliyat olib bormoqda. To‘laqonli tibbiy muolaja olishning imkoni yo‘q. Shuning uchun filial emas, balki oilaviy poliklinika bo‘lishini xohlaymiz», – deydi mahalla faollari biz bilan suhbatda.

Mazkur masala yuzasidan Koson tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Narbayev bilan suhbatlashdik.

Uning ma'lumot berishicha, qishloqdagi tibbiyot muassasasi 2013 yilda Bo‘lmas qishloq uchastka shifoxonasi tugatilgandan keyin Guvalak qishloq vrachlik punkti Bo‘lmas bo‘limi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Prezidentning 2017 yil 29 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida 1-sonli «Bo‘lmas» qishloq oilaviy poliklinikasi filiali tashkil etilgan. Ushbu tibbiyot muassasi tumanniing «Yuksalish», «Ayronchi», «Etak» va «Ushoqtepa» mahallalarining 25 ming 977 nafar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Murojaatchilarning ta'kidlashicha, bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, viloyati hokimi va deputatlar kelib bir necha marta o‘rganish olib borgan, mutasaddilar tomonida har gal va'dalar berilgan bo‘lsa-da, bu muammo ijobiy hal etilmayapti.

Yigirma besh mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatayotgan 1-sonli «Bo‘lmas» qishloq oilaviy poliklinikasi filiali binosi, unda yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdik.

Bino ichi huvillab qolgan. Avvallari bemorlar yotib davolangan xonalar (palatalar) bo‘sh va qarovsiz ahvolda. Muassasada zamonaviy tibbiy jihozlar ko‘zga tashlanmaydi.

Achinarlisi, bunday binoni birorta qishloqda qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Bo‘lmas qishlog‘idagi tayyor bino esa unumli foydalanilmay, xonalari qarovsiz qolgan.

Aholi esa bu tibbiyot muassasasi yana avvalgidek to‘laqonli faoliyat yuritishini va filial emas, balki oilaviy poliklinika sifatida tashkil etilishini istamoqda.

O‘rganish davomida shifokor D.Hayitboyev ham masala yuzasidan fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Uch yil avval tibbiyot akademiyasini tugatib qishlog‘imga qaytib kelganman. Poytaxtda qolish niyatim ham bor edi. Ammo shu yerda aholiga nafim tegsin, deb qaytganman. Ammo bu yerda tibbiyot rivojlanish o‘rniga orqaga ketmoqda. Shu yerda ko‘p tarmoqli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan maskan bugun filialga aylantirilib, shu ahvolga keldi. Axir, sohadagi islohot xalq manfaatiga xizmat qilishi zarur. Bu yerda esa teskarisi bo‘ldi. Aholi ham bundan norozi, shifokor sifatida men ham», – deydi Hayitboyev.

Aholi bu masalada turli tashkilotlarga murojaat qilgani haqida yuqorida ta'kidlab o‘tdik. Mahalla faollarining bildirishicha, ularning iltimoslari rad etilmagan, ammo ijobiy ham hal etilmagan.

Aholi esa hamon bu filial o‘rnida qaytadan oilaviy poliklinika tashkil etilishidan umidvor.

Tegishli vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari aholining ushbu iltimosi yuzasidan zarur choralar ko‘rishi maqsadga muvofiq.

Kun.uz bu masala yuzasidan voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri. 

Mavzuga oid