O‘zbekiston | 16:00 / 12.06.2019
64724
13 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov – maktabga pulli qabul bo‘yicha yangi tartib va korrupsiya haqida

O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida talab yuqori bo‘lgan poytaxt maktablarida yangi o‘quv yilidan bolalarni 1-sinfga qabul qilishning yangi tizimi joriy etilishi munosabati bilan izoh berdi. U rus tilli auditoriyaning manfaatlarini hisobga olgan holda postini rus tilida yozgan.

Avval ma'lum qilinganidek, Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida 2019/2020 yilgi o‘quv yilida Toshkentdagi 81ta maktabga qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Kelgusida bunday tartib butun respublika bo‘yicha tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Bu tartibga ko‘ra, maktablarga qabul kvotasi asosiy va qo‘shimcha kvota turlariga ajratiladi — asosiy kvota va pulli kvota.

Qo‘shimcha kvota — umumta'lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta'lim muassasalarida ta'lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratiladi. Qo‘shimcha kvota uchun eng kam ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik to‘lov puli to‘lanadi, ya'ni ota-ona farzandini o‘z mikrohududidagi emas, boshqa yerda joylashgan maktabda o‘qishini istasa, ana shu miqdordagi pulni to‘laydi. Qo‘shimcha kvotalarni olish kuzatuv kengashlari tomonidan muhokamaga kiritiladi. Har bir sinfda bolalar soni 35 nafardan oshmasligi lozim.

Quyida vazirning posti to‘liqligicha keltiriladi.

«Keling, shov-shuv ko‘tarish o‘rniga bolani maktabga joylash bilan bog‘liq vaziyat qandayligini ko‘rib chiqamiz. Har yili turli «muhim va ta'siri katta» tashkilotlarda ishlaydigan shaxslardan farzandlarini Toshkent shahridagi «nufuzli maktablar»ga joylash to‘g‘risida «qattiq iltimos»lar bo‘lib turadi. Ana shunday maktablardan birining direktori aytishicha, o‘tgan yili «qo‘ng‘iroqchilar» (qiziq, o‘qituvchi va maktab direktorlari orasida shunday termin ham bor!) soni 100dan oshib ketgan!

Shu bilan birga, bolani bunday «nufuzli maktab»ga joylash uchun ota-onalar vositachilar va ta'lim tizimidagi ayrim nopok kimsalarga «hammaga ma'lum» miqdorda pul to‘lashgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘rovlardan ma'lum bo‘lishicha, bolasini maktabga joylash uchun aksariyat ota-onalar so‘ralgan pulni yoki qurilish materiali berishgan.

Eng yomoni, bu ishlardan maktab mikrohududida yashab turib farzandini o‘sha maktabga berolmaganlar jabr chekishgan. Va har doim bu ishda maktab direktorlari aybdor bo‘lib kelgan. Hattoki kimdir farzandini bepul, ammo «yuqoridan bosim» yoki boshqa «qo‘rqituvchi» yo‘llar bilan joylagan bo‘lsa ham, «masalani hal qilish» uchun go‘yoki pora olgan direktor aybdor bo‘lgan.

Masalan, quyidagi jadvalda Toshkentdagi eng talab yuqori bo‘lgan sakkizta maktab ko‘rsatilgan. Bu maktablarda o‘quvchilar soni maktab quvvatiga nisbatan ikki baravardan ham ko‘proq, ya'ni bu yerda hattoki ikki smenada ham me'yordagidek o‘quv jarayonini tashkillashtirib bo‘lmaydi. Bu maktablarda o‘tgan yili 70-90 foiz atrofidagi birinchi sinf o‘quvchilari boshqa mikrohududlardan qabul qilingani ayon, ularning aksariyati «qo‘ng‘iroqchilar».

Ya'ni shuncha bola turli tashkilotlardan bo‘lgan «qo‘ng‘iroqlar» orqali qabul qilingan. Endi bunday «telefon huquqi» bo‘lmaydi! Bu maktablarning direktorlari hech kimni o‘zlaricha maktabga qabul qila olmaydi, shu bois ularga murojaat qilish befoyda. (Bizga ham!) barcha hujjatlar Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi yagona darcha markazlari orqali qabul qilinadi.

Uzoqqa bormaylik, internetda «Toshkentdagi maktab direktori bolani birinchi sinfga qabul qilish uchun pora so‘radi» deb qidirib ko‘raylik. Qidiruv natijalarida taklif etilgan xabarlarga kirib ko‘ramiz va o‘quvchilarning izohlari bilan tanishamiz. Afsuski, bunday holatlar ko‘p bor sodir bo‘lgan.

Shu bois biz ta'kidladikki, «maktab direktorlari qonuniy ishlashlari va berilayotgan imkoniyatlardan foydalanishlari lozim. Poytaxtimiz maktablari qolganlar uchun o‘rnak bo‘lish kerakligi aytildi.

Shuningdek, talab yuqori bo‘lgan maktablarda bolalarni ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda korrupsiya belgilarini yo‘qotish uchun kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu maktablarga qabul qilish Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligining yagona darcha markazi orqali amalga oshiriladi. Bu orqali noqonuniy harakatlarni amalga oshirayotgan rahbarlar va ularning vositachilarining shaxsiy manfaatlari yo‘lidagi harakatlariga chek qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ota-onalar tomonidan talab yuqori bo‘lgan maktablarga tarmoq maktablari tashkil etish huquqi taqdim etiladi. Bu esa maktablarda joy yetishmasligi va korrupsiya omillarining kamayishiga yordam beradi».

Tayyorgarlik yil davomida olib borildi – jamoatchilikning shikoyat va murojaatlarini hamda ijtimoiy tarmoqlar va OAVdagi fikrlarni o‘rgandik, xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qildik, bolalarni maktabga qabul qilish tartibining turli variantlarini ishlab chiqdik, davlat xizmatlari agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ekspert va maktab direktorlari bilan muhokamalar o‘tkazdik.

Turli darajadagi muhokamalardan so‘ng va korrupsiya holatlarining oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, talab yuqori bo‘lgan maktablarga (Toshkent shahridagi 81ta maktab) qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Keling, mavjud vaziyatni yangi tartib bilan taqqoslab ko‘ramiz.

I. Mavjud holat: ota-onalar mikrohududdan tashqaridagi maktabga farzandini joylash uchun pora berishga yoki tanish-bilishlarini ishga solishga urinishadi, bu sinflarda o‘quvchilar soni oshib ketishiga olib keladi. Natijada, (1) mikrohududdagi bolalar bu maktablarga kira olmaydi, (2) sinflarda bolalar ko‘pligi bois ta'lim sifati pasayadi, (3) uzoq maktabga borib-kelish natijasida to‘lib ketgan sinflarda bolalarning salomatligi pasayadi. Bu korrupsiya va poraxo‘rlikka olib kelgan.

Ya'ni ota-onalar bunday maktablarga farzandlarini joylash uchun hattoki o‘sha hududda yashasa ham pul uzatishgan yoki tanish-bilish izlashgan.

Yangi tartib: hammasi davlat xizmatlari markazi orqali hal qilinadi va maktab direktorlari qabul jarayoniga aralashmaydi: 

1. mikrohududdagi 7 yoshli, ta'lim berish tili bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgan bolalar maktabga bepul va qo‘shimcha shartlarsiz qabul qilinadi.

Mikrohududdan tashqaridagilar farzandini joylashi uchun pora berishi yoki tanishlaridan «qo‘ng‘iroq» qilib qo‘yishlarini so‘rashlari shart emas.

Mazkur mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Bundan qanday foyda? Maktablarda o‘quvchilar soni mutanosib bo‘ladi, korrupsiya kamayadi, o‘qituvchilar ko‘proq rag‘batlantiriladi.

1. Ilgari «nufuzli maktab» mikrohududidagi bolalar bu maktabga kira olmasdi. Endi hamma bolalar o‘z mikrohududidagi maktabda bepul va hech qanday to‘siqlarsiz o‘qishlari mumkin.

2. Bu maktablarda bir sinfda hozirgi 45-50ta o‘ringa 35 nafargacha o‘quvchi bo‘ladi.

3. Direktor «alohida iltimoslar»ni bajarishdan qutuladi va barcha o‘quvchilar davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.

4. Muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan direktorlar «tarmoq maktablari» ochishdan manfaatdor bo‘ladilar, maktab nufuzi va ta'lim sifati oshadi.

II. Mavjud holat: 2. Bolalarni belgilangan 7 yosh o‘rniga 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilishadi. Natijada o‘qituvchi bunday bola bilan ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri keladi va butun sinfga kamroq e'tibor ajratishi sababli ular o‘quv dasturidan ortda qolishadi.

Ota-onalar 6 yoshli farzandini maktabga joylash uchun pul berishgan yoki tanishlarini ishga solishgan.

Yangi tartib: 2. Bola o‘zidan katta 7 yoshlilar bo‘lgan 1-sinfda majburan o‘tirish o‘rniga yana bir yil maktabgacha ta'lim muassasida yoki tayyorlov sinfida o‘qishi oson va qulay bo‘ladi. 

Agarda kimdir 7 yoshdan kichik farzandini maktabga joylashni shart deb bilsa, pora berishi yoki tanishlarini ishga solishi shart emas.

Maktab budjetiga tushadigan mablag‘ ana shunday bolalar bilan ko‘proq ishlaydigan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi. 

Bundan qanday foyda? Ota-onalar 7 yoshga to‘lmagan farzandlarini maktabga kamroq beradi.

III. Mavjud holat: ta'lim olib boriladigan tilni bilmaydigan o‘quvchilar bunday maktablarga ko‘nikishi qiyin bo‘lmoqda va o‘qituvchilarning ko‘proq kuch va e'tibori talab etilayotgani sababli boshqa o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ta'lim olib boriladigan tilni bilmaydigan farzandini bunday maktabga joylash uchun ota-onalar pul berishgan yoki tanish-bilishga murojaat qilishgan.

Yangi tartib: bola o‘z ona tilida ta'lim olishi oson va qulay, u darslarni oson o‘zlashtiradi, o‘z bilimiga ishonadigan bo‘lib yetishadi.

Bundan qanday foyda? Ota-onalarga farzandini ona tilida o‘qiydigan maktabga berish foydaliroq bo‘ladi, u darslarni asab buzishlarsiz o‘zlashtiradi. Zero ota-ona uchun farzand sog‘ligi va maktabda yaxshi bilim olishi muhim sanaladi.

Bu yil ota-onalar va poytaxtdagi 81ta maktabga qabul qilinadigan bolalarga qulay bo‘lishi uchun qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali shaffof tarzda tashkil etiladi. Yangi tizim keyingi yillarda barcha viloyatlarda joriy etiladi.

Bu esa bolalarni 1-sinfga joylash orqali «pul ishlamoqchi» bo‘lgan nopok shaxslarning urinishlari oldini oladi. Aksincha, ota-ona 7 yoshli farzandini o‘z mikrohududidagi maktabga joylamoqchi bo‘lsa va bolada o‘qitish tili borasida muammo bo‘lmasa, pul to‘lashning hojati yo‘q. U hattoki talab yuqori maktabga ham asosiy kvota bo‘yicha qabul qilinadi. Avvallari buning iloji bo‘lmagan (jadvalga qarang).

Umumta'lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, 1) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, 2) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), 3) umumta'lim muassasalarida ta'lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi. «Vositachi» va poraxo‘rlarga ish yo‘q!

Bunda, hech kim ota-onalarni pul to‘lashga majbur qilmaydi (Qo‘shimcha kvotani unutish mumkin). Ota-onalarda har doim tanlash imkoni bo‘ladi: bolani yashaydigan joyiga yaqin maktabga hech qanday muammo va to‘lovlarsiz joylash mumkin. Ta'lim sifati borasida direktorning mas'uliyatini oshirish uchun maktab kuzatuv kengashida faol qatnashish ham mumkin. 

P.S. Rostini aytsak, mavjud tizim ta'lim sohasidagi rahbar xodimlar uchun juda qulay edi, sababi turli tekshiruvchi va nazorat qiluvchi organlar va tashkilotlarning ularga «ishi tushib turar» va evaziga o‘z «xizmat»larini taklif qilishardi. Ularga qolsa, hammasi avvalgidek bo‘lsa... 

Mavzuga oid