Jahon | 19:30 / 12.06.2019
50979
6 daqiqa o‘qiladi

Sulton o‘rniga Jo‘mart. Qozog‘iston endi Toqayevnikimi?

Foto: Reuters

Bugun, 12 iyun kuni Qozog‘iston prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Qosim-Jo‘mart Toqayevning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. Saylovlarda 70,76 foiz ovoz to‘plagan Toqayev Qozog‘iston fuqarolariga «farovon hayotni va'da qilib» ont ichdi va rasman mamlakat prezidentiga aylandi.

Senat raisi bo‘lib ishlagan Toqeav mamlakatni 30 yilga yaqin vaqt mobaynida boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev shu yilning martida kutilmaganda iste'foga chiqishini e'lon qilgach, konstitutsiyaga ko‘ra, mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi.

Nazarboyevning ketishi mamlakatda ikki xil kayfiyat uyg‘otdi. Ko‘pchilik Elboshi Xavfsizlik kengashi rahbarligida qolgach, uning shunchaki sahna ortiga o‘tib boshqaruvni davom ettirishini taxmin qilgan bo‘lsa, kam sonli qozog‘istonliklar mamlakatda chinakam islohotlar boshlanishiga umid qilgandi. Ammo hukumatga yangi qon quyilishiga umid qilganlarning «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi». Ilk tashabbusi mamlakat poytaxtini Nursulton deb o‘zgartirishdan iborat bo‘lgan, ilk chiqishi Nazarboyevni maqtash bilan «bezatilgan» Toqayev baribir prezident bo‘ldi.

Saylov kampaniyasi vaqtidayoq Toqayevning prezident bo‘lish ehtimoli deyarli (aslida deyarli so‘zini rasmiyatchilik uchungina qo‘shdik) aniq edi. Saylov yaqinlashgan sayin bunga hech kim shubhalanmay ham qoldi. Saylovda yangi nomlar, yangicha qarashlar va teng kurash yo‘qligidan norozi bo‘lgan odamlar namoyishlarga chiqishdi. Namoyishchilar toqatlari toq bo‘lganini aytishdi. Prezidentlik saylovlari mamlakatdagi norozilik aksiyalari fonida o‘tkazilgani ramziy ma'no kasb etdi. Toqayev saylovlarda 70 foizdan ko‘proq ovoz oldi va bu aslida katta farq, lekin Nazarboyev uchun «eng omadsiz» kechgan 1999 yilgi saylovlarda ham saylovda qatnashganlarning 80 foizi unga ovoz berishgan.

Toqayev vaqtincha prezident bo‘lib turganida Qozog‘istonga borgan davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari Toqayevdan keyin albatta Nazarboyev bilan ham uchrashishdi. Masalan, Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Markaziy Osiyoga safari vaqtida O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda mehmon bo‘ldi. O‘zbekiston va Tojikistonda faqat mamlakat rahbarlari bilan uchrashgan Tusk Qozog‘istonda Toqayevdan tashqari Nazarboyev bilan ham uchrashdi. Bu esa Nazarboyev hamon hal qiluvchi qarorlarni qabul qilayotganini ko‘rsatdi. Ko‘ramiz, Toqayev rasman «taxtga o‘tirganidan so‘ng» nima bo‘larkin.

Toqayev tibbiy xizmat va kichik biznesni rivojlantirmoqchi ekanini aytdi. Bundan tashqari, u yana ko‘plab ijtimoiy islohotlar haqida gapirdi, lekin Toqayev prezident sifatidagi ilk vazifasi oppozitsion kayfiyatdagi xalqni tinchitishdan iborat bo‘ladi.

Foto: GETTY IMAGES

Bu esa uning rejalarini ortga surishi aniq. Qozog‘istonda ayni damda odamlarda norozilik kayfiyati har qachongidan yuqori.

Soya...

Birinchi prezident Nazarboyevning vakolatlari amalda saqlanib qolgan
Foto: GETTY IMAGES

Siyosatchi Arkadiy Dubnov Toqayev nega prezident bo‘ldi degan savolga qiziq javob berdi.

«Mamlakatda ijtimoiy muammolar yig‘ilib qoldi. Ularga kimnidir javobgar qilish kerak edi va Toqayev shu uchun keldi. Toqayev «ijtimoiy kamikadze» vazifasini bajarishi kerak. Bu esa Toqayevning shundog‘am baland bo‘lmagan reytingini tushiradi, xolos», deya Dubnovning so‘zlarini keltirmoqda VVS.

Ekspertning aytishicha, Toqayev bejizga ichki muammolarga e'tibor berishini bot-bot takrorlamayapti va bu tashqi siyosat Nazarboyevning nazoratida qolishini anglatadi.

Bundan tashqari, Darig‘a Nazarboyevaning Senat raisi bo‘lib qolishi ham ko‘p narsani anglatadi. Qisqasi, Toqayev prezident bo‘lganidan keyin ham Nazarboyevning soyasida qolishi va faqatgina «de-yuro» rahbarga aylanishi haqiqatga yaqin.

Xitoy va Rossiya bilan munosabatlar

Foto: MIKHAIL METZEL / GETTY IMAGES

Qozog‘istonning asosiy ikki hamkori Rossiya hamda Xitoy hisoblanadi. Bu mamlakatlar bilan aloqalar Qozog‘iston tashqi siyosatidagi asosiy omillardan hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatning Rossiya bilan aloqalar doim yaxshi bo‘lgan va Moskva xalqaro aloqalar institutini tamomlagan Toqayev vaqtida ham bu ikki davlat o‘rtasidagi iliq aloqalar saqlanib qolishi deyarli aniq.

2014 yilda Rossiya boshqa bir qo‘shni mamlakat Ukrainaning Qrim viloyatini bosib olgach, Qozog‘istonda Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat shakllana boshlagani bor gap. Chunki Rossiya Qozog‘iston bilan ham xuddi Ukraina bilan bo‘lgani kabi yaqin munosabatda va qozog‘istonliklar ajoyib kunlarning birida o‘zlarining ham birorta viloyati qo‘shni davlat hududiga o‘tib ketishidan xavfsiraganlari tabiiy. Shu bois, mamlakatda kirill alifbosidan voz kechish kabi harakatlar bo‘lib turgan ersa-da, Rossiya raketalari hamon Qozog‘iston sahrolaridan uchmoqda...

Xitoy bilan aloqalarda esa Qozog‘iston prezidentining ismi-familiyasi muhim emas. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlari doimgidek Xitoy belgilaydi va Toqayevning kelishi munosabatlar o‘zaniga ta'sir qilishi qiyin. Yuqorida ta'kidlanganidek, bu mamlakatlar bilan aloqalarda Qozog‘iston tomonidan hal qiluvchi qarorni katta ehtimol bilan Nazarboyev qabul qilishda davom etadi. Xalq tomonidan bo‘ladigan bosimga esa Toqayev dosh berishga majbur bo‘ladi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid