Jamiyat | 19:10 / 15.06.2019
8383
3 daqiqa o‘qiladi

MDXAIning Toshkent shahridagi filialiga hujjatlarni qabul qilish boshlandi

Foto: Dreamstime

15 iyundan Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MDXAI) Toshkent shahridagi filialiga bakalavriat va magistratura abituriyentlari hujjatlarini qabul qilish boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lumot berilishicha, abituriyentlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

- ariza;

- anketa;

- shaxsni tasdiqlovchi hujjat: asl nusxasi + 1-sahifaning notarial tasdiqlangan tarjimasi + 1-sahifa nusxasi;

- ta'lim to‘g‘risidagi hujjat hamda uning fanlar va yakuniy baholar ko‘rsatilgan ilovasi: asl nusxalari + notarial tasdiqlangan tarjimalar + nusxalari (agar attestat Rossiya namunasida bo‘lsa – asl nusxalari + notarial tasdiqlangan nusxalari + oddiy nusxalari);

- ta'lim to‘g‘risidagi chet el hujjatini MGIMOda tan olish to‘g‘risida nostrifikatsiya qilish uchun ariza (hujjatlarni topshirishdan oldin mamlakatingizdagi ta'lim to‘g‘risidagi hujjatga konsullik rasmiylashtiruvi yoki apostil kerak ekanligini tekshiring);

- tibbiy hujjatlar:

surunkali kasalliklar haqida ma'lumotnoma (086-U shakl),

OIV-infeksiyasining yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikat,

RW (sifilis) bo‘yicha tekshiruv natijalari,

gepatit B bo‘yicha tekshiruv natijalari,

emlash sanasi ko‘rsatilgan holda tibbiyot muassasasi muhri bilan tasdiqlangan emlashlar bo‘yicha tibbiy xulosa, rentgen-flyuorografiya tekshiruvi xulosasi;

- 3×4 o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.

15 iyundan 1 iyulga qadar “Biznes-informatika” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatga hamda 15 iyundan 20 iyulga qadar “Yurisprudensiya” va “Biznes-informatika” yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturaga hujjatlarni topshirish mumkin bo‘ladi.

Bakalavriat abituriyentlari rus tili, xorijiy til (ingliz, fransuz yoki nemis tili) va matematika fanidan kirish sinovlaridan o‘tishlari shart.

Magistraturaga topshiruvchilar uchun kirish sinovlari portfolio tanlovi (hujjatlar to‘plami) va motivatsion inshodan iborat.

2019/2020-o‘quv yilida to‘lov-shartnoma asosidagi har bir ta'lim yo‘nalishiga 25 tadan joy ajratilgan.

Ushbu universitet o‘z faoliyatini 2018 yil oktabr oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va MGIMO o‘rtasida imzolangan O‘zbekistonda MGIMO filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga va MGIMOning Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq olib boradi.

Mavzuga oid