Jamiyat | 15:30 / 16.06.2019
6847
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh universitetlari bilan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti olimlari tomonidan joriy yilda Jahon bankining 2 yilga mo‘ljallangan «Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish» mavzusidagi granti qo‘lga kiritilgan edi.

Mazkur grant doirasida AQSh universitetlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida, institutning bir guruh olimlari AQShning Missisipi shtati universiteti, Oklahoma shtati universiteti, Kaliforniya shtati Devis universiteti, Michigan shtati universiteti va Jorjiya texnologiya universitetiga tashrif buyurdi.

2019-2020 o‘quv yilida Qo‘shma Shtatlarning bir nechta universiteti bilan ikki tomonlama diplom berish magistratura mutaxassisliklari, ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib borish hamda talabalar almashinuvi bo‘yicha kelishuv bitimlari imzolandi.

Jumladan, Missisipi shtati universiteti bilan Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi (Precision Agriculture) va Qishloq xo‘jaligi biznesi (Agricultural Business) qo‘shma magistratura bo‘yicha hamkorlikda o‘quv me'yoriy hujjatlari hamkorlikda tayyorlandi va fakultet kengashi tomonidan ma'qullandi.

Qishloq xo‘jaligi va biologik muhandislar fakulteti dekani Dr. Jorj Hopper va fakultet kengashi a'zolari bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Missisipi shtati universiteti hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.  

Missisipi shtati universitetining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha prorektori Dr. Ruben Mur bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda olimlarning ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini hamkorlikda olib borish bo‘yicha muhokama qilindi.  

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining o‘quv ishlari prorektori Bahodir Mirzayev va Missisipi shtati universiteti prezidenti Judi Bonner tomonlarning uzoq yillarga mo‘ljallangan keng qamrovli istiqbolli hamkorlik ishlari bo‘yicha kelishuv bitimini imzolashdi.

 Kelishuv bitimi qo‘shma dastur asosida tayyorlanadigan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti magistrantlari AQShning Missisipi shtati fuqarolari kabi Missisipi shtati universitetining barcha imtiyozlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Oklahoma shtati universiteti bilan Xalqaro qishloq xo‘jaligi (International Agriculture), Aqlli qishloq xo‘jaligi (Smart Agriculture) qo‘shma magistratura bo‘yicha hamkorlikda kadrlar tayyorlash hamda Oklahoma shtati universiteti talabalari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bazasida amaliyotini o‘tkazishga kelishildi.

Kaliforniya shtati Devis universiteti bilan hamkorlikda Suv resurslarini boshqarish (Water Resource Management) qo‘shma magistratura va PhD doktorantura bo‘yicha ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash kelishuviga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab AQShning Michigan shtati universiteti bilan «Suv sifatini boshqarish» hamda «Smart datchiklar va texnologiyalar» ikki tomonlanma diplom berish magistratura mutaxassisligi ta'lim qo‘shma dasturi buyicha hamkorlikda kadrlarni tayyorlash yo‘lga quyilgan edi.

 

Mavzuga oid