Sport | 17:00 / 16.06.2019
8083
2 daqiqa o‘qiladi

Pogba: «O‘zimni yangi joyda sinab ko‘rish haqida o‘ylayapman»

«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Pol Pogba Tokiodo jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lib, boshqa klubga o‘tish haqida o‘ylayotganini ma'lum qildi.

«Hozir har xil gap-so‘zlar yuribdi. Uch yildan beri Manchesterdaman, ishlarim yaxshi ketyapti. Menda ham, hamma qatori, ham yaxshi, ham yomon damlar bo‘ldi.

Ortda qolgan mavsum unda ro‘y bergan voqealar bilan faoliyatimdagi eng yaxshisi bo‘ldi. O‘ylashimcha, hozir qandaydir boshqa bir joyda o‘zimga mashaqqat chorlovini qo‘yish vaqti kelgan.

Yangi joyda yangi sinovlar – hozir shu haqda o‘ylayapman», – degan Pogbaning so‘zlarini keltirdi The Guardian.

26 yoshli xavbekka uning sobiq klubi «Yuventus» va hamyurti Zinedin Zidan boshqaruvidagi «Real» asosiy da'vogar bo‘lib turibdi. Ammo «Yunayted» uning uchun 170 mln yevro narx belgilagani aytilmoqda. 

Ba'zi manbalarga ko‘ra, Pogba «Real» variantini tanlagan va «qizil iblislar» rahbariyatidan o‘zini Madridga transfer qilishlarini so‘ramoqchi. U rahbariyatdan rad javobini olgan taqdirda, klubning yangi mavsum tayyorgarligida qatnashmay, mavsumoldi yig‘inlarini boykot qilishga ham tayyor.

U, shuningdek, «qirollik klubi»ga o‘tgach, maoshi kamayishiga ham rozi.

Ma'lumot uchun, Pol o‘tgan mavsumda «MYu»ning 47ta o‘yinida maydonga tushib, 16+11 samaradorlik natijasini ko‘rsatdi. U Premer-ligada ortda qolgan mavsumning ramziy terma jamoasidan joy olgan.

Mavzuga oid