Sport | 11:20 / 16.06.2019
15558
2 daqiqa o‘qiladi

Tayson Fyuri raqibini ikki raundda mag‘lub etdi

Boks bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida WBO, IBF, WBA va IBO versiyalari bo‘yicha sobiq jahon chempioni, britaniyalik Tayson Fyuri germaniyalik Tom Shvarsga qarshi jangda g‘alaba qozondi. Jangning ikkinchi raundida texnik nokaut qayd etildi.

Nokdaun holatidan keyin Shvars o‘rnidan ko‘tarildi, ammo shundan keyin raqibning hujumlariga qarshilik ko‘rsata olmadi va referi jangni to‘xtatdi.

Jang Las-Vegasda (AQSh, Nevada shtati) o‘tkazildi. Fyuri faoliyatida 28-marta g‘alaba qozondi (20tasida nokaut bilan), u bir jangda durang qayd etgan. Shvars 25-jangida ilk marta mag‘lub bo‘ldi (16 nokaut).

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning noyabr oyida Tayson Fyuri 12 raundlik jangda Vladimir Klichkoni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lubiyatga uchratib, IBF, WBA va WBO chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgandi. Ma'lum muddatdan so‘ng, britaniyalik bokschi majburiy jang o‘tkazishdan bosh tortgani uchun IBF kamaridan mahrum etilgan edi.

Keyinroq doping namunasiga kokain moddasi topilganidan so‘ng, Fyuri bokschilik litsenziyasi va barcha chempionlik kamarlaridan mahrum etilgandi.

U oxirgi marta 2018 yilning dekabrida WBC kamari uchun amerikalik Deontey Uaylderga (40-0) qarshi ringga chiqib, hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub bo‘lgandi (u 9 va 12-raundlarda nokdaun holatiga tushgan).

Mavzuga oid