Jamiyat | 21:10 / 20.06.2019
16894
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: Sergeli-5 mavzesidagi yangi qurilgan uylarning yerto‘lasi suvga to‘lganidan xabarimiz yo‘q

Davlat dasturlari doirasida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylar sifatiga doir savollar paydo bo‘lsa, o‘sha hududdagi qurilish shtabiga murojaat qilish lozim. 20 iyun kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida shunday fikr bildirildi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. 

OAV vakillaridan biri, may oyidagi seryog‘in kunlardan birida Sergeli-5 mavzesida barpo qilinayotgan ko‘p qavatli yangi uylar yerto‘lasi suvga to‘lgani, devor suvoqlari yuvilib ketganini qanday izohlash mumkinligi, vazirlikning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan hamkorligi qay darajada ekani, uy egalariga jarimalar ajratilishi ehtimoli xususida qiziqdi. 

«Sergeli masalasida. 2017 yilda 6-mavzeda 102ta ko‘p qavatli uylar qurib, foydalanishga topshirildi. Inson yashamoqda, hech qanday savol yo‘q. 2018 yilda 120ta ko‘p qavatli uy, 4992ta xonadon qurildi. Barcha xonadonlar hujjat bilan topshirilgan. Sergelidagi yangi uylar qurilish maydonlaridagi ishlar mening nazoratimda. Siz aytayotgan kommunal xo‘jaligi bilan bog‘liq muammo qayerdadir ekspluatatsiya talablari buzilgani sababli paydo bo‘lgandir. Lekin yangi topshirilayotgan uylarning 99,9 foizida siz aytgan kamchilik mavjud emas», - dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov.

Bu masalada «O‘zshaharqurilishinvest» vakili ham izoh berar ekan, yerto‘laning suv to‘lishiga o‘xshash holatlardan xabari yo‘qligi, bu haqda murojaat ham kelib tushmaganini bildirar ekan, mabodo shunday noxushlik ro‘y bergan bo‘lsa, yog‘ingarchilik haddan ortiq davom etgani sababli paydo bo‘lgani ehtimolini rad etmadi. 

Vazirlik mutasaddisi Dilshod Jalolov jurnalist savoliga qo‘shimcha qilar ekan, mabodo yangi uylarda qurilish sifati bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lsa, shu yerdagi qurilish shtabiga kelib, murojaat qilish zarurligini ta'kidladi. 

«Bitgan uylarni quruvchilar tashlab ketdi, degan gap-so‘zlar bo‘lmasligi kerak. Ular navbatdagi uylarni qurmoqda. Agarda yangi uylarda kamchiligi bo‘lgan bo‘lsa, aholi o‘sha shtabga chiqib, bemalol murojaat qilishi mumkin edi. Sizlarda ham savol tug‘ilsa, shtabga borgan holda javob olsa bo‘ladi», - Dilshod Jalolov.

Kozim To‘laganovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda Sergelidagi ko‘p qavatli uylar qurilishida 9 ming kishi ishlamoqda. Bu yil ushbu hududda 200 km kabel yotqizilishi, 50ta podstansiya qurilishi, 20 km gaz quvuri tortilishi lozim. Bundan tashqari, 35ta gaz taqsimlash nuqtalari, 30 km aloqa yo‘llari barpo etilishi kerak. 

Mavzuga oid