O‘zbekiston | 11:55 / 21.06.2019
244975
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Otabek Murodov haqida: Men unga ishonch bildirgandim

Bugun, 21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisi vaqtida chiqish qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida gapirdi.

Prezident prokuraturaning sobiq rahbarlarini tanqid qildi.

Shavkat Mirziyoyev cobiq bosh prokurorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida gapirar ekan, rahbarlardan «100 ming, 50 ming dollar» miqdorida pullar olingani haqida aytib o‘tdi.

«Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman.

Men Murodovga ishonch bildirgandim.

Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da!

Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Otabek Murodov 2018 yilning yanvarida DXX rahbarligiga o‘tgan Ixtiyor Abdullayev o‘rniga Bosh prokuror bo‘lgandi. 2019 yilning 20 iyunida u lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev yangi bosh prokuror etib tayinlandi.

Qayd etish kerakki, bu so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘ldi. 2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagandi. Abdullayev 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagandi. Ayni vaqtda ikki sobiq bosh prokuror - Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayevga qarshi jinoiy ish ochilgan va ularning ikkisi ham tergovda.

Mavzuga oid