Jahon | 00:40 / 22.06.2019
52171
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Gruziyaga parvozlarni taqiqladi va u yerdan barcha rossiyaliklarni olib chiqishni buyurdi

Foto: AP/TACC

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8 iyuldan aviakompaniyalarga Rossiyadan Gruziyaga parvozlar amalga oshirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi.  

Putin hukumatga Gruziyada vaqtinchalik qolayotgan rossiyaliklarni qaytarishni ta'minlash topshirig‘ini bergan hamda turoperatorlarga parvozlar taqiqlanishi vaqtida Gruziyaga yo‘llanmalar sotmaslikni tavsiya qilgan.

20 iyunda Gruziyada Pravoslaviya parlamentlararo assambleyasi bosh sessiyasi ochilishi vaqtida Rossiya davlat dumasi deputati Sergey Gavrilov Gruziya parlamenti spikeri kursisiga o‘tirgani sababli tartibsizliklar yuz bergan. 

Gavrilovning ushbu ishi Gruziyaning “Umumiy milliy harakat” va “Yevropacha Gruziya” muxolif partiyalari deputatlarining noroziligiga sabab bo‘lgan va ular yig‘ilishni tark etishgan. 

Shundan keyin namoyishlar boshlanib ketib, Rossiya delegatsiyasidan Gruziyani tark etish talab qilingan. Namoyish ishtirokchilari, shuningdek, Gruziya parlamenti spikeri Irakliy Kobaxidze va ichki ishlar vaziri Georgiy Gaxariyaning iste'fosini talab qilishgan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Moskvani namoyishlarning tashkillashtirilishida ayblagan. Zurabishvili Rossiyani “dushman va bosqinchi” deb atagan. U Rossiya hukumatini Gruziyadagi vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdorlikda ayblagan.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bunday bayonotlarni noprofessional deb atab, Gruziya prezidenti ishning mohiyatini anglamay, atayin real vaziyatni buzib ko‘rsatayotganini ta'kidlab o‘tgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid