1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart (emas). IIV bu talabning kuchga kirish muddatini kechiktirmoqchi
O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi majburiy qilingandi. 24 iyun kuni 1 iyuldan bodi-kamerasi yo‘q YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi eslatib o‘tilgandi.
«YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma'lum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim», deyilgandi Adliya vazirligi ma'lumotida.
Lekin bu tartib, aftidan, 2019 yil 1 iyuldan kuchga kirmaydi.
Huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanalida yozishicha, 14 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan regulation.gov.uz portalga Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirilgan. Loyiha VMning 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutmoqda.
«Unga ko‘ra, mobil videokameraga oid talablar 2019 yil 1 iyuldan emas, balki 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirishini belgilashmoqchi.
Bu nima degani, bilasizmi? Bu Hukumat qarorlari qay darajada o‘yinchoq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. Kim nimani xohlasa, shuni qilyapti. Hozir xohlasa 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa 2030 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa butunlay bekor qilib yuborishadi», deya yozadi bloger.
Videolarni YPX xodimi ruxsati bilan joylash haqidagi o‘zgarish
Bundan tashqari, IIV o‘z loyihasida boshqa o‘zgarishlarni ham taklif etgan. Jumladan, haydovchilar o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma'lumotlarni internetga ruxsatsiz joylashtirmasligi haqida talab qo‘shilmoqda. Ya'ni, buning uchun o‘sha YPX xodimidan ruxsat olish kerak bo‘ladi.
«Bu nima uchun qilinyapti, YPX xodimlarining xatolari, qonunga xilof harakatlarini birovlar ko‘rmasligi uchunmi? YPX xodimi davlat idorasining vakili hisoblanadi va jamoatchilik nazorati nuqtai nazaridan uning harakatlari ommaviy e'lon qilinishi mumkin. Bu fuqarolarning axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy huquqi bilan chambarchas bog‘liq.
Xo‘p, o‘sha videoni Internetga o‘zimas, o‘rtog‘i joylashtirdi, unda nima bo‘ladi? Xo‘p, o‘sha videoni o‘zi joylashtirdi, unda-chi, unda nima bo‘ladi? Jarima solinadimi? Qaysi modda bilan? Bu savollarning birortasiga javob yo‘q.
Xullas, Ichki ishlar vazirligining bir-biridan ajoyib takliflari aks etgan loyiha 29 iyungacha muhokama qilinadi. Siz ham muhokamada qatnashing va fikrlaringizni qoldiring», — deb yozadi bloger.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga 2017 yilgi Murojaatnomasida yaqin vaqt ichida militsiya xodimlari yelkasiga bodi-kamera taqib ishlashini ma'lum qilgan edi.
Mavzuga oid
15:12 / 03.08.2021
Bu safar qizil «Malibu». YPX xodimi «yuqoridan telefon» tufayli qoidabuzar ayolni qo‘yib yubordi
14:13 / 02.08.2021
Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rilgani ma'lum qilindi
10:52 / 02.08.2021
Olmaliqda YPX xodimi «yuqoridan kelgan» buyruq bilan qoidabuzar haydovchini qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi
20:51 / 01.07.2021