O‘zbekiston | 17:30 / 25.06.2019
19284
4 daqiqa o‘qiladi

Muddat tugab bo‘ldi: 92 mingga yaqin ariza qachon hal etiladi?

Foto: Depositphotos

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha birgina Toshkent viloyatida 92 mingga yaqin ariza ko‘rib chiqilmagan. Bu haqida «Milliy tiklanish»  gazetasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha joriy yilning 1 may sanasiga qadar umumdavlat aksiyasi o‘tkazilishi Prezident Farmonida belgilangan. Farmon chiqqan 2018 yil 20 aprel sanasidan beri (ya'ni bir yildan ko‘proq muddatda) mazkur aksiya doirasida Toshkent viloyatida 49 ming 988ta ish ko‘rib chiqilgan. Aksiya doirasida arizalarni ko‘rib chiqish muddati tugaganidan beri ikki oyga yaqin vaqt o‘tgan. Lekin haligacha 91 ming 887ta ariza ko‘rib chiqilmagan. Bu shuncha nafar fuqaro mulkka nisbatan egalik huquqi belgilanishini kutib yurganini anglatadi.

«Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni mavjud. Mazkur farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyni ushbu obektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxs tasarrufiga qonuniy tarzda tegishli shartlar asosida berish belgilangan.

Farmonga asosan, ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish tuman va shahar hokimliklaridagi maxsus komissiya taqdimnomasiga ko‘ra o‘sha hudud hokimining qarori bilan amalga oshiriladi. Bunda fuqarolar eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig‘im to‘laydi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e'tirof etishda mulkdorga u qurgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilib, ortiqcha qismi Soliq kodeksining 121-moddasida nazarda tutilganidek jarimaga solinmasdan zaxiraga olib qo‘yiladi» , ─ deyiladi xabarda.

Davlat xizmatlari agentligining maxsus guruhlari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat egalariga shu uylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishi belgilangan.

«Milliy tiklanish»  nashrining ma'lum qilishicha, Toshkent viloyati bo‘yicha shu yilning 14 iyun holatiga ko‘ra Bekobod shahrida 57,8 foiz, Olmaliq shahrida 55,1 foiz, Oqqo‘rg‘on tumanida 52,9 foiz, Quyi Chirchiq tumanida 46,7 foiz, Qibray tumanida 45,1 foiz, Parkent tumanida 44,9 foiz, Angren shahrida 44,3 foiz arizalar bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish haqida tuman/shahar hokimlarining qarorlari chiqarilishi ta'minlangan. Qolgan hududlardagi ko‘rsatkichlar bundan ham past, 15-20 foiz atrofida. Ko‘rinib turibdiki, aksiya uchun belgilangan vaqt mobaynida murojaatlarning kam qismi qondirilgan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid