O‘zbekiston | 10:00 / 26.06.2019
18534
10 daqiqa o‘qiladi

Ishsiz fuqarolar paxta yig‘im-terimiga ixtiyoriy ravishda jalb qilinadi, Sirdaryoda 90ta dala markazlari tashkil etiladi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga  «Ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni paxta yig‘im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etish tizimini tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini joylashtirildi.

Loyihada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining Sirdaryo viloyatida paxta yig‘im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etiladigan mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolarni dala markazlariga joylashtirish bo‘yicha eksperimental loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflarni ma'qullash nazarda tutilgan.

«Dala markazlari mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolarga, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan Respublikaning turli hududlaridan munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish uchun Sirdaryo viloyatida paxtani yig‘ib-terib olish jarayoni bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etish uchun tashkil etiladi», — deyilgan hujjat loyihasida.

Hujjat loyihasiga Sirdaryo viloyati hududlarida ixtiyoriy ravishda paxta hosilini yig‘ib-terib olishda qatnashadigan ishsiz fuqarolar uchun dala markazlari dislokatsiyasi ilova qilingan.

a) yashash uchun sanitariya-gigiyena va maishiy sharoitlar:

har biri 40 kishilik yashash uchun mo‘ljallangan 10ta chodir, ikki qavatli yotoq o‘rni, ko‘rpa-to‘shaklar, choyshablar, ventilyatsiya tizimi, isitish anjomlari bilan jihozlanadi;

oshxona chodiri, 2ta ovqatlanish chodirlari va stol-stullar, ovqat pishirish uchun qozonlar, samovarlar, muzlatkich, ichimlik suvi uchun idishlar, oshxona va maxsus idish-tovoqlar, oziq-ovqat yetkazib berish uchun maxsus termos idishlari;

40ta yuvinish anjomlari o‘rnatilgan joy va 12ta issiq suv bilan ta'minlangan dush kabinalari, 12 o‘rinli hojatxona, 10ta chiqindi konteynerlari, doimiy ravishdagi suv ta'minoti;

dala markazi hududida malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘tkazish uchun tibbiy inventar va dori-darmonlar hamda preparatlar bilan jihozlangan tibbiy chodir;

videoproyektor, badiiy adabiyotlar, turli xil stol o‘yinlari bilan jihozlangan madaniy-dam olish chodirlari;

kunlik ehtiyojlar uchun zarur sanoat tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan chodirlar;

b) tashkiliy-ma'muriy boshqaruv:

zarur texnikalar (kompyuter, printer, nusxa ko‘chirish moslamasi va skaner) va statsionar mobil aloqa bilan jihozlangan axborot-resurs markazi;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari boshchiligidagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Moliya bo‘limi, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, tijorat banki filiali, o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) vakillaridan iborat kamida 8 kishilik Ishchi guruhi tuzish;

ko‘pi bilan 100 kishidan iborat paxta xomashyosini terish bo‘yicha otryadlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan nomzodlarni otryad rahbarligiga tayinlash, Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oyda belgilangan muddatlarda va miqdorlarda ish haqini to‘lash;

paxta yig‘im-terim jarayonida jalb qilinganlarning mehnat unumdorligini oshirish maqsadida har kuni dala maydonlarini aniqlash uchun uchuvchisiz havo vositalari (dronlar) yordamida mobil guruhlar (3-4 kishi) tuzish, otryadlarni dalaga kundalik borib-kelish logistikasini tashkil etish;

Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan kommunal-maishiy (elektrik, santexnik, duradgor) va bank-moliya xizmatlari (kassir va biriktirilgan bank xodimi) guruhini shakllantirish;

Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan sobiq harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash (2-4 kishi) guruhini tashkil etish;

paxta terimchilarining kundalik 3 mahal ovqatlanishini, shu jumladan dala maydoniga tushlik olib borish, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlariga autsorsing asosida oziq-ovqat va kundalik iste'mol tovarlarini chakana narxlarda sotishni tashkil etish.

Ilovalarda keltirilgan jihozlar miqdori, moliyaviy miqdorlar va kelib chiqish manbalari hamda Ishchi guruh a'zolari tasdiqlanadi:

  • dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan mol-mulk, mebel va jihozlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
  • dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy mablag‘larni shakllantirish hajmi va manbalari 3-ilovaga muvofiq;
  • dala markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish Ishchi guruhi 4-ilovaga muvofiq.

Mazkur qarorning 3-ilovasiga asosan tegishli idora va jamg‘armalar o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi huzurida ochilgan maxsus hisob-raqamiga belgilangan miqdordagi mablag‘larni o‘tkazish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan mol-mulklar, mebel va inventarlarni xarid qilishni amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlaridan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali o‘z hududida oziq-ovqat va chakana savdo mahsulotlarini xarid qilish tashkil etilishini autsorsingga berish huquqi beriladi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasining dala markazlarini qurish uchun ochilgan maxsus hisob-raqamiga kelib tushadigan mablag‘lar har qanday soliq turlaridan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

  • Sirdaryo viloyati hududida tashkil etiladigan dala markazlariga paxtani yig‘im-terim jarayonida respublikaning boshqa hududlaridan ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni ixtiyoriy ravishda jalb qilish ishlarini tashkillashtirish vazifasi yuklanadi;
  • dala markazlari faoliyatini moliyalashtirish va tashkil etish chora-tadbirlari muvofiqlashtirib boriladi va tezkor nazorati olib boriladiO‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi korxonalardan zaruriy texnik jihozlarni sotib olish yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatadi.
  • Sirdaryo viloyati hokimligi:
  • dala markazlarining, ayniqsa, ularni ma'muriy boshqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha samarali faoliyatini tashkillashtiradi;
  • mahalliy budjet hisobidan dala markazlari joylashtirilgan hududlarda muntazam ravishda maishiy chiqindilarni tozalash va ichimlik suvi bilan ta'minlash hamda yong‘in oldini olish ishlarini tashkil etadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda dala markazlarini tashqi yoritish, shu jumladan chodirlar, sanitariya va gigiyeniya punktlarini elektr ta'minoti bilan uzluksiz ta'minlash choralarini ko‘radi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda dala markazlarini mobil aloqa hamda internet xizmatlari bilan ta'minlash ishlari tegishli murojatga asosan o‘rnatilgan tartibda texnik imkoniyatdan kelib chiqqan holda ta'minlash choralarini ko‘radi;
  • paxta terimchilarining dala maydonlariga kunlik borib-kelishi uchun transport vositalari ajratadi va texnika xavfsizligiga etibor qaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi korxonalardan zaruriy texnik jihozlarni sotib olish yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Sirdaryo viloyati hokimligi:

  • 2019 yil 10 iyulga qadar tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida 90ta dala markazlari tashkil etilishi;
  • joriy yilning avgust oyida tashkil etilgan dala markazlarida viloyatlar va tumanlar hokimliklari, hududiy qishloq, suv xo‘jaligi boshqarmalari, bandlik va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik uchun mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolarni paxtani yig‘ib-terib olish jarayoniga uyushgan holda jalb etish tizimini joriy etish masalalari bo‘yicha seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish tashkil etilishi;
  • seminarlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2019 yil 1 sentyabrga qadar respublikaning boshqa hududlarida ham dala markazlarini tashkil qilish tajribasini joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritilishi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi paxta yig‘im-terim jarayoni yakunlangandan so‘ng Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasidan dala markazlarini tashkil etish uchun xarid qilingan dala chodirlarini viloyat hududida joylashgan harbiy qismlarda vaqtinchalik saqlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

  • bir oy muddatda dala markazlarida paxta terimchilari uchun ovqatlanish me'yorlarini tasdiqlaydi;
  • tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dala markazlari hududida malakali tibbiy xodimlarni jalb qilish, zarur inventarlar jihozlanishi va dori vositalari bilan ta'minlanish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan me'yorlarga muvofiq davlat zaxirasidan dala markazlari hududlaridagi oshxonalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi dala markazlari hududida madaniy-hordiq chiqarish tadbirlarini, jumladan videoproyektor, badiiy adabiyotlar, turli xil stol o‘yinlari bilan jihozlanishini hamda madaniy-ommaviy tadbirlar (konsertlar, madaniyat va san'at namoyandalari bilan uchrashuvlar va h.k) tashkil etadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid