O‘zbekiston | 17:40 / 26.06.2019
14217
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: «Toshkent shahri Bosh rejasi konsepsiyasi kechikayotgani shahar hokimligi muammosi»

Bugun, 26 iyun kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Shaharsozlik masalalari, so‘nggi yillarda shaharsozlik bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi» mavzusida qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov respublika hududida aholini joylashtirishning Bosh sxemasi ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalari, aholi punktlarining bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari ustida jiddiy ish olib borilayotgani ta'kidlandi.

Vazirlik mutasaddilari OAV savollariga javob berar ekan, shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik izlanishlar sohasida ilmiy-texnikaviy siyosat yuritilayotgani, resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyihalar qurilish faoliyatiga joriy etilayotgani haqida ma'lumot berdi.

Tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri Toshkent shahar Bosh rejasining konsepsiyasi nega qayta-qayta kechiktirilayotgani, belgilangan muddatlar ortga surilayotgani, bunga sabab bo‘layotgan omillarni so‘radi.

«Bosh reja konsepsiyasining kechikayotgani Toshkent shahar hokimligining muammosi. Lekin alohida aytish kerakki, poytaxt bosh rejasi jiddiy masala va uzoq vaqt talab qilishi aniq», — dedi vazir o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov.

Muloqot davomida shahar Bosh rejasi konsepsiyasi turk va ingliz kompaniyalari bilan hamkorlikda tayyorlanayotgani, ishlab chiqilgandan keyin mas'ul mutaxassislar jalb etilgan holda ko‘rib chiqilishi, shundan so‘ng tasdiqlanishi qayd etildi.

«Ushbu konsepsiya yaqin 1,5-2 oy ichida tayyor bo‘ladi», — dedi Shuhratxo‘ja Hoshimov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar bosh rejasining konsepsiyasi joriy yilning aprel oyida taqdim qilinishi bo‘yicha ham ma'lumotlar berilgan, keyinchalik bu muddat yana uzaytirilgandi.

Mavzuga oid