Jamiyat | 22:36 / 26.06.2019
13632
4 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: andijonlik ayol xalqimizning saxiyligidan minnatdor

Oilamiz, ro‘zg‘orimizdan oshinib kimgadir yordam qo‘lini cho‘zsak, yiqilish arafasida bo‘lganlarga o‘zlarini tiklashiga madad bo‘lsak, quvonamiz, qalbimiz orom oladi.  

Bahorning so‘nggi oyida andijonlik bemor ayol Ma'mura Yuldosheva haqida yozgan edik. Ma'mura opa haqida tayyorlagan xayriya maqolamizdan so‘ng, ko‘plab insonlar bu ayolga yordamga oshiqdi. Unga ko‘pchilik qurbi yetganicha yordam berdi. Ma'mura Yuldosheva safar oldidan bu haqida ma'lum qildi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Men ko‘rmagan, tanimagan insonlar yordamlar qilishdi. «Qo‘limdan kelgani duo» deganlariga ham xursand bo‘ldim. Chunki, duoda ham ish ko‘p. Bizda haqiqatan yaxshi odamlar ko‘p ekan. Hindistonga borib, operatsiya qildirish hayolimga kelmasdi, to‘g‘risi. Farzandlaringiz yuzingizdan o‘tar ekan. Hech kimning farzandi birovga qolmasin ekan. Shu fikr qiynardi. Bolalarim maktabdan keliboq hol-ahvolimni so‘rashardi. Ovqatlarni ham shu 10 yashar qizim qilardi. Endi Xudo xohlasa yaxshi bo‘lib qolsam, ovqatlarni o‘zim qilaman.

Borganimdan keyin avval tekshiruvdan o‘taman ekan. Agar rozi bo‘lsak, operatsiya qilishar ekan. Agar «og‘riqlarga chidayveraman» desak, operatsiya o‘rniga kimyoterapiyaning kuchliroq turlaridan olamiz ekan. Borganimizda o‘zlari kutib olib, o‘zlari olib yurishar ekan. Yordam berganlarga katta rahmat. Hozirgacha odamlar telefon qilib hol-ahvol so‘rashyapti. Duo qilishlarini so‘rayapman» deydi Ma'mura opa safar oldidan.

Bir yurtdoshimizning dardiga bee'tibor bo‘lmagan azizlar! Bugun bu ayol davolanish uchun xorijga yo‘l olgani qilgan ehsonlaringiz o‘z joyiga yetib borganining bir isbotidir. Endi sog‘ayib qaytishi uchun ko‘lingizni duoga oching. Duolaringiz ijobat bo‘lsa, ne ajab. Zero, bu ayolning davolanish uchun jo‘nab ketishiga eng katta sababchi aynan sizlarsiz. 


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid