O‘zbekiston | 22:20 / 28.06.2019
94403
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni «paynetchilar» masalasini hal etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Hujjatga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

 Masalan, barcha tushumi 100 million so‘mdan ortgan «paynetchilar»  ko‘rsatilgan xizmat uchun realizatsiya qilingan summaning 2,5 foizi miqdorida haq oladi. Shunga qaramay, ular yakka turdagi tadbirkor sifatida barcha tushumning 4 foizi miqdorida soliq to‘lashiga to‘g‘ri kelayotgandi.

Prezident farmoni bilan ushbu masalaga yechim taklif etildi: endilikda ta'kidlangan toifadagi tadbirkorlar realizatsiya qilingan summadan (2,5 foizli haq) chorak qismini soliq sifatida to‘laydi.

Shuning bilan bir qator masalalar ham hal etildi. Xususan, 4,5 mingga yaqin telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar  ish o‘rnini barqaror saqlab qoladi. Bundan tashqari, soliq to‘lovchi tadbirkorlar onlayn pul o‘tkazmalar orqali xizmat ko‘rsatish, bir vaqtning o‘zida xufiyona iqtisodiyotga qochmaydi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilda telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlari tomonidan  7 milliard so‘mga teng summa realizatsiya qilingan.

Mavzuga oid