Videoregistratorlarda qayd etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar rag‘batlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 19 maydagi 377-sonli qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 747-sonli “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarorini chiqardi.
Ushbu qarorga asosan 2019 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish ishlari sinov tariqasida ishga tushirildi.
2019 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar videoregistratorlar orqali yo‘l harakati ishtirokchilari (yo‘lovchi va piyodalar bundan mustasno) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarini qayd etishi hamda uch ish kuni ichida markazlashtirilgan tizim (http://dyhxx.ejarima.uz) orqali ichki ishlar organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishi mumkin.
Videoregistrator orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holati to‘g‘risidagi videoyozuvda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
sodir etilgan huquqbuzarlik holati;
transport vositasining rusumi va davlat raqami belgisi;
huquqbuzarlik sodir etilgan sana va vaqt.
Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan videoyozuvlarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.
O‘zgartirish kiritilgan videoyozuvlar ko‘rib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik holati aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno (qoida tariqasida, videoyozuvning davomiyligi 120 sekunddan oshmasligi lozim).
Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan videoyozuvlarni markazlashtirilgan tizimga yuborishda quyidagilar to‘liq ko‘rsatilishi lozim:
Fuqaroning ismi, familiyasi, otasining ismi, doimiy yashash manzili, yuridik shaxsning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), bank hisob raqami (videoyozuv yuridik shaxs vakili nomidan to‘ldirilganda);
uyali telefon raqami yoki bank plastik kartasi raqami va elektron manzili;
huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqt.
Markazlashtirilgan tizimga kelib tushgan huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan videoyozuvlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma'muriy amaliyot inspektori tomonidan uch ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Quyidagi hollarda videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlar asosida ma'muriy ish yuritilmaydi:
videoyozuvlar sifatsiz bo‘lganda;
videoyozuvlar markazlashtirilgan tizimga belgilangan talablarga rioya etmagan holda yuklanganda;
videoyozuvlarga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa;
videoyozuvda qayd etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha qaror qabul qilingan yoki ma'muriy ish yuritilayotgan taqdirda.
Videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga o‘n besh kun muddat ichida elektron tarzda javob yuboriladi.
Huquqbuzarlik bo‘yicha sud tomonidan ma'muriy jarima bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo chorasi qo‘llangan hollarda videoyozuvni yuborgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 yanvardagi «Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi 15-son qaroriga muvofiq rag‘batlantirilishi mumkin.
Rag‘batlantirish huquqbuzardan jarima undirilgandan so‘ng fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga, yuridik shaxsning esa bank hisob raqamiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan avtomatik tarzda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shuning bilan birgalikda, http://dyhxx.ejarima.uz sayti birinchi marta ishga tushirilayotganligi, sinovdan o‘tgan analoglari yo‘qligi sababli, sinov davrida tizimda ayrim texnik kamchilik va xatoliklar kelib chiqishi hamda qisqa muddatli to‘xtalishlar bo‘lishi mumkinligin ma'lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB matbuot xizmati.
Mavzuga oid
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024
Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi
12:01 / 23.07.2024