Jamiyat | 13:33 / 01.07.2019
17132
4 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyoning Marjona qishlog‘ida aholi toza ichimlik suviga muhtoj: rahbarlar nima deydi?

Surxondaryo viloyatining olis Sariosiyo tumani «Marjona» mahallasidan tahririyatimizga kelib tushgan murojaatni o‘rganish uchun ushbu mahallaga yo‘l oldik. Bugungi kunda mahalla ahlini toza ichimlik suvi muammosi qiynab kelmoqda.

Mahalla faollarining viloyat va tumandagi mutasaddi tashkilotlarga murojaatiga va'dalardan boshqa javob berilmayapti.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

Mahalla fuqarolari yig‘ini mas'ul kotibi Botir Bo‘tayevning muxbirimizga bildirishicha, «Marjona» mahallasida ayni kunda yashovchi aholi soni 4440 nafarni tashkil etadi. 672ta xo‘jalikda 1122 oila istiqomat qilmoqda.

Hisor tog‘ tizmasi etagida joylashgan mazkur xushhavo qishloqda o‘rtasidan Sharg‘unsoy daryosi oqib o‘tadi. Biroq ular ayni kunlarda ariqlarda shaldirab oqayotgan loyqa suvni tinitib, qaynatib ichishmoqda yoki dara bo‘ylab joylashgan buloqlardan suvni tashib ichishadi.

Daryo va undan ariqlarga olinayotgan suvning loyqalanishiga sabab nima?

Gap shundaki, qishloqning yuqorirog‘ida joylashgan korxonalardan chiqayotgan oqova suvlar nomigagina tindirilib, daryoga oqizilmoqda. Buning natijasida daryoning zilol suvi qizg‘ish rangga kirib, loyqalanmoqda.

Mahalla faollaridan biri Ma'ruf Mamatmurodovning aytishicha, geologiya-razvedka ishlari olib borilib, qishloqqa artezian qudug‘i burg‘ilash tavsiyasi ham berilgan, joyi ham ko‘rsatilgan.

Yoki tog‘ darasi bo‘ylab g‘orlardan (shtolnyalar) oqib chiqayotgan toza suvlarning barchasi DSENMdan ekspertizadan o‘tkazilgan. Ularning ichida iste'molga yaroqlisi aniqlangan. Gap o‘sha suvlarni quvur tortib qishloqqacha keltirishda.

«Bir paytlar aholi Sharg‘unsoydan suv ichgan, qolaversa qishloqqa toza ichimlik suvi ham kelardi. Vaziyat keyin shu 4-5 yilda keskin yomonlashdi», — deydi M.Mamatmurodov.

Mahalliy aholi vakillaridan Shuhrat Qurbonovning ta'kidlashicha, qishloqni ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun viloyat hokimi 850 million so‘m ajratilganini aytib o‘tgan. Viloyat televideniye efirida esa qishloqqa ichimlik suvi o‘tkazilgani haqida lavha ham berilgan. Ammo amalda bu borada biror ish amalga oshirilmagan. So‘nggi va'da «mahalla saylovlari o‘tib olgandan keyin» deyilgan.

«Qishloqda eski vodoprovod quvurlari bor. Xonadonlargacha suv o‘tkazilsin demaymiz. Ko‘chada har 200-300 metrda jo‘mrak chiqarib qo‘yilsa bas. Xalqning toza suvga bo‘lgan chanqog‘i qondirilgan bo‘lardi», — deydi Sh.Qurbonov.

Biz o‘sha kuni mazkur murojaat bo‘yicha mutasaddilarning javobini olish uchun Sariosiyo tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va boshqa rahbarlar bilan uchrashishning imkonini topa olmadik.

«Marjona» mahallasi aholisi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadimi? Berilgan va'dalar amalga oshadimi? Ajratilgan mablag‘lar nima bo‘ldi? Kun.uz bu borada viloyatdagi va tumandagi mutasaddilardan javob kutib qoladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid