O‘zbekiston | 10:19 / 01.07.2019
12665
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: «Fermerga qaysidir mahsulotni majburan ektirish kabi holatlar yo‘q»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi xodimlari ishtirokida sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Isroil Xolmirzayevning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha dehqon va fermerlar o‘zlariga tegishli ekin maydonlarida qanday mahsulot yetishtirishni o‘z xohishi, imkoniyati va sharoitidan kelib chiqib, mustaqil hal etmoqdalar.

«Biz viloyat yo tuman hokimi o‘rinbosari bilan o‘tirib, har bir fermerning taklifidan kelib chiqib, qanday ekin ekishini muhokama qilamiz, — dedi Isroil Xolmirzayev. — Qaysidir fermerga qaysidir mahsulotni majburan ektirish kabi holatlar yo‘q. Axir qaysi dehqon o‘zi daromad olishga ko‘zi yetmagan mahsulotini ekadi? Yana bir marta ta'kidlayman — bizda majburlab ektirish holati yo‘q».

Tadbirda bildirilishicha, bugungi kunda ekilayotgan g‘alla va paxtaning aniq xaridori — davlat, bu mahsulotlarni yuqori narxlarda sotib olyapti. Ularning eng ko‘p ekilayotgan mahsulotlar safida ekanining asosiy sababi ham shu. 

Qayd etilishicha, ayni paytda g‘alla yetishtirish, uning narxini erkinlashtirish va davlat xaridini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga oid Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Vazirlik tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu qaror loyihasida boshoqli don ekinlarni yetishtirish va davlat xaridida dunyo amaliyotida qo‘llanilayotgan usullarni tatbiq etish masalasi qo‘yilgan. Ya'ni, fermerning sarflagan xarajatini qoplaydigan va rentabelligini ta'minlaydigan tizim ishlab chiqiladi. 

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Asror Jo‘rayev qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolar asta-sekin hal etilayotganini bildirdi. Bugun fermerlar o‘z mahsulotlarini o‘g‘irlab, qimmat narxda bozorga sotishi kabi holatlar barham topyapti. Chunki undan davlatning o‘zi bozordan ko‘ra qimmatroq narxda sotib olyapti. 

Bugungi kunda vazirlik tomonidan O‘zbekistondagi mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish, yer unumdorligini oshirish bo‘yicha ish olib borilyapti. Ekin maydonlari nima uchun foydalanishdan chiqib ketyapti? Asosiy sabab — bu yerlarga suvning yetib bormasligida. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda 3,2 million gektar sug‘oriladigan ekin yerlarining 298 ming gektari foydalanishdan chiqib ketgan. Hozirgi kunda eng ko‘p foydalanishdan chiqqan hududlar Namangan, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida. Ularni qayta muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan dehqonlar, investorlarga davlat tomonidan subsidiyalar va imtiyozlar ham belgilangan.

Mavzuga oid