Yoshlar kuni viloyatlarda qanday nishonlandi - Namangan va Navoiydan fotolar
30 iyun yoshlar kuni respublikamizda Yoshlarning eng sevimli, ularni birlashtiradigan bayramga aylanib bormoqda. Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi ham e'lon qilindi.
Kun.uz muxbirlari viloyatlarda ham ushbu bayram ko‘tarinkilik bilan nishonlagani haqida xabarlar uzatishmoqda.
Dilmurod Jumaboyevning xabar qilishicha, Namanganda Yoshlar kunining asosiy tantanalari Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» tematik parkining amfiteatrida bo‘lib o‘tgan.
Tadbirni viloyati hokimi X.Bozorov ochib, prezidentning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigini o‘qib bergan.
So‘ngra Prezidenti qarori bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar qatorida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan Kosonsoy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining karate bo‘yicha murabbiyi Muhammadsiddiq Abdumutalov va Norin tumanidagi «Omadbek bo‘stoni» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Temurbek Mo‘minovga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilgan.
Adabiyot, san'at, sport va boshqa yo‘nalishlarda yil davomida turli yutuqlarni qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlarga, shuningdek viloyat ijtimoiy hayotida faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar vakillariga viloyati hokimi X.Bozorov va O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q.Yo‘ldoshev diplom va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirishgan.
Kecha «Vatan kelajagi sening qo‘lingda» shiori ostida bo‘lib o‘tgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvida viloyat hokimi tomonidan yoshlar ittifoqi viloyat kengashiga avtobus sovg‘a qilish va'dasi berilgandi. Bugungi tadbirda viloyat kengashiga va'da qilingan avtobus berilgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bir qator tashkilotlar hamda hududiy hokimliklar bilan birgalikda o‘tkazilgan «Yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha eng namunali tuman (shahar) hokimi» tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblari orasidan joy olgan Namangan shahar hokimi Sh.Abdurazaqov va To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘. Murodxo‘jayev diplom va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ramziy mukofoti bilan taqdirlandilar.Tantanali tadbir Respublika va viloyat san'at ustalarining gala-konserti bilan yakun topgan.
Navoiydan Shuhrat Shokirjonovning xabar berishicha, viloyatida Yoshlar kuni erta tongdan yugurish marafoni bilan boshlangan. Marafonda uch mingdan ortiq ishchi-xodimlar, harbiylar, o‘quvchi-talabalar hamda mahalla yoshlari ishtirok etib, 3 kilometr masofani bosib o‘tib, g‘oliblik uchun kurashishgan.
Yoshlar markazida 500 nafarga yaqin yoshlar ishtirokida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi tashkil etilgan. Bu yerda maktabni oltin va kumush medallar bitirgan o‘quvchilar taqdirlangan.
«Yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha eng namunali tuman (shahar) hokimi» tanlovi respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan tuman, shahar hokimlarini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov va viloyat hokimi Q.Tursunov taqdirlagan.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi faolligi uchun tuman, shahar hokimlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman,shahar Kengashlari raislari, boshlang‘ich tashkilot yetakchilar hamda faol yoshlar taqdirlangan.
Shuningdek, Yoshlar kuni munosabati «Maroqand» bazmlar maskanida viloyat yoshlari tomonidan 10 ta qozonda milliy taom — osh damlangan.
Kechqurun Navoiy shahridagi amifteatrda 5000 nafar yoshlarni jamlagan galakonsert oldidan viloyatda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasining Markaziy kon boshqarmasi sex muhandisi Davronbek Namozov va O‘zbekiston Respublikasi IIV Navoiy akademik litseyi 1-bosqich o‘quvchisi Asadbek Toshpo‘latovga diplom va ko‘krak nishonlari topshirilgan.
Mavzuga oid
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024