O‘zbekiston | 11:23 / 02.07.2019
16398
6 daqiqa o‘qiladi

Bojxona kodeksiga jiddiy o‘zgartish kiritilishi kutilyapti

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 20 yanvarda qabul qilingan O‘RQ–400-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilyapti:

195-modda (Bojxona ko‘rigi):

to‘rtinchi qismi “giyohvandlik vositalari” degan so‘zlardan keyin “ularning analoglari” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi;

407-modda (Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni, prekursorlarni va boshqa ashyolarni nazorat ostida yetkazib berish) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“407-modda. Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglari, psixotrop moddalarni, prekursorlarni va boshqa ashyolarni nazorat ostida yetkazib berish
 
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar xalqaro noqonuniy muomalada bo‘lishining oldini olish hamda bunday muomalada ishtirok etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida bojxona organlari hamda boshqa tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar har bir alohida holda chet davlatning bojxona organlari va boshqa vakolatli organlari bilan kelishuvlarga ko‘ra yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiridan foydalanadi, ya'ni noqonuniy muomalaga kiritilgan giyohvandlik vositalarining, ularning analoglarining, psixotrop moddalarning va prekursorlarning o‘z nazorati ostida bojxona hududiga olib kirilishiga, bu hududdan olib chiqilishiga yoki tranzit tarzida olib o‘tilishiga yo‘l qo‘yadi.

Nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri jinoyat sodir etish quroli yoki vositasi bo‘lgan boshqa ashyolarga yoxud jinoiy yo‘l bilan topilgan ashyolarga yoki ular bilan qonunga xilof xatti-harakatlar sodir etish kontrabanda hisoblanuvchi ashyolarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiridan foydalanish to‘g‘risidagi qaror tegishlicha tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalarni, prekursorlarni va boshqa ashyolarni nazorat ostida yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi qabul qilingan qaror to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini darhol xabardor qiladi”.

408-modda (Nazorat ostida yetkazib berish amalga oshirilayotganda bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni, prekursorlarni va boshqa ashyolarni olib qo‘yish yoki almashtirish):

nomidagi “giyohvandlik vositalarini” degan so‘zlardan keyin “ularning anologlarini” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi;

birinchi qismidagi “giyohvandlik vositalari” degan so‘zlardan keyin “ularning anologlarni” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi;

409-modda (Nazorat ostida tovar yetkazib berish usuli qo‘llanilganda musodara qilingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni tasarruf etish) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“409-modda. Nazorat ostida tovar yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilganda musodara qilingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni tasarruf etish
 
O‘zbekiston Respublikasining va chet davlatlarning sudlari tomonidan ochish va chek qo‘yish paytida nazorat ostida tovar yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha musodara qilingan pul mablag‘lari, shuningdek bunda musodara qilingan mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag‘lari bojxona organlari va boshqa vakolatli organlari mazkur tadbirni o‘tkazishda ishtirok etgan davlatlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida tezkor-qidiruv tadbirni o‘tkazgan vakolatli organ va chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq taqsimlanadi”.

Amaldagi tahrir: “409-modda. Nazorat ostida tovar yetkazib berish usuli qo‘llanilganda musodara qilingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni tasarruf etish

O‘zbekiston Respublikasining va chet davlatlarning sudlari tomonidan ochish va chek qo‘yish paytida nazorat ostida tovar yetkazib berish usuli qo‘llanilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha musodara qilingan pul mablag‘lari, shuningdek bunda musodara qilingan mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag‘lari bojxona organlari va boshqa vakolatli organlari mazkur usulni qo‘llashda ishtirok etgan davlatlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq taqsimlanadi”.

Mavzuga oid