O‘zbekiston | 23:56 / 02.07.2019
22252
4 daqiqa o‘qiladi

Parvoz vaqtida internet, HD sensor monitorlar... Milliy aviakompaniya navbatdagi Dreamliner’ni qabul qildi (foto)

Bugun, 2 iyul kuni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi yuqori texnologik Boeing 787-8 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqaruvchi zavodidan Toshkentga keltirildi. Bu haqda Milliy aviakompaniya tomonidan OAV xodimlari uchun tashkil qilingan yangi havo layneri bilan tanishuv tadbirida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Mazkur avialayner avvalgilari kabi raqobatbardoshlik va parvozlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida MAK aviaparkini zamonaviy aviatsiya texnikalari bilan yangilash va kengaytirish maqsadidagi investitsion loyiha doirasida xarid qilindi.

Samolyot o‘zidan avvalgi avlod laynerlaridan ko‘ra bir qancha qulayliklarga ega. Unga, jumladan, yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat angidrid gazining ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi dvigatellar o‘rnatilgan. Shuningdek, yangi layner parvoz vaqtida keng miqyosdagi internetga ulanish uchun sun'iy yo‘ldosh stansiyasiga ega bo‘lgan aviakompaniyaning to‘rtinchi samolyotidir.

«U Toshkentga olib kelinishidan avval “Boeing” kompaniyasining Everett shahridagi aerodromida parvoz va yer usti sinovlaridan o‘tkazildi. Shuningdek, uchuv va texnik xodimlaridan iborat MAK mutaxassislari guruhi ishtirokida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirilib, zaruriy tadbirlar amalga oshirildi», deydi aviakompaniya matbuot xizmati rahbari Feruza Kurbanova.

Avialayner jami 246, xususan, biznes klassda – 24 nafar va ekonom klassda – 222 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.

Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamalari, yoritish va tovush izolyatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar, internetga ulanish uchun Wi-Fi tarmog‘i yo‘lovchilariga yaxshi kayfiyatni ta'minlaydi.

Yangi laynerda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ayrim yangiliklarga qo‘l urilganini ko‘rish mumkin. Jumladan, shinam samolyot sahni, qulay o‘rindiqlar, yangi pol qoplamalari, yoritish va pol izolyatsiyasi, o‘rindiqlarda har bir yo‘lovchi uchun HD sensor monitorlar o‘rnatilgan.

“Avvalroq O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKi o‘z rivojlanish rejalariga muvofiq 2020 yilda oltida shu turdagi samolyotga ega bo‘lishi va MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanishi ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, Boeing 787-8 samolyotining asosiy texnik xususiyatlari

O‘lchamlari:

Uzunligi (m)        56.69 

Qanot qulochi (m)      60.17 

Balandligi (m)   17.7

Qanot maydoni (m2)    325

Vazni:

Maksimal uchish og‘irligi (kg)  227 930

Maksimal qo‘nish og‘irligi (kg)    172 365

Bo‘sh layner vazni (kg) 119 950

Yoqilg‘isiz maksimal og‘irligi (kg) 161 025

Parvoz ma'lumotlari:

Maksimal yuklanishda parvoz davomiyligi (km) 13 620

Maksimal kreyser tezligi (km/s)      902

Maksimal tezligi (km/s)     956

Maksimal uchish balandligi (m) 13 100

Mavzuga oid