Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining huquq va vazifalari belgilandi
O‘zbekiston prezidentining Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ijro etuvchi apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obektlarini huquqiy muhofaza qilish;
intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi holatini kompleks tahlil qilish, ushbu sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;
intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
intellektual mulk masalalari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni o‘zaro muhofaza qilish haqidagi xalqaro shartnomalarni tuzish orqali yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash;
intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni o‘tkazishda ishtirok etish;
jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish.
Hujjatga muvofiq, quyidagilar belgilab qo‘yildi:
a) Agentlik:
intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik va uni nazorat qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
v) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to‘lovlarning 20 foizi miqdoridagi mablag‘lar, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to‘lovlarning 80 foizi miqdoridagi mablag‘lar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma'lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun amalga oshirilgan to‘lovlar, intellektual mulk sohasidagi ma'muriy huquqbuzarlik uchun qo‘llaniladigan ma'muriy jarima summalari, qonunchilikka muvofiq pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasiga belgilangan tartibda o‘tkaziladi;
g) Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan va qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga asosan Agentlikni saqlab turishga, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlashga, Agentlik xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishga hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.
Agentlikka quyidagi huquqlar berildi:
davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatida intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish;
davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;
intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llash;
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda malakali xorijiy mutaxassislarni ularga istisno tariqasida Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xorijiy valutada ish haqi va boshqa to‘lovlarni belgilagan holda xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish.
Qarorga muvofiq, “Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazi” davlat unitar korxonasi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi” davlat unitar korxonasi etib qayta nomlandi;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Intellektual mulk huquqi” mutaxassisligi bo‘yicha yangi magistratura yo‘nalishini ochish va unga bazaviy oliy ma'lumotdan qat'iy nazar intellektual mulk sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash vazifasi yuklandi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga intellektual mulk sohasidagi kadrlarning malakasini, shu jumladan, pullik asosda oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifa yuklandi.
Belgilab qo‘yildiki:
a) Adliya vazirligi huzurida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan apellyatsiyalarni sudgacha ko‘rib chiquvchi Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi;
Apellyatsiya kengashi tarkibiga intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiradi;
Apellyatsiya kengashining tarkibida Adliya vazirligi va Agentlik xodimlari soni Apellyatsiya kengashi a'zolari umumiy sonining o‘ttiz foizidan oshmasligi lozim;
b) quyidagi mezonlarga muvofiq keluvchi tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma'lum deb e'tirof etiladi:
tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi va (yoki) potensial iste'molchilari tomonidan yoxud tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi uni tarqatilishini ta'minlashda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan yoxud tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turiga aloqador bo‘lgan ishbilarmonlar doirasi tomonidan tanib olinishi, bunda tovarning sifat darajasi haqida tushuncha mamlakatdagi tovar belgisi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak;
avvaldan xos bo‘lgan yoki faol foydalanish natijasida vujudga kelgan yuqori farqlanish xususiyati;
O‘zbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan, Internet tarmog‘ining milliy segmenti domen nomlari tizimida tovar belgisidan keng foydalanish va uning reklama qilinishi;
respublikada uzoq muddat davomida va faol foydalanish natijasida vujudga kelgan tijorat qiymati;
v) Apellyatsiya kengashi tomonidan qaror qabul qilishda yuqoridagi mezonlar bilan bir qatorda mazkur qarorda aks etmagan ushbu sohadagi xalqaro standartlar, shu jumladan,
Butunjahon intellektual mulk tashkilotining hujjatlariga muvofiq qo‘shimcha mezonlar inobatga olinishi mumkin.
Mavzuga oid
11:28 / 08.04.2025
Korrupsiyaviy jinoyatlar Adliya vazirligi tizimida 22 foizga, hokimliklarda 43 foizga kamaydi – Antikorrupsiya agentligi
10:10 / 04.04.2025
Tasvirga olish uchun rozilik olish talabi OAV faoliyatiga qanday ta’sir qiladi? Adliya vazirligi izohi
16:09 / 18.03.2025
Adliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
16:18 / 07.03.2025