Jamiyat | 13:03 / 03.07.2019
5740
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy va yuridik shaxslarning barcha maxsus qayd raqamlarini STIRga birlashtirish taklif etilyapti

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida jismoniy va yuridik shaxslarning barcha maxsus qayd raqamlarini STIRga birlashtirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

“Bilamizki, har bir tashkilotda jismoniy va yuridik shaxslar alohida raqamlar bilan qayd etiladi. Masalan, soliq bo‘yicha STIR, gaz bo‘yicha gaz abonent raqami, elektr energiyasi bo‘yicha elektr abonent raqami, suv uchun alohida abonent raqami, kadastr hujjatida ham takrorlanmas alohida raqam, jamg‘arib boriladigan pensiya hisob raqami ham pasportdan olingan 14 talik hisob raqami va hokazo”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Qayd etilishicha, hamma qayd qiluvchi tashkilotlar deyarli davlat tashkilotlari, biroq ular bilan hisob-kitob alohida-alohida raqamlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa barchaga qiyinchilik tug‘dirayotgani aytilgan.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jismoniy va yuridik shaxslar qayd qilinishi mumkin bo‘lgan barcha tashkilotlarda shaxsning yagona qayd raqami sifatida STIRni hisobga olish kerak”, - deyiladi petitsiyada. 

Ta'kidlanishicha, buning uchun har bir tashkilotga harf berish kerak. Masalan, gaz bo‘yicha abonent hisob raqami STIR ortiga G harfi qo‘yiladi. Agarda shaxslar bir tashkilotdan, masalan, gaz idorasidan ikki marta iste'molchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, (stir) G1 va (stir) G2 ko‘rinishida ro‘yxatga olinishini taklif qilindi. Bu fuqarolar uchun ham davlat idoralari uchun ham manfaatli bo‘lishi bildiriladi.

Mavzuga oid