Jamiyat | 14:40 / 03.07.2019
35363
7 daqiqa o‘qiladi

«Oqqapchig‘ay»ning oqtomliklarga yetkazayotgan talafoti: Qumqo‘rg‘onda bir qishloqni jar yamlamoqda

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani Oqtom mahallasidan bir guruh fuqarolar tahririyatimizga murojaat qilishdi.

Ushbu qishloqning Boysun-Oqqapchig‘ay selgasi yoqasida joylashgan qismida istiqomat qiluvchi fuqarolar ko‘p yillardan buyon tabiiy ofatdan jabr ko‘rib kelishmoqda. Bu yil bahorning o‘ta seryog‘in kelishi oqibatida, ularni qiynayotgan muammo yanada chigallashdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Selga yo‘lidan kelayotgan sel oqimlari tuproqni yuvib yuborib, jarlik hosil qilmoqda. Tuproqlar o‘pirilib tobora uylarga yaqinlashib bormoqda. Ayniqsa bu yilgi talafot juda katta bo‘ldi. Seryog‘in kelgan bahor va sellar mavsumida jarlar o‘pirilib, odamlar istiqomat qilayotgan uylarga juda yaqinlashib qoldi.

Odamlar turar joylariga xavf tug‘ilayotganidan, 40 yildan buyon yashab turgan uylarini buzib ichkariroqdan qurishga majbur bo‘lishmoqda.

O‘zlarining muammosi haqida qishloq ahli shunday hikoya qilib berishdi.

«2009 yilda sel birinchi bo‘lib ukam To‘raqul Murodovning uyini olib ketdi. Hozir mana shu jarlik o‘rni va selga bo‘lgan joylarda to‘y o‘tkazganmiz. Odam yashardi, tomorqasi bor edi. Shundan beri o‘tgan o‘n yil davomida hokimlik, FVV va boshqa tashkilotlarga murojaat qilib kelamiz. Aytarli yordam berishgani yo‘q. Axiyri o‘zimiz hashar yo‘li bilan suv yo‘liga tuproqdan damba qurdik. Suv biz barpo etgan dambalarni ham yuvib ketdi», — deydi Avliyoqul Murodov.

«50-100 yildan beri bu selga 6 metrlik soy bo‘lgan. Oqqapchig‘ay kanalidan sel suvi qo‘yib yuborilaverib, tiniq suv zaxlab, tuproqni yuvib, yemirib yuboraverib mana shu ahvolga keldi. Bu tuproq yemirilaversa, jar yo‘lidagi xonadonlarni vayron qilib ketaveradi», — deydi Safarali Mansurov.

«Osmonga bitta bulut chiqsa mazamiz qochadigan bo‘lgan. Holimizdan biror kishi xabar oladimi yo‘qmi?», — deydi O‘g‘iloy Yusupova.

«Kelgan mas'ullar hujjatimiz yo‘qligini, noqonuniy o‘tirganimizni bahona va pesh qilishmoqda. 40 yil oldin bu yerlar inson yashamaydigan, changalzorlar edi. Oqqapchig‘ayda suv chiqqanidan keyin shu yerlarni o‘zlashtiramiz deb, biz kelib joylashdik, obod qildik. O‘sha paytlar nega hech kim kelib ogohlantirmadiki, bu yerlar xavfli joy, deb. Endi kadastr va egalik huquqini so‘rashmoqda», — deydi Shavkat Saidov hamda Turdi bobo Norov.

Uyi buzilib, o‘zga kishinikida oila a'zolari bilan ijarada turgan oqtomliklardan biri gapirayotib, ilojsizlikdan ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi.

Qishloq aholisining talabi — selga yo‘lini damba bilan berkitishda mahalliy hokimiyat yordam berishi kerak. Ular turli instansiyalarga shikoyat va murojaat qilishda davom etishmoqda. Bu ishlar davlat dasturiga tushgani-yu, 220 million so‘m pul ajratilganiga guvoh bo‘lishganini ham aytib o‘tishdi.

Qishloq ahliga Favqulodda vaziyatlar vazirligidan jo‘natilgan javob xatida seldan himoya tadbirlarini amalga oshirish uchun 2019 yilda manzilli dasturga kiritish bo‘yicha toshqinga qarshi komissiyaning taklifi taqdim etilgani bildirilgan.

Bu yerda katta hajmdagi tuproq va betonlash ishlari amalga oshirilishi kerak, bu ishlarni qishloq aholisi o‘z mablag‘iga yoki hashar yo‘li bilan amalga oshirishga qodir emas.

Biz mazkur masala yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurashid Abdurahimovdan izoh oldik.

«Tumanimizda o‘tgan yili ham seldan katta talafot ko‘rilgan edi. O‘tgan yilgidek talafot yuz bermasligi uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Sel yo‘llari ochildi, zovurlar qazildi. Bu yil yog‘ingarchilik avvalgi yilga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgani bilan deyarli talafotsiz o‘tkazdik.

Oqtom qishlog‘i masalasida gapiradigan bo‘lsam, bu joylar azaldan xavfli hudud bo‘lib kelgan. U yerning tuprog‘i qumoq (suglinok) hisoblanadi. Ozgina suv bilan ham yemirilib, tuproq ko‘chish, jar hosil bo‘lish xususiyatiga ega. Boz ustiga, yildan yilga sel kelaverib, jarliklarni yemirib, kengaytirib ketavergan.

Qolaversa, aholi u yerga noqonuniy joylashgan, shikoyat qilayotganlarning birortasida egalik huquqini beruvchi yoki kadastr hujjatlari mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, biz xavfni bartaraf etishga yordam beramiz.

Biz ularning ayrimlariga xavfsiz hududga ko‘chish uchun boshqa yer taqdim etganmiz. Lekin o‘zlari ko‘chishni istashmayapti.

Ayni paytda selgada hamon suv oqmoqda. Tuproq nam. Biz texnikalarimiz bilan borib qazish va tuproqni surish ishlarini amalga oshirdik. Lekin texnikalar loyga botib qoldi. Iyul oyida suv oqimi to‘xtaydi va selga tubi quriydi. Shundagina ishga kirishishimiz mumkin. Bu ish nazoratimizda turibdi. Tuman hokimligi qarab o‘tirmaydi. O‘sha ko‘rsatilgan joyda suv yo‘liga albatta damba quramiz», — dedi tuman hokimi o‘rinbosari A.Abdurahimov va bu borada qilingan besamar urinishlarning fotosuratlarini taqdim etdi.

Qishloq ahli va'dalar va'daligicha qolib ketayotganini, va'dalardan zerikishgani, mas'ullardan amaliy yordam kutishayotganini ta'kidlashdi, tumandagi mutasaddi albatta yordam qilinishi va'da berdi. Barchamiz ozgina sabr qilaylik-chi, ushbu masalani Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi qanday qilib hal qilar ekan. Biz ushbu mavzuga yana bir bor qaytamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid