Jamiyat | 00:20 / 03.07.2019
109639
11 daqiqa o‘qiladi

«Yoqmasa, Qirg‘izistonga ko‘chib ketinglar!»: Rishtonda buzilayotgan uylar egalari nega o‘z holiga tashlab qo‘yildi?

Xalqimizda «Hatto qushning ham uyi buzilmasin», degan maqol bor. Chumchuq ham to‘rtta shox-shabbadan qurilgan uychasi buzilsa, chirillab zor yig‘laydi.

Boshpanasiz qolib, o‘z uyi o‘rniga so‘ri qo‘yib yashayotgan, uyi bugun-erta buzilishini bilib, ertaga istiqomati qayda bo‘lishini aniq bila olmayotgan odamlar bilan suhbatlashish juda qiyin ekan. Ayniqsa, mutasaddilarning beparvoligi yoki rejani mukammal o‘ylamagani orqasidan muammoda qolgan yoshi ulug‘ kishilarni bu holatda ko‘rish undan-da mushkul.

YouTube

Tas-IX

Rishtonda ayni paytda uyi «snos»ga tushgan odamlar juda qiyin ahvolda.

Ulardan biri Suhrob Abdullayev oilasi yashayotgan uyni hokimlik vakillari kechasi buldozerda buzib tashlamasligi uchun ko‘cha devoriga «Bu yerda odam yashaydi», degan yozuvni ilib qo‘ygan.

Bundan bir oy oldin Farg‘ona viloyati, Rishton tumaniga borib, tuman markazini zamonaviy arxitektura talablari darajasidagi binolar bilan qayta qurish ishlari boshlangani bois, asosiy ko‘cha bo‘ylaridagi turar va noturar joylar buzilayotgani haqida maqola tayyorlagan edik.

O‘shanda buzilayotgan uy- joy egalari bilan suhbatlashganimizda, ular binolar uchun tuman hokimligi joy va kompensatsiya puli ajratilishi haqida bildirganini aytishgan, biroq, hokimlik vakillari qayerdan yer maydoni berilishi va kompensatsiya puli miqdori haqida aniq ma'lumot bera olishmagandi.

Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarov Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish taklifi loyihalari ishlab chiqilayotgani, tuman markazida joylashgan turar joy va noturar joy obektlarini shaharsozlik me'yorlari asosida qayta qurish ishlari boshlangani haqida gapirib, har bir buzilgan bino uchun egasiga joy va kompensatsiya puli berilishini aytgandi.

Qup-quruq yer va 10 million so‘mdan kompensatsiya olgan aholining ruhiyati juda tushkun

«Minor» mahallasidamiz. Qarangki, uylari buzilib ko‘chada qolgan ikki xonadon sohiblari o‘z oshyonlari o‘rniga usti yopiq so‘ri o‘rnatib, uy raqamlarini ham yopishtirib qo‘yishibdi. Ayni paytda mana shu ayvonchada 18 va 20-uy egalari yashashayotgan ekan. Tashvishdan boshi qotgan fuqarolar bilan gaplashdik.

Lolaxon ona Sotvoldiyeva, 70 yoshda:

«Besh farzandni voyaga yetkazdim. Uyimiz buzilib ketdi. Hokimiyat kompensatsiyaga 10 million so‘mdan pul bergan. Bu pulga poydevorning bir burchagi ham bitmaydi, axir. 4,5 sotix yer berishgan. Mablag‘ bo‘lmasa, uyni qanday quramiz?».

«Baholangan pulni beringlar, deb iltimos qilyapmiz, hech natijasi bo‘lmayapti. Biz qay ahvolda qiynalayotganimiz hech kimni tashvishga solmayotganiga ichimiz kuyyapti. Ko‘ch-ko‘ronim to‘rt farzandimnikiga ketdi. Kiyimlarim qaysi tarafga ketganini topolmayapman. 70 yoshga kirganda yetti ko‘chada sarsonmiz, bolajonim (ko‘ziga yosh oladi). Pulimizni bersa yozning issiq kunlarida qurilishni boshlamaymizmi? Chang yutib har kuni shu yerda pulni kutib o‘tiribmiz».

Zulfiya xola Ismoilova, 65 yoshda:

«Rishton obod bo‘lishini reja qilgan rahbarlardan ming bor rozimiz. Faqat, kattalar avvalo xalqni rozi qilish kerakligini unutishmasin. Farzandlarim katta bo‘lib qoldi. Erim saraton kasaliga yo‘liqib, yotib qolgan. Endi o‘g‘lim, kelinim, nabiram bilan o‘sha bizga ajratilgan 4,5 sotix joyga borishimiz kerak ekan. U yerda muammo ko‘p, suv yo‘q, yo‘l yo‘q. Hokimiyatdagilar, «qurilish materiallariga 50 foizdan yordam qilamiz, arzon narxda olib beramiz», deyishgandi. Endi ular va'dalarini unutishgan. «Tezroq chiqib ketinglar, bo‘lmasa buldozer solib yuboramiz», deb qo‘rqitishyapti. Biz qayerga boraylik? Quruq yergami? 10 million so‘mga nima quramiz? O‘sha pulga 5 mashina shag‘al, 3 mashina tosh oldik. Qo‘rqitish o‘rniga mablag‘imizni berishsin. Biz muammolar ichida qolib ketdik, axir!»

La'lixon ona Tog‘ayeva, 83 yoshda:

«Yolg‘iz yashayman. To‘rt qiz katta qilib turmushga chiqardim. Toshkentda turli vazirliklarda ishlaganman. Nafaqaga chiqqach, Rishtonga keldim. Qo‘shnilarimning uylari buzilib bo‘ldi. Men esa buzdirmayapman. Sababi, bizga tuman hududidan 6 sotix quruq yer berishdi. Ayting, yolg‘iz boshim bilan u yerga qanday uy quraman? Yana, kompensatsiyaga 10 million so‘m pul berishdi. Qizlarim birovning xasmi. Ularga hech narsa deya olmadim. Turmushi buzilmasin, deyman. Kecha, uyimni buzdirish uchun hokimiyatdan o‘ttiz nafar erkak keldi. Nima qilishga hayronman. Uyim buzilib ko‘chada qolishim kerakmi?»

Mutasaddi: «Xohlasangiz shu. Bo‘lmasa ko‘chib keting»

Uyi buzilayotgan fuqaro Suhrob Abdullayev yarim soat davomida ichidagi gaplarni to‘kib soldi.

«16-uyda tug‘ilganimdan beri yashayman. Ota-onam, voyaga yetmagan 3 farzandim bor. Otam 65 yoshda, onam 60 yoshga kirdi. Shu insonlarni rozi qilish harakatida yuribmiz. Bugunga kelib, hurmatli prezidentimizning Rishton tumaniga nazarlari tushib, tumanda ham xayrli ishlarni, obodonlashtirish ishlarini boshlashibdi, rahmat. Biz ham shu ishlarda faol qatnashib, xudo xohlasa, o‘z uylarimiz joylashgan yerni davlat ehtiyoji uchun hech qanday qarshiliksiz berishga mingdan-ming rozimiz. Faqat, hozir iyun oyi oxirida turibmiz. Iyul oyi bor, avgust bor. Bir-ikki oy vaqt qoldi. Shu fursat ichida uyimizni bitirib, chiqib ketish niyatidamiz. Bizga 10 million so‘mdan kompensatsiya puli boshlang‘ich to‘lov, deya berildi. Beton quydirdik, boshqa ishlarni qilyapmiz. Oilaning kamchiligi ko‘p. Ota-onam pensioner. Uyimiz 134 million so‘mga baholangan. Biz necha martalab so‘rab bordik. «Shu hafta bo‘ladi, uch-to‘rt kundan keyin bo‘ladi», deyishdi. Quruq va'dalarga ishonib  yuribmiz xolos.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomlariga xat yozib, Prezident devoniga mahalla faollari topshirib kelishdi. Undan tashqari, virtual qabulxonaga ham berib kelishdi. Bosh prokuratura ko‘rib chiqadi, deyishdi. Amaliy yordam so‘rayapmiz. Hozircha hech qanaqa natija yo‘q. Prezident devonxonasidagi mas'ul shaxs yonimizda tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qilib, «masalani hal qilinglar», dedi. Mutasaddining «o‘tgan yili yer berganmiz» deganiga hayron bo‘ldik. Aslida yerni Kulalon tomondan shu yili berishgan. Hammasi kompensatsiya puliga taqalyapti. Uy buzilishida olgan materiallarimizni chegirib qolishsa ham rozimiz. 70 million so‘m qoladimi, 80 million so‘mmi, shuni berishsin. Chunki, «olgan narsalaringga minus qilamiz», deyishgan. Uylarimiz ota-onamga ota-onasidan qolgan. Uydagi qurilish materiallari haqiqatdan ham yaroqsiz chiqdi. Termit yeb tashlagan ekan.

Biz ham tumanimiz obod bo‘lishidan xursandmiz. Faqat, bizga ziyon yetmasin. Qonunda aytilganini berishsin. Yana bir muammo bo‘ldi. Kecha bir kishi kelib, o‘zini Kamoliddin deb tanishtirdi. Kurakda turmaydigan gaplarni aytdi. Unaqa demang desam, «senlar hech kim emassan!» dedi. Sumkamdan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportini olib ko‘rsatdim. «Gapingiz umuman to‘g‘ri kelmayapti», dedim. «Yoqmasa, Qirg‘izistonga ko‘chib ketinglar, viloyat hokimligida ishlayman», dedi. Odamni nazar-pisand qilmaydi. Hammamiz ham insonmiz. Ota-onamizning qancha umri qolgan, bilmaymiz. Ularning ko‘nglini topish kerak. Niyatimiz uyni tezroq bitirib, chiqib ketish», deydi u.

Eshonqulov Latifjon, Abdullayeva Shoiraxon kabi fuqarolarning ham uylari buzilgan. Davlat tomonidan ijaraga uy berilishini, berilganda ham barcha sharoitlari bor uylar ajratilishini xohlashadi. Chunki shu kungacha yashab kelgan uylarida suv ham, gaz ham, kanalizatsiya ham bo‘lgan. Endilikda ular ko‘chada qolganga o‘xshaydi. Hatto «ikki oydan beri televizor ko‘rganimiz yo‘q», deydi Eshonqulov. Hokimlikdan biriktirilgan vakillar esa uylarni buzib bo‘lishganidan keyin qorasini ko‘rsatganlari yo‘q. Bu fuqarolardan kim xabar oladi? Ularning arziga kim quloq tutadi?

Rishton bozoridagi savdogarlarning dardi esa doston bo‘lib yotibdi. 100ga yaqin barcha hujjatlarga ega do‘konlarning egalari bizni «Qonun va qoidalar qayda qoldi? Mulkimizni buzib tashlashsa, hech narsasiz qolaveramizmi?», deya savollarga tutishdi.

Hokimlikda hamma «snos» bilan band

Rishton tuman hokimligidan izoh so‘rab borib ovora bo‘ldik. Ko‘rkam binoda biror mas'ul shaxsni topishning iloji bo‘lmadi. Qabulxonada o‘tirgan yordamchi yigit, «Hamma uy buzgani, «snos»ga chiqib ketgan», dedi. Tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarov bilan telefon orqali bog‘langan edik, mutasaddi tez orada hokimiyat binosiga yetib kelishini aytdi.

Hokim o‘rinbosarini bir soat kutdik. Kelmadi. Telefonimizga ham javob bermay qo‘ydi. Nima ham derdik. «Ishi ko‘payib ketgan» bo‘lsa kerak.

Yurtda bunyodkorlik, qurilish, yangilanish jarayonlari kechgani qanday yaxshi. Biroq har bir loyiha boshlanmasidan oldin, do‘ppini olib o‘ylanish kerak emasmidi?

Eng avvalo, aholini rozi qilish birinchi darajali masala-ku?

Rishtonda uylar buzilyapti, chinorlar kesilyapti, qisqasi besaranjomlik.

Uylari «snos»ga tushgan fuqarolarning yurtda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, bunyodkorlik ishlarini tushunib xayrixoh bo‘layotgani tahsinga loyiq. Ular faqat, hokimiyat vakillari ish boshida bergan va'dalarini unutib qo‘yganidan norozi.

Takror bo‘lsa ham shu o‘rinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarni qo‘llash, ularga shart-sharoit yaratish bo‘yicha aytgan so‘zlarini keltiramiz: «Mulk egasiga zarari to‘la qoplanmaguncha, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi bekor qilindi».

Elmurod ERMATOV, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi: Ahrorbek YoQUBJONOV

Mavzuga oid