Sport | 16:33 / 06.07.2019
15653
9 daqiqa o‘qiladi

«Atletiko» hujumga o‘tdi. Klub rahbariyati Grizmann «Barsa» bilan maxfiy muzokara o‘tkazganidan g‘azabda

Foto AFP

Kataloniyaliklar 28 yoshli hujumchi Antuan Grizmann uchun to‘lovni kechiktirishni so‘radi, madridliklar klubi «Barselona»ning harakatlarini hurmatsizlik deb baholadi va futbolchiga jamoa yig‘iniga yetib kelishni buyurdi.

Nima bo‘ldi?
«Atletiko» bu yozda «Barselona»ga o‘tishi kutilayotgan hujumchisi Antuan Grizmann bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Bu bayonot «Barselona» prezidenti Xosep Bartomeuning ikki klub vakillari fransiyalik futbolchi transferi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgani va «Barsa» Grizmann bilan o‘zaro shartnomani muhokama qilishga ruxsat olgani haqidagi bayonoti ortidan berildi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu uchrashuvda «Barselona» fransiyalik hujumchining shartnomasida belgilangan pulni - 120 million yevroni to‘lashni keyinga surishni so‘ragan.

«Atletiko» esa bunga rozi emas, klubdagilar «Barsa» futbolchi bilan mart oyidayoq muzokara o‘tkazib, shartnoma bo‘yicha kelishib olganidan xabar topgan. Ma'lum bo‘lishicha, Grizmann «Atletiko» YeChL pley-offida «Yuventus»ga qarshi javob o‘yinidan keyin turnirni tark etgach, «Barsa» vakillari bilan kelishib olgan. Umuman, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar fevral oyidayoq boshlangan. Klubdagilar bu haqda avvalroq xabar topishgan, o‘zaro uchrashuvda kataloniyaliklarning pulni to‘lashni kechiktirish bo‘yicha iltimosi klub rahbariyatining g‘azabini qo‘zitgan.

«Atletiko» Grizmanni yig‘inga yetib kelish haqida ogohlantirdi. Endi futbolchining transferi so‘roq ostida qolgan. Kataloniyaliklar transfer uchun mablag‘ni to‘liq o‘tkazib bersagina Grizmann «Barselona»ga qo‘yib yuboriladi.

Fransiyalik hujumchi ikki oy muqaddam - 14 may kuni «Atletiko»ni tark etishini e'lon qilgandi.

«Atletiko» nima dedi
«Barselona» prezidenti Jozep Mariya Bartomeuning futbolchimiz Antuan Grizmann haqidagi so‘zlaridan keyin, «Atletiko» quyidagilarni ma'lum qiladi.

14 may kuni Antuan Grizmann «Atletiko» prezidenti Migel Anxel Xil, bosh murabbiy Diyego Simeone va sport direktori Andrea Berta bilan uchrashib, mavsum oxirida klubni tark etmoqchiligini aytdi.

Bir necha kundan so‘ng biz «Barselona» va futbolchi fevral oyida maxfiy muzokara boshlaganini, mart oyida esa kelishib olganini bilib qoldik.

Bugun prezident Bartomeu «Atletiko» klubi bilan Grizmann bo‘yicha muzokara boshlaganini e'lon qildi. Bu – rost. Haqiqatdan ham Migel Anxel Xil «Barselona» bosh direktori Oskar Grau bilan uchrashdi. Unda janob Grau Grizmanning shartnomasidagi tovon puli 1 iyuldan boshlab 200 million yevrodan 120 million yevroga pasaygani tufayli, bu to‘lovni kechiktirishni talab qildi.

«Atletiko» bunga rad javobini berdi. Chunki «Barselona» va futbolchi bu xatti-harakatlari bilan «Atletiko» va uning muxlislarini hurmat qilmasligi oydinlashdi.

Shularni hisobga olgan holda, «Atletiko» bugun futbolchiga, uning singlisi va agentiga, shuningdek advokatiga rasman murojaat qilib, amaldagi shartnoma bandlariga muvofiq, yakshanba kuni klub qarorgohiga yetib kelishini talab qildi. Endi Grizmann boshqa futbolchilar qatori mavsumoldi tayyorgarligini boshlashi shart.

Bu bayonot orqali «Atletiko» har ikkala tomonning, ayniqsa «Barselona»ning xatti-harakatlaridan jirkanishini ma'lum qiladi. «Barselona» mavsum davom etayotgan paytda futbolchini «Atletiko» bilan shartnomani bekor qilishga undagan. Bu vaqtda esa «Atletiko» nafaqat YeChL doirasida «Yuventus» bilan bahslashayotgan, balki La Liga doirasida «Barselona» bilan chempionlik uchun kurashayotgandi. 

Bizningcha, «Barselona»ning bu ishi shartnomaga ega futbolchilar bilan muzokara o‘tkazish va sport musobaqalari yaxlitligini ta'minlovchi asosiy qoidalarga ziddir, shuningdek «Atletiko» va uning muxlislariga zarar yetkazuvchi holatdir», – deyiladi «Atletiko» bayonotida.

• So‘nggi yillarda «Barselona»ning transferlar bo‘yicha muzokaralari ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. Shunday transferlardan biriga 2018 yilning yozida klubga qo‘shib olingan Malkomning transferini keltirish mumkin. O‘shanda «Bordo» braziliyalik futbolchisi «Roma»ga transfer bo‘lgani haqida e'lon qilgandi, italiyalik muxlislar futbolchini kutib olish uchun Rim aeroportiga yig‘ilgandi, ammo og‘zaki kelishuvga erishilganiga qaramay bu transfer kutilmaganda barbod bo‘ladi: so‘nggi lahzalarda katalonlar futbolchini ilib ketishadi. 

«Men «Bordo» prezidenti va Malkomning agentiga qo‘ng‘iroq qilib, «Roma» «Barselona»dan ko‘proq pul to‘lashga tayyorligini aytdim. Ular rasmiy qog‘oz jo‘natishni so‘rashdi. Soat 23:00da biz so‘ralgan hujjatlarni jo‘natdik, ular menga barchasi yaxshi bo‘lsa seshanba kuni Malkom Rimga uchishini aytishdi. 

Malkom va «Bordo» prezidenti bilan uchrashuvdan hayratga tushdim. Ular yanada yaxshilangan yangi shartnoma kutishayotgandi. Chunki, «Barselona» bizning kelishuvni yo‘qqa chiqarish uchun harakatlarini davom ettirgandi. Men ularga bu haddan oshish ekanini aytdim. Biz muzokaralarni to‘xtatdik, chunki bu auksionga aylanib ketgandi», – degandi o‘sha vaqtda «Roma» sport direktori bo‘lgan Monchi. 

• «Atletiko» va «Barselona» o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat Grizmanning transferini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi, holbuki bir necha kun avval barchasi hal bo‘lgandek ko‘rinayotgandi. Marca nashrining yozishicha, «Barselona» fransiyalik futbolchiga 5 yillik shartnoma taklif qilmoqchi, unga ko‘ra futbolchi jami 105 mln yevro ishlab olishi mumkin: birinchi va ikkinchi yillarda – 18 million yevrodan, uchinchi yilda – 21, to‘rtinchi yilda – 23, beshinchi yilda esa – 25 million yevro.

Bu shuni ko‘rsatadiki, Grizmanning yillik maoshi miqdori 21 mln yevroga teng bo‘ladi – bu uning «Atletiko»dagi yillik maoshi bilan bir xil.

• Fransuz futbolchini «Barselona» futbolchilari kutishmoqda. May oyida As nashri Messi Grizmannga qo‘ng‘iroq qilib, uni Kataloniyaga o‘tishga ko‘ndirgani haqida yozgandi, shu haftada esa Rafinya jamoaga kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida gapirdi: «Umid qilamanki, Neymar qaytadi. U ajoyib futbolchi, u «Barselona»da juda zo‘r o‘ynagandi. Men hech qachon Messi-Neymar-Suares uchligidan kuchli uchlik ko‘rmaganman, bu shunchaki fantastika edi. Men yana umid qilamanki, Grizmann ham bizning safimizga qo‘shiladi». 

• El Mundo Deportivo esa ushbu forvard taqdimoti o‘tkaziladigan kun haqida ham yozgan: unga ko‘ra «Barselona» uni 11 iyul kuni – jamoa ta'tildan qaytishi arafasida tanishtirishni rejalashtirgan. Lekin endi bayram qoldiriladigan ko‘rinadi. 

Kataloniya va Grizmanning o‘zi qanday izoh berishini kutish kerak. Bu voqealardan keyin futbolchi «Atletiko»da o‘ynab ketishi qiyin.

Grizmann Madridda
Jahon chempioni va Yevropa vitse-chempioni bo‘lmish bu futbolchi «Atletiko»ga 2014 yilda «Real Sosedad»dan kelgandi. O‘tgan besh yil davomida Grizmann «matraschilar» safida jami 257 o‘yinda maydonga tushib, 133 gol urgan. U jamoa bilan Yevropa Ligasi-2017/18, Ispaniya Superkubogi-2014 va UYeFA Superkubogi-2018 turnirlarida g‘olib chiqqan, shuningdek 2015/16 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi finaliga chiqqan.

Mavzuga oid