Jamiyat | 11:12 / 06.07.2019
8811
8 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzda ta'mirtalab yana bir ko‘cha: Ishni kim paysalga solmoqda?

Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat kelib tushdi. Uning mazmuni mahalliy ko‘chalardan biri ta'mirtalab holatga tushib qolgani, mutasaddilarning esa bu muammoga e'tiborsizligi haqida. Ammo masalani o‘rganar ekanmiz, tanganing ikkinchi tomoni ham borligiga guvoh bo‘ldik.

Shahrisabz shahri... Ha, o‘sha – bahavo, tarixiy, xushmanzara shahar. Chetdan qaraganda bu makonda muammo yo‘qdek taassurot qoldiradi go‘yo. Biroq yuqorida aytganimiz murojaat aynan mana shu shaharning «Qoziguzar» mahallasida istiqomat qiluvchi odamlardan yo‘llangan.

«Bizning ko‘chamiz Shahrisabz shahrining markaziy Amir Temur nomli xiyoboni (O‘zbekistonda yagona 1,2 km.li «Alleya». Bu joyda 2018 yilning sentabr oyida birinchi xalqaro «Maqom» festivali o‘tkazildi) hududining yonginasida joylashgan bo‘lib, 2017 yil hukumatimiz tashabbusi bilan ichimlik va oqova suv tizimiga ulandi. Bu ishlardan odamlarning boshi osmonga yetdi, buning uchun hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ammo o‘shandan beri ko‘chamiz yo‘llari yangi quvurlar o‘tkazish uchun qazilgan edi. Shundan buyon ta'mirtalab holatda qolib ketmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari bo‘yicha ishlar olib borilayotgan, hatto qishloq yo‘llari obod qilinayotgan bir davrda, mana, ikki yildirki, qish mavsumida loy kechib, yozda notekis yo‘llardan tuproq oralab ishga, bolalar bog‘cha va maktabga, keksalar esa masjidga qatnashiga to‘g‘ri kelmoqda. Shaharning markaziy xiyoboniga keladigan xorijlik mehmonlar oldida ham kishi uyatga qoldi», deyiladi murojaatda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mahalla faollari bir necha bor shahar hokimligiga murojaat bilan chiqishgan.

«Hokimiyatdagilar faqat qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib kelmoqda», - deydi mahalladagilar.

Sabr kosasi to‘lgan odamlar shahar prokuraturasiga, Prezident virtual qabulxonasiga hamda boshqa tashkilotlarga murojaat bilan chiqishgan, ammo vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmagan.

«Televideniyedan tasvirga olishda shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O.Rahmonov ham qatnashdi va ko‘chamiz loyihaga kiritilgani, 2019 yilning may oyida yo‘llar asfalt qilib berilishi to‘g‘risida aytib o‘tdi», - deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin ham vaziyat o‘zgarmagan, ko‘cha holati qanday bo‘lsa, shundayligicha qolib ketgan. Eng qizig‘i, televideniye xodimlari boshqa yumush bilan Shahrisabz shahriga tashrif buyurishadi. Jurnalistlar kelishini eshitgan quruvchilar ko‘chada paydo bo‘lishadi, go‘yoki ishlar ketayotgandek manzara hosil qilishadi. «Jurnalistlar ketgach, yo‘lni ta'mirlashga shaylangan ishchilar hech nima bo‘lmagandek, hech ish qilmasdan jo‘nab yuborishdi», - deydi murojaatchilar.

Nafsilamrini aytganda, ushbu mahalla Shahrisabz shahridagi eng qadimgi go‘shalardan biri hisoblanadi. u shundoqqina Markaziy xiyobon bilan tutash. Ushbu ko‘chada yuzaga kelgan muammo dolzarb, u zudlik bilan zarur chora-tadbirlar qo‘llashni taqazo etadi. Hamma gap hokimiyat mutasaddilaridamikan? Xalqimizda «qars ikki qo‘ldan chiqadi», degan gap bor. Bu naqlni tilga olishimizga mahalla oqsoqolining so‘zlari sabab bo‘ldi.

«Shahar hokimi mahalla ahli bilan yuzma-yuz uchrashib, vaziyat bilan ularni yaqindan tanishtirdi. Ishlar may oyiga mo‘ljallangan edi, ammo ayrim sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgandi. Joriy yilning iyul, uzog‘i avgust oyida mazkur mahallaning ko‘chalari to‘liq asfalt qilinadi. Buning uchun barcha narsalar tayyor – texnikalar, mashinalar, mutaxassislar, markaziy quvurlar, quduq qopqoqlari. Ammo ishlarni boshlab yuborishga ayrim holatlar to‘sqinlik qilmoqda», - deydi «Qoziguzar» MFY raisi Dilshod Nuriddinov.

Oqsoqolning ta'kidlashicha, ayrim odamlar uylariga kanalizatsiya va toza ichimlik suvi quvurlarini o‘tkazishlari kerak. Lekin ular noma'lum sabablarga ko‘ra, bu ishlarni qilishmayapti. Mahallada 466 xonadon bo‘lib, shundan 40ga yaqin xonadon, ya'ni mahalla aholisining 10 foizi bu ishlarni qilishmayapti.

«Ularning bu ishi sanitariya qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Odamlarning o‘zi ham davlat tomonidan olib borilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasdan o‘z hissalarini qo‘shishsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, qarang, mahallaga 29 mln so‘mga chiqindi tashlaydigan konteynerlar olib kelib qo‘ydik. Ammo odamlar chiqindilarni uning ichiga emas, yoniga tashlab ketishyapti. Ko‘chaning asfalt bo‘lmayotgani ham ana shu holatga bog‘liq. O‘sha uyiga kanalizatsiya va suv quvurlari olib kirmayotgan xonadonlar o‘z daxldorliklari haqida o‘ylashmayapti. Ertaga yo‘llar asfalt bo‘lib, hamma ish bitgach, vaziyat o‘zgarib, ular uylariga quvur tortishmoqchi bo‘lsa, yana ko‘chalar kavlanib, uydim-chuqur bo‘lib qoladi», - deydi mahalla oqsoqoli.

Holat yuzasidan Shahrisabz shahri hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Obid Rahmonov quyidagicha izoh berdi: «Mahalladagi ayrim xonadonlar kanalizatsiya va suv quvurlarini o‘tkazmagani sabab ishlar to‘xtab qolgandi. Yakunda hokimlik budjeti hisobidan ushbu xonadonlarga quvur tortiladigan bo‘ldi. Chunki ishlar ortga surilib ketyapti, ko‘chani tezrof asfalt qilish zarur. Agar boshida hech narsaga qarab o‘tirmay ko‘chani asfalt qilib tashlaganimizda odamlar suvsiz qolishgan bo‘lardi. Shu sabab tuni bilan qilinajak ishlarning loyihasini tuzib chiqyapmiz».

Ishlar boshlanishiga bir qadam qolgan. Bir yaxshi harakat bilan ko‘cha asfaltlanib, mahalla obod, eng muhimi, odamlar ko‘ngli shod bo‘ladi. Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlab o‘tishni lozim topdik. O‘zbekistonning ayrim hududlarida shunday ko‘chalar borki, ularni «ko‘cha» deb nomlashning o‘zi kulgili. O‘sha ko‘chalarning oldida mazkur mahalladagi Namuna va Navoiy ko‘chalaridagi holat birmuncha yaxshi. Uni yanada obod etish uchun odamlar ham qaysidir ma'noda o‘z hissalarini qo‘shishsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lgan bo‘lar edi. Mutasaddilarning va'dasi esa o‘z kuchida qoladi, uning ijobati amalda ko‘zga tashlanadi deb o‘ylaymiz.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri  

Mavzuga oid