Sport | 11:19 / 08.07.2019
14376
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tarixidagi ilk triatlon musobaqasi qanday o‘tdi?

Kecha, 7 iyul kuni Toshkentdagi BeFit Fitness va Wellness majmuasida sportning triatlon turi bo‘yicha havaskorlar o‘rtasidagi musobaqa tashkil qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

O‘zbekistonda birinchi bor katta masshtabda tashkil qilingan mazkur sport bellashuvi «Indoor-triatlon» ya'ni, klassik triatlondan farqli tarzda, yopiq sport majmualarida o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, musobaqa ishtirokchilari triatlon bellashuvlaridan o‘rin olgan suzish bosqichini suv havzasida, velopoyga shartini – velosiped mashq uskunasida va yugurish bosqichini yugurish yo‘lakchasida bajarishdi.

Qatnashchilariga har bir bosqichni bajarish uchun ma'lum vaqt ajratildi: 10 daqiqa suzish, 30 daqiqa velosiped, 20 daqiqa yugurish va 5 daqiqa – tranzit zonalarni o‘tish. Mazkur formatga ko‘ra, erkak va ayol sportchilarning ishtiroki uch bosqichli masofalar yig‘indisi bo‘yicha aniqlandi.

Bellashuvda o‘ttiz nafar havaskor triatlet, jumladan, taniqli mahalliy va xalqaro kompaniyalarning top menejyerlari ham ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri Triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Nosirovdan federatsiyaning keyingi rejalari haqida so‘radi. Uning aytishicha, tashkilot o‘z oldiga ikkita yo‘nalish: havaskor va professional triatlonni rivojlantirishni maqsad qilib olgan.

Farrux Nosirov

«Rejaga ko‘ra, bugungi musobaqa sportchilarimizga yaqinlashayotgan xalqaro musobaqaga tayyorgarlik vazifasini ham o‘tab berishi lozim. Jumladan, bir haftadan so‘ng, 14 iyul kuni o‘zbekistonlik yigirma nafar havaskor sportchi IRONMAN 70.3 Astana (Qozog‘iston) musobaqasida qatnashadi.

U yerda ishtirokchilar Ironman – 1.9 km suzish, 90 km velosiped va 21 km yugurish masofasini bosib o‘tishlari kerak», deydi Farrux Nosirov.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Semen Shadrin 24.420, ayollar o‘rtasida esa Anna Romanika 20.77  vaqt natijasini ko‘rsatgan holda g‘oliblikka erishdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston triatlon federatsiyasining shu yil yettinchi martdagi navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasida Otabek Muhammadaliyevich Umarov federatsiya raisi lavozimiga saylangan.

Otabek Umarov

Tashkilot 2019 yilning 3 may kuni nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Triatlon nima?

Mavzuga oid