O‘zbekiston | 18:00 / 10.07.2019
17948
10 daqiqa o‘qiladi

Abituriyent–2019: Jizzax shahridagi oliy o‘quv yurtlarida qabul jarayoni qanday kechmoqda?

Shu kunlarda shahar ancha gavjum, bekatlar atrofida to‘p-to‘p bo‘lib turgan yigit-qizlarni ko‘rib, ko‘nglingizda havas uyg‘onadi. Bugun OTMlarga qabul qilish jarayonida ko‘plab yengilliklar bo‘layotganligini, jumladan, abituriyentlar faqat hujjatlarning aslini ko‘rsatib ro‘yxatdan o‘tishi va albatta, o‘zi bilan hujjatlarni qaytarib olib ketishi haqida o‘qiyapmiz, eshitayapmiz. Endi bir dunyo hujjat ko‘tarib poytaxtga bormasligingiz, ortiqcha sarf-xarajat, yotoqxona tashvishi, u eshikdan, bu eshikka yugur-yugurlarga chek qo‘yilishi haqida va'da qilishgan edi.

Xo‘sh, Jizzax shahrida bu borada ishlar qanday? Vaziyatni kuzatish maqsadida dastlab Jizzax shahridagi davlat xizmatlari agentligiga bordik.

Davlat xizmatlari agentligining shahar bo‘limida uzundan-uzun navbatga turganlarni uchratmadik.

«Har bir xodim hujjatlarini topshirishga kelgan abiturentlarga imkoniyat darajasida sifatli xizmat ko‘rsatishga xarakat qilishyapti. 8 iyul sanasigacha 50 nafar abituriyentning hujjatlari qabul qilindi. Aytarli muammolarga duch kelganimiz yo‘q. Xabaringiz bor, beshta oliy o‘quv yurtida hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni Davlat xizmatlari markaziga ham berilgan. To‘lov kvitansiyasi borasida ham muammolar bo‘lmadi hisob», — deydi markaz bosh mutaxassisi Jasur Uzoqov.

Jizzax Politexnika institutiga 2019–2020 yili o‘quv yili uchun bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy kvotasi 1395 nafar etib belgilangan. Ulardan 342 nafari davlat grantlari bo‘yicha, 1053 nafari esa to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi. Oliygoh darvozasi yonida turgan yoshlarimizni suhbatga tortamiz.

«Yengillik deysiz, o‘tgan yilgidek topshirganimiz yaxshi edi. Qayerdan chiqdi shu to‘lov? Sahardan beri ovoramiz. Shaharning u boshidan bu boshiga borib kelishga to‘g‘ri kelyapti. To‘lov kvitansiyasini ko‘rsatmasak, ro‘yxatdan o‘ta olmaymiz. Baza ishlamayotganmish. Qabul komissiyasiga yo‘llay olmaysiz. 600-navbatdaman, bugun ro‘yxatdan o‘tishim dargumon. Arnasoy tumanidan kelganmiz. Ertaga kelamiz-da endi, avval shu to‘lovini hal qilaylik. Bankka borsak, institutga bor deydi, institutda baza ishlamayapti, deydi. Undan ko‘ra, shu yerda bank shoxobchalarini tashkil qilishsa bo‘lmaydimi? Kunning issig‘ida yo‘lkira qilib, taksiga chiqib, to‘lov uchun joy izlab yuribmiz. Yo‘lkira haqini shu banklarga xizmat uchun bersak bo‘lmaydimi? Mana hozir ham ichkariga kirsangiz — navbatni ko‘rib, hushingiz boshingizdan uchadi. Endi DXAga boringlar deyishdi, o‘sha yerda to‘lovni amalga oshirish mumkin ekan? Ishimiz bitsa kelamiz, bo‘lmasa ertaga qoladi. Baza ishlasa ishimiz ham tez bitarmidi? Vaqt kam qoldi axir», — deydi S.Damirova.

«Baza ishlamayapti deb mutaxassislar ham ichkariga kirib ketishdi ovora bo‘lib. Yana «boshqa yerga internet kafelarga boringlar», deb maslahat berishgani uchun o‘sha yerga bormoqchiman. Men Baxmal tumanidan kelganman. Jizzax shahar «Xalq banki»ga borsam — hisob-raqam olib kelinglar deyishdi. Institutga kelsam — hisob-raqami bo‘lmaydi, deyishdi. Sarsongarchilik, xullas. Yakshanba kuni qabul ishlamadi. Shuning hisobiga bo‘lsa kerak bugun odam nihoyatda ko‘p xizmat sifati juda past, to‘lovga odam juda ko‘p, navbatga yozilganmiz, u navbat qachon kelishi noma'lum», — deydi B.Xayriyev.

Jizzax politexnika instituti qabul komissiyasiga kirib borar ekansiz, quyoshning tig‘idan pana izlab joy qidirib yurgan ota-onalar, ur-to‘polon avjida navbat talashayotgan yigit-qizlar va issiqdan bo‘g‘riqib, istar-istamas maslahat berayotgan «maslahatchi»larga ko‘zingiz tushadi. Shovqin-suron bilan navbat talashayotganlardan holat haqida izoh so‘ragani ham istihola qildik. To‘lov kvitansiyasini olish ilinjida qo‘lida yosh bolasi bilan navbatda turgan yosh onalarga esa ichingiz achiydi.

Ma'lum bo‘lishicha, aksariyat abituriyentlar to‘lovga kod olish uchun navbatda turishibdi. Mabodo baza ishlab qolsa — kodni olgan abituriyent to‘lov qiladi va ro‘yxatdan o‘tish uchun yana navbatga turadi. Tartibsizlik, shovqin-suron va havosiz dim yo‘laklarda qabul komissiyasi mas'ullarini izlaymiz.

Institut qabul komissiyasi mas'ul kotibi Normurod Alimov bu holatga shunday izoh berdi.

«Bugun abituriyentlar nihoyatda ko‘p. Kutmagandik. Mana, ayni damda yana bir xona tayyorlayapmiz. Imkoniyat darajasida abituriyentlarga yengillik yaratishga harakat qilyapmiz. Qabul boshlangandan beri 7065 nafar abituriyent qabul qilindi. Sizga institutimiz gazetasini beramiz, qancha ma'lumot kerak bo‘lsa olaverasiz, qolganini «bosasiz» endi, o‘rtoq muxbir. To‘lov masalasida nima ham derdim, odam shunchalik ko‘pki, bank kassasida o‘tirgan ikki nafar qiz ulgurolmayapti. Shu paytgacha bunday holat kuzatilmagan. Qabul tugashiga ham kam qolgani — oxirgi hafta bo‘lgani bois, hujjat topshirishga kelayotganlar soni ko‘paydi. Shanba, yakshanba kuni ham to‘liq ishlayapmiz. Agar shu bazada muammo bo‘lmasa, hammasi yaxshi ketyapti», — deydi Normurod Alimov.

Jizzax davlat pedagogika instituti qabul komissiyasi 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘tkazilayotgan qabul jarayoni Sharof Rashidov tumani «So‘loqli» mahallasidagi institutning maxsus sirtqi bo‘limi binosida tashkil etilgan. Ta'kidlash joiz, bino shahar markazidan ancha olisda joylashgan. Bu ham qaysidir ma'noda keluvchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Hovliga kirish yo‘lagidagi turnaqator bo‘lib o‘tirgan abituriyent va ota-onalarni ko‘rish mumkin. Navbatni tartibga olish maqsadida ichki ishlar xodimlari ham jalb qilingan. Osoyishtalik qo‘riqchilari tartibsizlikning oldini olish maqsadida abituriyentlarni ichkariga o‘n nafardan kirgizyapti. Binoning sportzalida esa taxminan 500 nafarga yaqin abituriyent hujjat topshirmoqda.

Nimqorong‘i va havosiz dim yo‘laklardan birida shovin-suron avjida. Asabiy va norozi kayfiyatda, bir-birini navbatdan surib chiqarishga intilayotgan abituriyentlar to‘lov kvitansiyasini olish uchun talashmoqda. Operatorlar tartib o‘rnatishga harakat qilishgani sayin baqir-chaqir avjiga chiqadi.

Jizzax davlat pedagogika institutidagi qabul jarayoni va bu yerdagi tartibsizliklar haqida qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rahmonqul Pardayevdan izoh oldik:

«Bugun hujjat topshiruvchilar soni qolgan kunlarga qaraganda ikki baravarga oshdi, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Jizzax davlat pedagogika instituti qabul jarayoni bo‘yicha bugun respublikada uchinchi o‘rinda turadi. Ayni vaqtda abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 40 dan oshiq operator faoliyat olib bormoqda, shu kungacha qabul komissiyasiga 14000 dan oshiq abituriyent ro‘yxatga olingan, o‘tgan yilgiga nisbatan abituriyentlar soni keskin oshishi kutilmoqda. Ayni vaqtda asosiy binomizda ta'mirlash ishlari ketayotganligi bois, shu yerda qabul jarayonini tashkillashtirdik.

Institutimizga jami 2960 ta o‘rin ajratilgan. Bugun ayni vaqtgacha 2795 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi, ish vaqti kechki soat 20:00 gacha davom etmoqda. Endi navbatlarga keladigan bo‘lsak, DTM kompyuter tizimi yaxshi ishlamayapti, kvtansiya-invoys chiqarib olishning imkoni bo‘lmayapti. Elektron tizimlarda uzilish bo‘lmasa muammo bo‘lmaydi. Banklarga kassa shoxobchalarini tashkil qilish bo‘yicha takliflar jo‘natganmiz. Ayni damda faqatgina «Xalq banki»dan bitta kassa ishlayapti», — deydi u.

Kunning ikkinchi yarmi: Jizzax pedagogika institutiga hujjat topshirish uchun navbatda turganlarning aksariyati maktabni endigina bitirib kelgan o‘quvchilar, tabiiyki, ularning ota-onalari ham ularga hamroh bo‘lib kelgan, biz bilan suhbatda bo‘lgan ayrim ota-onalar ovqatlanish shoxobchalari to‘g‘ri tashkil etilmaganligini, tartibsizlikni oldini olish uchun ichki ishlar xodimlarining ham kuchi yetmayotganligini aytishdi.

Biz yildan yilga qabul jarayoni takomillashib borayapti, deya bong urayapmiz, endi hammasi yaxshi bo‘ldi, ish oson va tez bitadi, deya o‘zimizni ishontirayapmiz. Kuzatishlarimizdan sezdikki, bugun Jizzaxdagi har ikkala oliygohda ham qabul jarayoni ko‘ngildagidek emas. Kompyuter tizimining bot-bot ishlamasligi, hujjat qabul qiluvchi operatorlarning yetishmasligi, yuzlab yigit-qizlarimizning sarson bo‘lishiga va soatlab navbat kutishiga sababchi bo‘layapti. Shanba va yakshanba kunlari esa bank xodimlari dam oladi, natijada to‘lov masalasida yana qiyinchiliklar yuzaga chiqayapti. Qabul jarayonining tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Muammolar bartaraf etilmas ekan, talaba bo‘lish orzusidagi yuzlab yoshlarimizning hujjat topshirishi keyingi yilga qolishi mumkin.

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid