Jamiyat | 17:00 / 10.07.2019
24319
4 daqiqa o‘qiladi

Muhtojlarga berilgan, ammo bo‘m-bo‘sh uylar taqdiri

Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi «Qipchoqlar» mahallasida «Qishloq qurilish invest» IK MChJning buyurtmasi asosida turli loyihalardagi 60ta turar-joy shaxslarga topshirilgan. Ushbu yangi turar-joylarning qurib topshirilganiga 6 oydan oshgan bo‘lishiga qaramay, uylarning ko‘pchiligiga odamlar ko‘chib kelmagan. Bu haqida «Oila davrasida» nashrida chop etilgan maqolada ma'lum qilinmoqda.

Yangi uy-joy berilganlardan birining keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, mahalladagi ko‘chalarning birida 18ta xonadon bor. Shulardan faqatgina 3 oila ko‘chib kelib, doimiy ravishda yashamoqda. Yana bir-ikki oila onda-sonda kelib ketadi. 60ta uyning yarmiga hali hech kim ko‘chib kelmagan. Ko‘chalar chang, hali to‘la bitkazilmagan. Ikki-uch oy oldin yo‘lchilar kelib, ko‘chalarni betonlashtirishni boshlagan, lekin bir-ikki kun ishlab, barchasini tashlab ketishgan.

Bayon qilinishicha, ushbu ko‘chada qurilgan 18ta uyning 10tasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom» ga asosan 10 nafar ayolga berilgan.

«Uy-joyga muhtoj deb, boshlang‘ich badali Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash fondi, talabgor ishlayotgan tashkilotlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lab berilganiga qaramay, ushbu o‘n nafar ayolning haligacha ko‘chib o‘tmagani qiziq. Qurib bitkazilgan uylarga olti oydan ortiq muddatda ko‘chib o‘tmaganlar chindan ham uy-joyga muhtojmi? Yoki yashashga uyim yo‘q deb qilingan barcha ayyuhannoslar fonogramma edimi? Bu masalalarga javobgar tashkilotlar nega monitoring o‘tkazib turmaydi? Viloyat, tuman hokimlarining sayyor qabullarida uy so‘ragan muhtojlar nega endi ko‘chib o‘tmayapti? Yoki hududda gazning yo‘qligi, ichimlik suvining ham cheklovlar bilan berilishi bunga sababmi?» ─ deb yozadi maqola muallifi.

Xorazm viloyati Shovot tumani «Oq ko‘l» mahallasidagi 2018 yilda qurilgan 200 kvadrat metrli uylarda ham ahvol shunga o‘xshash. Ushbu uylarning birida yashovchi ikkinchi guruh nogironi To‘lg‘anoy Ishchanovaning aytishicha, uylarning sifati yaxshi emasligi, tabiiy gazning yo‘qligi ko‘pchilikning bu yerlarga ko‘chib kelmasligiga sabab bo‘lyapti. 

«Uyimni yangitdan ta'mirlayapman. Ustalar sifatsiz qurib ketishgan. Xonalar nam olib, suvoqlar mog‘orlab ketgan», ─ deydi uy sohibasi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Mustaqillik bayrami arafasida bu hududda ishlar «ura-ura» bilan boshlanib, qo‘l uchida topshirilgan bu hududda bugun deyarli hech kim yo‘q. Na bolalar maydonchalari, na bir ijtimoiy obektlar qurilgan.

«Bu uylarga ko‘chib keluvchilarda ham ayb bor aslida. Nogironman, imkoniyatim cheklangan, deb joyni nomiga rasmiylashtirib, bugungi kunda boshqa qarindoshi yashab kelayotgan oilalar ham bor. Bu ahvolni mutasaddilar monitoring qilishsa, vaziyat oydinlashadi. Boz ustiga, qishning sovug‘ida, yozning issig‘ida bu uylarda yashashning qiyinligi ham ko‘chib keluvchilarning ozchilikni tashkil etishiga sabab bo‘lmoqda», ─ deyiladi maqolada.

Mavzuga oid