O‘zbekiston | 23:16 / 11.07.2019
13825
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bionik protezlar o‘rnatish bo‘yicha ilk tajriba namoyish etildi

Joriy yilning 11 iyul kuni Protezlash va ortopediya markazida nogironligi bor shaxslar uchun yangicha bionik protezlar o‘rnatish amaliyoti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.

Bionik protezlar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi Rossiyaning «Motorika» kompaniyasi bilan hamkorlikda yasalgan.

Protezlash va ortopediya markazida davolanayotgan bemorlardan biriga sinov tariqasida bionik protez qo‘l yasalgan. Bu kabi bionik protez qo‘llarni o‘rnatish amaliyoti har bir mijozga individual tarzda yondashgan holda, olgan jarohatiga ko‘ra, 3D texnologiyasini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Bionik protezdan foydalangan ilk bemor qoraqalpog‘istonlik Xo‘jabayev Tengelbaydir. U bundan bir necha yil muqaddam ikki qo‘lining bilak qismidan ajralgan. Uning aytishicha, bu protez qo‘l bilan endi o‘zi taomlanishi, suv ichishi mumkin va u bundan xursand.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori bioprotezning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, tez orada bu kabi protezlar yasash keng yo‘lga qo‘yilishini ta'kidladi.

«Taqdir taqozosi bilan mehnatda jarohat olib, ikki bilagidan elektr toki kesib ketgan bir yigitning qo‘liga Rossiyaning Motorika kompaniyasi bilan hamkorlik qilishimiz natijasida bioprotez yasaldi. Bizda oldindan protez qilib kelinardi, lekin ular asosan kosmetik protezlar bo‘lgan. Qo‘lning shakli qilib berilgan, kiyimning ichida xuddi qo‘li bor ekan degan tasavvur bergan xolos. Bu esa bionik protez bo‘lib, bu bilan idishdan suv ichishi, ruchka ushlashi mumkin…

Protezlash va ortopediya markazi yonida zamonaviy protez mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona barpo bo‘ladi», - deydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Inakov Alisher Kazakovich.

Mavzuga oid