Jamiyat | 22:13 / 11.07.2019
8356
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida ichimlik suv ta'minotini yaxshilash uchun jami 180 million AQSh dollar ajratilmoqda

Samarqand shahridagi ichimlik suv tarmoqlarining aksariyati o‘zining davriy muddatini o‘tab bo‘lganligi, gidravlik tizimning yetarli darajada ishlamasligi ichimlik suvlarini mavjud ko‘p qavatli uylarga bir me'yorda yetkazib berish imkonini bermaydi. Shu bois shaharda kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, ya'ni ichimlik suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha viloyat «Suvoqova» DUK tomonidan bir qator takliflar berilgan.

Jumladan, mutaxassislarga ko‘ra, «Cho‘pon-ota» va «Dahbed» suv inshootlari hamda «Mo‘liyon» suv nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish zarur. Bundan tashqari, 10 ta 2-bosqich va 3-bosqich nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, 250 kilometr uzunlikdagi rekonstruksiya qilish talab etiladigan yuqori bosimli va o‘rta bosimli suv quvurlari almashtirish va yangilarini qurish kerak.

Samarqand shahrida suv bosimini bir me'yorda ushlash hamda uzluksiz ichimlik suv bilan ta'minlash maqsadida barcha suv inshootlari, nasos stansiyalari hamda taqsimlash tugunlarini to‘liq zamonaviy-energotejamkor nasos uskunalari va jihozlarga almashtirish va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini tashkil etish lozim.

«Abu Dabi taraqqiyot fondi» Samarqand shahrida ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash maqsadlari uchun 150 million dollardan ziyod pul ajratadi.

Shuningdek, shaharda ichimlik suviga bo‘lgan talabning ortib borishini hisobga olib, elektr energiya sarflamasdan ichimlik suv olib kelish maqsadida Toyloq tumani «Ravotxo‘ja» mahallasi hududidan o‘tuvchi Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida suv inshooti qurish hamda mazkur suv inshootidan Samarqand shahrining «Mo‘liyon» suv taqsimlash inshootigacha tarmoq tortish ko‘zda tutilgan.

Qo‘shrabot tumanida ichimlik suv ta'minotini yaxshilash uchun esa Saudiya taraqqiyot fondi 30 million dollar mablag‘ ajratmoqda.

Samarqand viloyatining olis Qo‘shrabot tumanida ichimlik ta'minotini yaxshilash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 dekabrdagi qarori qabul qilingan edi. Bu qaror tuman ahlini o‘sha vaqtda xursand qilgandi, albatta. Chunki mazkur loyiha amalga oshsa Qo‘shrabot tumanining 65 ming nafar aholisi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Ammo o‘sha yili ham 2016 yil ham tumandagi ichimlik suv ta'minotida ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lmagandi.

Mutaxassislar asosiy ishlarning boshlanmasligiga loyihalash ishlarining cho‘zilib ketgani va xorijlik investorlar bilan muzokaralarning cho‘zilib ketgani bilan izohlashardi.

Ayni vaqtda tumanda bu bo‘yicha qurilish-qazish ishlari boshlab yuborilgan. Samarqand viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari Komil Yusupov shu haqda ma'lumot berdi:

— Bu juda ulkan loyiha bo‘lib, aslida 2021 yilgacha mo‘ljallangan. «Qo‘shrabot tumanining ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash» deb nomlangan mazkur loyiha Saudiya taraqqiyot fondi va OPeK fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Umumiy qiymati 36,04 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan ishlarning 29,7 million AQSh dollari chet el investitsiyasi hisobidan qoplanadi.

Loyiha amalga oshirilgach, Qo‘shrabotda 56 ta yangi va rekonstruksiya qilingan suv inshooti bo‘ladi. Shu bilan birga 110 ta suv quduqlarini qazish, 408 kilometr suv o‘tkazgich va suv tarqatish tizimlarini qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kungacha Xitoyning «Anhui Shuian Construction Group» kompaniyasi tomonidan 2 ta suv qudug‘i, «Suv-taraqqiyot» va «Neftgazmontaj» konsorsiumi (O‘zbekiston) tomonidan 9 kilometr handaq va 1 ta suv qudug‘i qazilgan.

Shu tarzda 2021 yilga kelib qo‘shrabotliklar markazlashgan ichimlik suviga ega bo‘lishadi. 

Mavzuga oid