Jamiyat | 18:40 / 14.07.2019
22060
8 daqiqa o‘qiladi

Daraxt kesmasak, bino qura olmaymiz(mi)?

«Mahallamizda anchagina manzarali daraxtlar ekilgan bog‘ bor. Yaqin kunlarda bu yerda ish boshlandi. Temir ustunlar o‘rnatilib, chuqurlar kavlab tashlangan. Qanday qurilish boshlanganini surishtirsak, ishchilar «hech narsadan xabarimiz yo‘q, bizga yangi «zabor» qilishni buyurishgan», deyishdi. Mahalla fuqarolar yig‘inidagilarning ham hech narsadan xabari yo‘q. Bu daraxtlar kesilmasa edi, degan xavotirdamiz...»

Tahririyatga shu mazmundagi murojaat tushdi. Mazkur holatni o‘rganish uchun Mirobod tumaniga, Oybek va Nukus ko‘chasi kesishuvidagi hududga bordik. Nukus ko‘chasidagi katta mashina yo‘li yoqalab qad ko‘targan bog‘da qurilish ishlari boshlangan. Hududga temir ustunlar o‘rnatilmoqda. Lekin daraxtlarga umuman tegilmagan.

«Bizga faqatgina bog‘ning atrofini o‘rab, reklama banneri o‘rnatiladigan devor qilishimizni aytishgan. Biz birorta daraxtga tekkanimiz yo‘q. Bog‘ning orqa tomonidagi bo‘sh turgan hududda qurilish ishlari olib boriladi, shu bois qurilish hududi reklama banneri bilan o‘rab olinyapti. Lekin aynan qanday qurilishligi haqida ma'lumotga ega emasmiz», deydi ishchilardan biri.

Holat haqida batafsilroq ma'lumot olish maqsadida shu bog‘ hududi qarashli bo‘lgan «Salar» mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qildik. Lekin ular ham to‘liq ma'lumotga ega emas.

«Bog‘ning orqasida kattagina bo‘sh yer bor. 2006 yildan beri bo‘sh. Avvaliga bu yerda koreyaliklar xiyobon qurarkan, deyishgandi. Manzarali daraxtlar o‘tkazib, suv ham tortib kelishgan edi. Lekin ikki oyga bormasdan jarayon to‘xtab qoldi. Hech kim ishni davom ettirmadi, daraxtlar qurib qoldi. Keyinroq esa bolalar uchun o‘yingoh, sport majmuasi, basseyn quriladi, degan gaplar chiqdi. Odamlar juda xursand bo‘lishgan edi. Bunda ham ishni bir boshlashdi, uch oyga bormasdan yana hammasi to‘xtadi. Shundan beri bo‘sh turgandi, endi yaqinda mana shu «zabor» ishi boshlandi. Ko‘p qavatli uy bo‘lishi mumkin ekan. To‘g‘ri, yer davlatniki, lekin odamlarga kerakli infratuzilmani ham inobatga olish kerak», deydi MFY xodimlaridan biri.

Shu hududdagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladigan fuqarolarning ta'kidlashicha, yaqin atrofda bolalar uchun o‘yingoh, odamlar dam olishi uchun xiyobon mavjud emas.

«Bu yerda bolalar maydonchasi quriladi deb va'da berishgandi. Endi esa mehmonxonami, «dom»mi, ko‘p qavatli qandaydir bino qurilar ekan. Endi maydonchadan umidimizni uzamizmi?», deydi «Salar» mahallasi 37-uyda yashovchi fuqaro.

«Nima qurilgan taqdirda ham daraxtlarga ziyon yetkazmasdan qurishlarini istardik. Ular mahallamizga ko‘rk berib turibdi. Har qanday loyihani ham daraxtlarga daxl qilmasdan moslashtirishning imkoni bor-ku», deydi ismi ko‘rsatilishini istamagan yana bir fuqaro.

Mirobod tuman hokimiyati taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, bog‘ning orqa qismidagi hududda pastki qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi rejalashtirilgan. 1800 metr kvadrat (1,8 gektar) yer maydoniga «Silk Road Group Investmens» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan inshoot qurilishiga Toshkent shahar hokimining 2018 yil 12 yanvardagi 61-sonli qarori bilan ruxsat berilgan.

«2022 yilgacha bu ko‘p qavatli bino to‘liq qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. «Silk Road Group Investmens» MChJ katta miqdorda investitsiya kiritmoqda. Loyiha 52 mln 200 dollarga baholangan. 2 yillik qurilish davomida 2000ga yaqin mahalliy quruvchilarni ish bilan ta'minlaydi», deydi Mirobod tuman hokimining qurilish va arxitektura ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Najmiddinov. 

Ma'lum qilinishicha, bog‘ va bino quriladigan hudud oralig‘idagi g‘ishtli devor buziladi va bog‘ oralab mashinalar kirib chiqishi uchun har birining eni 10 metrdan bo‘lgan uchta yo‘lak tushiriladi. Belgilangan tartib bo‘yicha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga murojaat qilib, ularning tavsiyasi va tuman hokimiyatining ruxsati bilan yo‘lak ochiladigan qismdagi daraxtlar olib tashlanadi. 

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Shu kunlarda daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq mashmashalarning aksariyati o‘sha hududda qurilish ishlari olib borilishi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, qurilish maqsadlarida daraxt va butalarni kesish tartibi ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining 43-sonli «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori mavjud. Unga ko‘ra, daraxtlar va butalarni kesishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

sanitariya maqsadida ─ daraxtlar va butalar tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta'sirida zararlanganda, quriyotgan yoki qurib qolgan hamda fuqarolarning hayoti va sog‘ligi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, shuningdek, avariya holatida bo‘lgan hollarda;

binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, muhandislik tadqiqot ishlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilganda. Bu holda Davlat ekologiya qo‘mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari kesilishi ko‘rsatilgan daraxtlar va butalarni boshqa joyga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqadi. Buning imkoni bo‘lmasa, hokimiyat kesish uchun tegishli ruxsatnomani rasmiylashtiradi. Daraxt va butalarni kesganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan to‘lov undiriladi.

Lekin ba'zi xorijiy mamlakatlarda qurilish ishlari daraxtlarni kesish uchun sabab bo‘la olmasligini ko‘rish mumkin. Misol uchun, Norvegiyada hukumat daraxtlarni kesish bilan bog‘liq o‘rinlari mavjud bo‘lgan loyihalarga ruxsat bermaydi. Daraxtlarni kesishda ishtirok etuvchi kompaniyalar bilan ham hamkorlik qilinmaydi.

Uy-joy qurishda ham o‘sha hududdagi daraxtni kesmasdan, aksincha undan loyihaning bir qismi sifatida samarali va kreativ tarzda foydalanish an'anasi ham shakllanib ulgurgan.

Juda ko‘p sohalarda ilg‘or bo‘lgan Yaponiya bu masalada ham o‘rnak ko‘rsatadi. Misol uchun, Yaponiyaning Neyagava shahridagi temiryo‘l stansiyasi qurilishi uchun shu hududdagi daraxtni olib tashlash talab etilgan. Lekin yaponlar buning o‘rniga shunchaki daraxtni stansiyaning bir qismi sifatida qoldirishni ma'qul ko‘rishdi.

Qurilishlar bo‘lishi, qulay va zamonaviy infratuzilmalar barpo etilishi yaxshi. Lekin ular tirik tabiat zonasiga daxl qilish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Bizda qurilish uchun daraxtlarni qurbon qilish (rasmiy ruxsat bilan bo‘lsa-da) va bu qurbonlikni arzimagan kompensatsiya to‘lovi bilan niqoblash odatiy holga aylanib ulugurgan. Vaholanki, loyihani tuzish avvalidayoq tabiat zonasining mavjudligini eng asosiy omil sifatida inobatga olish, daraxtlarga qurilishga xalal beruvchi emas, balki uni to‘ldiruvchi obekt sifatida munosabatda bo‘lish mumkin.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid