O‘zbekiston | 14:36 / 16.07.2019
35536
5 daqiqa o‘qiladi

Video: O‘ring‘och ko‘lidagi bugungi holat qanday?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy media sahifalari, shu jumladan, xorijiy OAVda Toshkent viloyatidagi Ugom-Chotqol milliy bog‘i O‘ring‘och soy havzasida qonunga xilof ravishda o‘rnatilgan shiyponlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Atrof-muhit himoyachilari va ekosayyohlar nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi eng noyob tabiiy ko‘llardan biri hisoblanuvchi O‘ring‘och ko‘li bo‘yida dam olish uchun ayvon va shiyponlar qurilgani, choyxona xizmati hamda ijaraga qayiqlar taqdim etilayotganidan o‘zlarining noroziliklarini izhor qilishdi. 

Ularning fikricha, tabiatning bunday in'omini kelajakka avlodga bekamu-ko‘st yetkazishning birgina yo‘li bu yerda insonlar dam olishini cheklashdir. Kun.uz tasvirga olish guruhi keng muhokamaga sabab bo‘lgan ko‘lda nimalar qilingani, bugungi kundagi holati qandayligi, qurilgan shiyponlar haqiqatda buzilganmi, degan savollarga javob topish maqsadida ushbu ko‘l tomon otlandi. 

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Biz kunning ikkinchi yarmida yetib borganimiz sababli, ayni shov-shuvlarga sabab bo‘lgan O‘ring‘och kichik ko‘li atrofidagi vaziyatni o‘rganish bilan cheklandik. Haqiqatda, ko‘l atrofida odamlar dam olganining alomatlari, o‘choq va kul o‘rinlari, shisha va plastik idishlar ko‘zga tashlandi. Ko‘l hududining ichkariroq qismiga borilsa, odamlar tashlab ketgan chiqindilar va baklajkalar soni orta boradi. Atrofdan qo‘lansa hid ham dimoqqa uriladi. 

Biz, O‘ring‘och ko‘lida aslida nima bo‘lganini so‘rab, Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligi ekoturizm muhandisi Mahmud Tashxodjayevga murojaat qildik. 

-  Mana bir necha kun avval internetda O‘ring‘och ko‘li xususida turli xabarlar tarqaldi. Bu xususda fuqarolar o‘z qarashlarini bildirdi. Natijada bu yerda tashkil etilgan dam olish maskanlari buzilgan. Hozirgi vaqtda ko‘l atrofida nimalar qilinyapti?

«Biz qonun-qoidalar buzilganini oldini oldik. Tabiatni muhofaza qilish maqsadida choralar ko‘rib, ayvonlarni hammasini yig‘ishtiryapmiz».

-  O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 14 iyulda e'lon qilgan xabarida tadbirkorlarga ijaraga berilgan degan so‘zlar ham bor edi. 

«Bu yerda turizmni rivojlantirish maqsadida shart-sharoitlar barpo qilingan edi. Yoshi kattalar keladi, ko‘pincha O‘ring‘och ko‘liga. Ayvonlarda ular o‘tirardi. Tepaga yoshlar guruh bo‘lib chiqardi».

-  Savol tug‘iladi, odamlar dam olishidan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlari olib borilarmidi? Kim shug‘ullanardi bu kabi ishlar bilan?

 «Shartnoma asosida bu yerni ijaraga olgan yigitlar maxsus qo‘yilgan idishlarga chiqindilarni yig‘ib, kechqurun ularni olib ketishardi», - dedi Mahmud Tashxodjayev. 

Biz ushbu ko‘l suv sathi yoz mavsumida qanchalik pasayishiga qiziqib, suhbatdoshimizga yana savol bilan murojaat qilamiz. 

Uning aytishicha, hozirda uning sathi 5 metrlar pasaygan bo‘lib, avgust oyi o‘rtalarigacha 10 kub metr suv qolishini bildirdi. Ayrim hollarda, O‘ring‘och kichik ko‘li suvi qurib qolish hollari ham kuzatiladi. Erta bahorda esa, yana suv bilan to‘la holiga qaytadi.  

Eslatib o‘tamiz, 14 iyulda O‘zR Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga mansub O‘ring‘och soy havzasida qonunga xilof ravishda o‘rnatilgan ayvonlar olib tashlanganini ma'lum qildi

Dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan noyob O‘ring‘och ko‘l havzasida suv nefrit (kristall) tusida jilolanadi va aynan shuning uchun bu ko‘l xalq orasida Nefrit ko‘li deb ham ataladi.

Mavzuga oid