Jamiyat | 14:25 / 17.07.2019
18511
7 daqiqa o‘qiladi

Konimex markazida obektlar buzilmoqda. Viloyat hokimi tadbirkorlarga zararni to‘lashdan bosh tortmoqda

Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Konimex tumanidan bir guruh tadbirkorlar murojaat yo‘lladi.

Tadbirkorlar tuman markazidagi bozor, uning atrofidagi do‘konlari Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimlari buyruqlari bilan buzilayotgani, huquqlari ochiqchasiga paymol qilinayotgani, kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilishgan.

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Konimex tumanida bo‘ldik va tadbikorlarning e'tirozlarini tingladik.

«Buzilish ishlari to‘satdan boshlandi. Hech kimni ogohlantirishmadi ham. Qayta qurish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilar ekan. Barchamizda mulk huquqini tasdiqlaydigan va kadastr hujjatlari bor. Biz tuman markazi yanada obod bo‘lishiga qarshi emasmiz. Ammo bizga yetkazilgan zarar-chi? Viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham «bir tiyin ham to‘lanmaydi senlarga, yer beramiz, boshqatdan qurib olasizlar», deyishmoqda. Bizga yetkazilgan zarar qoplansa, qurib olish muammo emas. Lekin rahbarlar bizning huquqimizni ochiqchasiga poymol qilmoqda. «Xohlasang shu, xohlamasang katta ko‘cha», qabilida ish yuritishmoqda. Ogohlantirmay maxsus texnikalar bilan do‘konlarimizni, bizga tegishli bo‘lgan mulklarni buzib tashlashmoqda. Adolat bormi yoki hokimlarga hamma narsa mumkinmi?», – deydi tadbirkor.

Hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham tuman markazidagi bozor va uning atrofidagi do‘konlar buzilmoqda. Ayrim tadbirkorlarning ta'kidlashicha, tuman hokimiyati vakillari ko‘rsatmasi bilan bir yil avval tadbirkorlar millionlab pul sarflab, do‘konlarini zamonaviy ko‘rinishda ta'mirlagan. Ammo endi ularning do‘konlari ham buzilmoqda. Yetkazilgan zararni qoplash haqida rahbarlar tinglashni ham istashmayapti.

Tadbirkorlardan buzilish haqida ogohlantirish bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radik. Ularning ta'kidlashicha, hech kim buzilishlar haqida ogohlantirilmagan ekan. Tadbirkorlardan biri do‘konini buzishga kelishganida tegishli qarorni so‘raganini aytdi. Uning qo‘liga o‘sha kungi sana bilan to‘ldirilgan, muhrsiz ogohlantirish xatini tutqazishgan. Ammo boshqa tadbirkorlarga tegishli qaror ham, ogohlantirish xati ham berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.

Tuman hokimligi mutasaddilari qarorda ko‘rsatilgan tartibga amal qilishmagan va tadbirkorlarning huquqini ochiqchasiga buzishgan.

O‘rganish davomida tadbirkorlar Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov bilan bo‘lib o‘tgan keskin bahs audioyozuvini taqdim qildi. Viloyat hokimi tadbirkor bilan bahsda tegishli qonunlar va aynan Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarorini vaj qilib keltirib o‘tgan. 

Ammo o‘rganish davomida viloyat hokimi ta'kidlayotgan Vazirlar Mahkamasi qaroriga umuman amal qilinmaganiga guvoh bo‘ldik.

Qolaversa, Prezidentning 2018 yil 8 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining 2-bandida 2018 yil 1 sentyabrdan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlar buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi qayd etilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Konimexdagi buzilishlar jarayonida qonunchilikka umuman rioya qilinmayapti.

Ushbu holatga oydinlik kiritish uchun Konimex tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Azamat Xolmo‘minov bilan suhbatlashdik.

Mutasaddining ta'kidlashicha, Prezidentning 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan 11-majlislar bayonining 15-bandida Navoiy viloyati tumanlari markazlarining Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumani misolida bosh rejalarini ishlab chiqish va shu asosida obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari olib borish rejalashtirilgan. Tuman markazidagi buzilishlar aynan shu bilan bog‘liq.

Suhbatimiz jarayonida Xolmo‘minov buzilishlarga oid biror tegishli qarorni ko‘rsata olmadi va bizga yangidan qurilishi rejalashtirilgan loyihalar suratini taqdim etdi.

Ammo bu jarayon nega qonunchilikka rioya qilmagan holda olib borilayotgani, tadbirkorlar huquqlari buzilayotgani, nega ular vaqtida ogohlantirilmagani yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosaridan tayinli izoh ololmadik.

Qayta qurish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga hech kim qarshi emas. Ammo bu kimgadir zarar yetkazilishi, tadbirkorlarning huquqlari buzilishi evaziga emas, albatta. Qonuniylik ta'minlasin. Tadbirkorlar ham aynan shuni istashmoqda.

Xolmo‘minovning aytishicha, tadbirkorlar o‘z xohishi bilan do‘konlari buzilishiga rozilik xati yozib berishmoqda. Ammo tadbirkorlar bilan suhbatlashganimizda, ular buning butkul aksini aytmoqda. Ayrimlari umuman bunday rozilik xati yozmagan ham.

Hokimlik va tadbikorlar o‘rtasidagi ushbu mojaro yuzasidan Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovdan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Viloyat hokimligi axborot xizmati orqali urinishlarimiz zoye ketdi.

Kun.uz Navoiy viloyati, Konimex tumanida hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan ushbu nizoli vaziyatga tegishi vazirlik, tashkilotlar e'tibor qaratishiga, qonuniylik ta'minlanishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid