Sport | 14:59 / 17.07.2019
11425
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FA Turg‘unboyev bo‘yicha bayonot berdi. Xalqaro yuridik tashkilot u hamon «Paxtakor» futbolchisi ekanini aniqladi

Foto: Tribuna.uz

Aziz Turg‘unboyev transfer masalasi ko‘p mojarolarga sabab bo‘ldi. Uning ikkita klub bilan shartnoma imzolagani oxir-oqibat o‘ziga qimmatga tushdi. 9 iyulda diskvalifikatsiyasi tugagan Aziz «Navbahor» bilan shartnoma imzoladi.

O‘FA Aziz Turg‘unboyev borasida bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, xalqaro yuridik tashkilot Azizning hamon «Paxtakor» futbolchisi ekanini aniqlagan. O‘FA esa insoniylik omilini inobatga olgan holda har ikki jamoani do‘stona kelishuvga chorlagan.

«Bilasiz, Aziz Turg‘unboyevning avval «Paxtakor» bilan, keyin esa «Navbahor» klubi bilan shartnoma imzolagani aniqlangan va bu Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha reglamentning 5.43 bandiga zid ekani sabab futbolchi 2019 yilning 9 iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikatsiya qilingan edi.

Oxirgi kunlarda bu masalani betaraf xalqaro yuridik tashkilot o‘rganib chiqib,  chiqarilgan qaror huquqiy normalarga to‘liq to‘g‘ri kelmasligi va yuridik tomondan futbolchi hamon «Paxtakor»ga tegishli ekanligini aniqladi. 

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchining kelajak faoliyatiga salbiy ta'siri bo‘lmasligi va ko‘p sonli futbol muxlislari istagini hisobga olgan holda «Paxtakor» klubi  «Navbahor» klubi bilan do‘stona kelishuvga erishib, bu masalaga nuqta qo‘yishdi. Natijada Turg‘unboyev «Navbahor» klubi bilan yangi shartnoma imzoladi.

Bu kabi bahsli masalaning xalqaro miqiyosga ko‘tarilishi milliy futbolimizning jahon futboli hamjamiyati oldidagi obro‘siga ham salbiy ta'sir etishi mumkin ekanini yaxshi anglab, mazkur masalada futbol manfaati uchun bir to‘xtamga kelishgani bois O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi har ikki klubga ham minnatdorchilik bildiradi va milliy terma jamoamizga nomzod futbolchining yashil maydonga qaytib, yanada chiroyli o‘yinlar namoyish etishi va O‘zbekiston terma jamoasiga foyda keltirishiga umid bildiradi»,- deyiladi bayonotda.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid