Pogba «Real»ga o‘tadimi? Uchta variant

Pol Pogbaning «Real»ga o‘tishi yozning qolgan qismida eng katta mavzularidan biri bo‘lishi turgan gap. Transferning taxminiy narxlari-yu, madridliklar Pogbani olish uchun kimlarni sotmoqchi ekani haqidagi xabarlar ancha ishonchsiz manbalar orqali tarqalayogan bo‘lsa-da, bu transfer haqiqatdan uzoq emasligi aniq, chunki vaziyatga eng yaqin insonlar tomonidan ham bayonotlar yangradi.
Birinchisi, Pogbaning mashhur agenti Mino Riyola futbolchining ketmoqchi ekani va bu haqida manchesterliklar bilishi haqida aytganida, futbol olamida bomba portlagandek bo‘ldi.
Ikkinchisi, Ole Gunnar Sulsher. U ilk mavsumoldi o‘yinidan oldin bu borada o‘z fikrini aytdi – «Pogba haqida hali hech qanday taklif bo‘lgani yo‘q». Bir qaraganda, transferni inkor qiluvchi fikrdek ko‘rinadi, aslida esa, aksincha. Chunki Sulsher Pogba sotilmasligi, u jamoada juda muhim bo‘lib, o‘yin uning atrofida qurilishi haqida gapirmayapti. Taklif yo‘q, deyapti. Ya'ni, bu o‘z navbatida, qarshi tomonga «agar sotib olmoqchi bo‘lsanglar, taklif beringlar» deyish bilan birga, bosimning «Real» tomonga o‘tishini ta'minlayapti. Go‘yoki, madridliklar futbolchini olmoqchi-yu, «MYu» hali sotmayapti, degan mulohazalarni yo‘qotib, boshqa versiyani o‘rtaga tashlayapti – «aslida Pogba sotilishi mumkin, ammo «Real» taklifini bermayapti».
Sulsherning nutqidagi Pogba haqidagi ikkinchi qism ham aslida, yaxshilab o‘ylangan: «Pogba – professional. Men u sotilishini men istamayman».
Bu ham ajoyib messej. Bu bilan «Manchester Yunayted» Pogbani sotishga majbur emasligini, bemalol u bilan yana ishlay olishini «bildirmoqda» va yana bir bor «Real»ga – narxni tushira olmaysizlar, biz istagan pulni bermasangiz, Pogba yo‘q. Bu bilan biz ham hech narsa yo‘qotmaymiz, Pogba bemalol Manchesterda to‘p sura oladi, demoqda. Hatto jamoa sardori haqidagi savolga ham javob berayotib, Sulsher Pogbani ham tilga oldi. Qoyil.
Demak, umumiy vaziyat tushunarli: «Pogba Manchesterdan ketmoqchi, «Manchester Yunayted» agar yaxshi taklif bo‘lsa, uni sotishga qarshi emas, lekin agar transfer amalga oshmagan taqdirda ham, murabbiy bemalol Pol bilan ishlay oladi».
Bu pozitsiyada «Manchester Yunayted» o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Bu yerda manchesterliklarda ikki muhim kuzir bor: Zidanning Pogbani sotib olishga juda qiziqayotgani va futbolchining shartnoma muddati 2021 yilgacha ekani.
Ayniqsa, ikkinchi punkt muhim – agar shartnoma kelasi yozgacha bo‘lganida, Pogba balki klubga bosim o‘tkaza olardi. Chunki futbolchi har qanday darajada «MYu» bilan yomon vaziyatga tushishi va eng yomon holatda, bir yil sabr qilib, erkin agentga aylanishi mumkin bo‘lardi. Hozir esa, ikki yillik shartnoma turibdi. Shartlarni «MYu» qo‘ya oladi, aks holda, jamoa futbolchiga nisbatan har qanday prinsipni qo‘llash imkoniyatiga ega. Transferlar oynasi tugagach, klub bemalol Pogbaga bosim o‘tkazishi va bemalol shartnomani yangilashi mumkin. Chunki ikki yilni zaxirada o‘tkazib yuborish, Madridni kutib yashashga hech qaysi futbolchi chidamasligi aniq.
Bugungi holatdan kelib chiqib, Pogbaning kelajagi haqida turli xil variantlarni ko‘rib chiqish mumkin.
1-variant. Pogba avgust oxirida Madridga o‘tadi
Ba'zi manbalarda shunday xabarlar ham tarqaldi. Emishki, «Real» ushbu transferni oynaning so‘nggi kuniga olib qo‘ygan ekan. Menimcha, bu variant haqiqatdan uzoq.
Bu tariqa «Real» Manchesterda o‘ynashni istamayotgan futbolchini arzonroq narxda qo‘lga kiritmoqchi ekani bilan izohlash u qadar haqiqatga yaqin bo‘lmaydi. Chunki aynan «Real» mana shunday harakatlar uchun ikki marta aynan «MYu» tomonidan jazolangandi.
Birinchisida, shartnoma tugashiga bir yil qolgan Ronaldu bilan kelishib qo‘ygan «Real» rasmiy taklifni kechiktiradi va kutilganidan juda kam summa taklif qilgandi. Bu bilan madridliklar baribir «MYu» Ronalduni sotishga majbur bo‘lishini taxmin qilgandi, lekin aksincha, Fergyusonning jahli chiqib ketgandi.
«Sen yanagi yilga tekinga ketishing ham mumkin, lekin bu yil seni bu «Real»ga sotmayman», – degandi u shogirdiga. Ronaldu qoldi va mavsum boshlangach, futbolchi bilan yangi to‘rt yillik shartnoma imzolandi. Bu Ronalduning yana to‘rt yil Manchesterda qolishini anglatmasligini hamma bilib turardi. Bu shunchaki, «Real»dan kattaroq pul olish uchun qilingandi. «Real» oqibatda rekord summani to‘lashga majbur bo‘ldi.
Ikkinchi holat David De Xea bilan sodir bo‘ldi. «Real» ispaniyalik darvozabon bilan barchasini kelishib qo‘ygan bo‘lsa-da, taklif kiritishga shoshilmadi. So‘nggi pallani, narx pasayishini kutdi. Bu esa, «MYu» uchun noqulayliklar paydo qilgandi. Chunki, o‘sha yozda erkin agentga aylangan Petr Chex taklif qilinsa, u ham De Xeaning qolish yoki ketishi haqida aniq ma'lumotga ega bo‘lmay turib, kelishni istamasdi. Umuman, «MYu» na De Xeani qoldirish mumkinligiga ishondi, na uning o‘rnini to‘ldira oldi. Natijada, so‘nggi kundagi faks voqeasi ro‘y beradi.
«Real» ayb o‘zida emasligi, faks 31 avgust kuni ertalab jo‘natilib, bemalol «MYu» uni to‘ldirib, qaytarish vaqtiga ega bo‘lganini aytgani bilan, bu kulgili chiqardi. Chunki 31 emas, 29 avgust kuni taklif jo‘natishga nima xalaqit bergandi?
Pogbaning holati ko‘proq, De Xea bilan bog‘liq vaziyatni eslatib yuboradi. Chunki shundoq ham, Errera, Fellayni kabi futbolchilardan ajragan «MYu», agar Pogbani sotsa, o‘rnini to‘ldirishi shart. So‘nggi kungacha mavhum qolish esa, manchesterliklar uchun noqulaylik tug‘diradi. Buning ustiga Angliyada transfer bozori avgust oyining boshida, ya'ni mavsum boshlanishidan oldin yopilishini ham e'tiborga olish kerak.
Pogbaning transferi 31 avgust kuni bo‘lishi mumkinligi faqat bir vaziyatda ishonarli. Klublar avvaldan kelishib qo‘yishadi, lekin transfer haqida e'lon qilmay turishadi. Sababi, «MYu» hali kerakli xaridlarni amalga oshirib ulgurgani yo‘q, agar Pogba ertaroq sotilsa, klubda yetarli pul borligini bilgan boshqa klublar narxni oshirib olishlari mumkin. Neymardan juda kutilmaganda ayrilib qolgan «Barselona» Dembele uchun juda katta narx to‘lashga majbur bo‘lgandi. Pogbaning ketishi aniq bo‘lib qolsa, uning o‘rnini to‘ldirish majburiyati va «MYu»da pul ko‘pligini bilgan boshqa klublar o‘z futbolchilarini yana qimmatroqqa baholashlari mumkin bo‘lib qoladi.
Esingizda bo‘lsa, Beylning transferi ham oynaning so‘nggi kunida sodir bo‘lgan. Ammo klublar o‘shanda shuda ayyorlik qilgandi. «Tottenhem» Beyldan qancha pul kelishini bilgan holda, bemalol, ungacha bir nechta transferni amalga oshirib olgan. Beylning ketishi esa, so‘nggi kuni e'lon qilingandi. Agar Beyl ilgariroq sotilganda, «Tottenhem» xaridlari uchun sezilarli darajada ko‘proq pul sarflashiga to‘g‘ri kelardi.
2-variant. Pogba avgust o‘rtalarigacha «Real» futbolchisiga aylanadi
Bu haqiqatga eng yaqin variant. APLda klublar rahbarlari mavsum boshlanishidan oldinroq tarkiblar shakllanib bo‘lishini istashdi. O‘tgan yildan buyon esa 1-tur boshlanishiga uch kun qolganda zayavkalar to‘xtatiladigan bo‘ldi. Klublar avgust oxirigacha boshqa mamlakatlardagi ligalarga o‘z futbolchilarini sotib yuborishlari mumkin, ammo tarkibga yangi o‘yinchi qo‘sha olishmaydi.
Demak, «Manchester Yunayted» avgust oyi boshlarigacha barcha xaridlarini amalga oshirib bo‘lishi kerak. «Sporting» yarim himoyachisi Bruno Fernandesh, «Latsio»dan Sergey Milinkovich-Savich, «Lester» himoyachisi Harri Maguayr hozirda tilga olinayotgan eng yaqin nomzodlardir.
Yana o‘sha gap, balkim, Pogba haqidagi muzokaralar aynan yuqoridagi transferlar tufayli kechikayotgan bo‘lishi ham mumkin. «MYu» Uan-Bissakkani 50 million funtdan ortiq narxga sotib oldi va bu narx «Lester»ga ham ta'sir ko‘rsatdi. 21 yoshli futbolchi uchun shuncha pul to‘lagan klub, nega endi Angliya terma jamoasi va APLning tajribali himoyachisi uchun ham shuncha to‘lashi kerak? Mantiqan to‘g‘ri savol, shundaymi?
Pogbaning katta pulga sotilishi ham, «MYu»ning bozordagi pozitsiyasini pasaytiradi, yuqoridagi klublar «baribir Pogbaning o‘rniga futbolchi olishga majbur» degan o‘y bilan narxlarni oshirishlari ham turgan gap. Shuning uchun ham oldin muhim xaridlarni amalga oshirib olish, ana undan keyin Pogba masalasini hal qilishga urinish bo‘layotgani to‘g‘ri qaror, deb o‘ylayman.
Bir narsani aniq aytish mumkin, agar APLda mavsum boshlanguncha, «MYu» bir nechta yirik xaridlarni, jumladan, Pogbaning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni sotib olsa, demak, fransiyalik yarim himoyachining taqdiri haqida bemalol aytish mumkinki, u ketadi. Agar faollik kuzatilmasa, ya'ni, «Manchester Yunayted» tarkibi bugungidan o‘zgarishsiz qolsa, uyog‘iga jamoa Pogbani olib qolishga harakat qiladi. «Real»ga futbolchini tarkibdan sug‘urib olish oson bo‘lmaydi.
3-variant. Pogba Manchesterda qoladi
Hozir hammasi chigaldek ko‘ringani bilan, bu ham variantlardan biri. «Liverpul»da Filip Koutino yoki Luis Suares bilan bo‘lgan voqealarni eslang – Suares hatto jamoadoshlari bilan ko‘rishishni istamagan va muxlislar bilan butunlay munosabatni uzgandi. Ammo o‘sha mavsumda «Enfild»da qolgan Suares faoliyatidagi eng zo‘r mavsumlaridan birini o‘tkazdi. Yoki David De Xea «Old Trafford» bilan deyarli xayrlashgani, ammo o‘sha fakt voqeasidan so‘ng, yana «Manchester» proyektiga ishona boshlaganini eslang. Ueyn Runi bir oyog‘i bilan «Chelsi»dan bo‘lib turib, bir paytda o‘zi bilan dushman bo‘lgan David Moyyes bilan kelisha olgan va yakunda yana bir necha yillik shartnoma imzolagandi. Klubdagi har bir o‘yin, har bir mashg‘ulot futbolchining fikriga ta'sir qilishi turgan gap. Shuningdek, narigi jamoaning qat'iyatsizligi, kerakli summani berishni istamasligi ham Pogbaning fikrini o‘zgartirishi, aksincha, bir nimani isbotlash uchun yanada kuchliroq futbolchiga aylantirishi mumkin.
Pogba so‘nggi ikki yilni juda beqaror o‘tkazdi. Uning intizomsizligi, jamoa muhitiga ta'siri borasida fikrlar ko‘p va har qanday klub ham u uchun katta pul bera olmaydi. «Real»da aynan Zidan faktori Pogbaning transferida muhim rol o‘ynayapti, lekin u ham shuncha puldan voz kechishga Peresni ko‘ndira olmasligi mumkin. Bu holatda, «MYu» futbolchi uchun qo‘ygan narxni to‘lay oladigan xaridorning o‘zi bo‘lmaydi va Pogba yana Manchesterda qolishga rozi bo‘lishi haqiqatdan uzoq emas.
Sulsher yangi kelganida, Pogbaning qay darajada o‘ynaganini eslasangiz kerak. Gol urish bo‘yicha ham, assistlar bo‘yicha ham, Pogba top darajada o‘yin ko‘rsatdi va APLda eng yaxshilardan biri bo‘ldi. Keyin esa, jarohatlar tufayli yarim himoyaning butunlay o‘zgarib ketishi, futbolchilarning yuqori formadan chiqib ketganliklari uchun natijalar tushib ketdi, o‘z navbatida Pogba ham eski Pogbaga aylanib qoldi.
Aytmoqchimanki, ma'lum sharoitlarda, Sulsher Pogba uchun optimal variantni yasay olar ekan, balki yangi transferlar orqali, aynan mana shu yo‘nalish tomon qadamlar tashlanishi mumkin. Pogbaning o‘zi ham bu loyihaga ishona boshlashi va Manchesterda yana bir mavsum urinib ko‘rishga rozi bo‘lishi ham mumkin.
Futbolchining iqtidorli ekani va agar u uchun maydonda yaxshi sharoit, sheriklar mavjud bo‘lsa, Pogba dunyoning eng foydali o‘yinchilardan biriga aylanishi sir emas.
Qahramon Aslanov