Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Endi OTMda korrupsiya darajasi kamayadimi? Eskspertlarning tub o‘zgarishlar bo‘yicha savollarga javoblari
11 iyul kuni oliy ta'lim sohasini tashkillashtirish va boshqarish tizimini tubdan o‘zgartiruvchi ikkita muhim hujjat qabul qilindi. Mamlakat prezidenti «Oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon hamda «Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.
2020 yildan boshlab, oliy ta'lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish yangi tizimning muhim jihatlaridan biridir. Oliy ta'lim muassasalari mustaqil bo‘ladi va ularga quyidagi huquqlar beriladi:
- xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilash;
- iqtidorli, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
- saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish, xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash;
- tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi ta'lim yo‘nalishlarini ochish;
- oliy ta'lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta'minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash.
Ayni damda davlat oliy ta'lim muassasalari rektorlari va prorektorlari, kasb-hunar ta'lim muassasalari direktorlari va direktor o‘rinbosarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etishi huquqini saqlab qoladi.
UzAnalytics oliy ta'lim sohasidagi ushbu islohot yuzasidan yetakchi ekspertlar bilan suhbatlashdi va ularga quyidagi savollar bilan murojaat qildi:
1. Ushbu islohotlar oliy ta'lim sifati darajasida qanchalik aks etishi mumkin?
2. Oliy ta'lim muassasalarida korrupsiya darajasi kamayadimi?
3. Ushbu islohotlarning ijobiy va salbiy tomonlarini qanday baholaysiz?
Laziz Xo‘jaqulov, iqtisod fanlari nomzodi (PhD in Economics), Buxoro Davlat universiteti o‘qituvchisi:

1. Oliy o‘quv yurtlari xarajatlarini o‘zi qoplashi mablag‘larni taqsimlashda mustaqil bo‘lishga olib keladi. Haqiqatan ham, rektorlar mablag‘larni mustaqil ravishda taqsimlash imkoniga ega bo‘lsa, xodimlarni ham moddiy jihatdan rag‘batlantira oladi va bu o‘z navbatida ta'lim sifatini oshirishga yordam beradi. Ammo oliy ta'lim darajasini o‘qituvchilar oylik maoshini oshirish bilangina yaxshilash ehtimoldan ancha uzoq. Shu o‘rinda men bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Gap shundaki, ta'lim sifati va o‘qituvchilarning ish haqi bir-biriga bevosita bog‘liq emas. Nima uchun? Afsuski, hozirgi kunda dars berayotgan o‘qituvchilar qatlami jahon standartlaridan ancha orqada qolgan. Ko‘pchiligi ingliz tilini bilmaydi.
Zamonaviy bilimlarning qariyb 80 foizi ingliz tilida ekani hisobga olinsa, ta'lim tizimimiz dunyodagi ilm-fan trendlaridan chetda qolgani ayon bo‘ladi. Shu bois, o‘qituvchilarning oylik maoshini hozir ko‘tarsak ham, ularning bilim va malakasi ta'lim sifatida aks etadigan darajada oshmaydi. Uzoq muddatli reja bilan moddiy rag‘batlantirish ularga o‘z ustida ko‘proq ishlash, o‘z malakasini oshirish imkonini beradi va shu bilan ta'lim sifati yaxshilanishiga ko‘maklashadi. Biroq tez orada oylik maoshni oshirish va boshqa turdagi moddiy rag‘batlantirish ta'lim sifatiga ta'sir ko‘rsatmaydi, deb o‘ylayman.
2. Oliy ta'lim muassasalari mustaqil bo‘lishining korrupsiya darajasiga ta'sir ko‘rsatishiga keladigan bo‘lsak, bu masalada ham vaziyat bahslidir. Bir tomondan, oliy o‘quv yurti rektorlari mablag‘larni mustaqil ravishda taqsimlash, o‘qituvchilar ish haqini oshirish huquqiga ega bo‘lsa, ularning pora olishga bo‘lgan intilishi ancha kamayadi. Boshqa tomondan esa, bunday mustaqillik butunlay teskari natija berishi ham mumkin. Hozirgi kunda oliy ta'limda resurslar (o‘quv anjomlari, kompyuterlar va boshqalar) markazlashgan holda taqsimlanadi. Agar oliy o‘quv yurtlariga mustaqillik berilsa, ushbu vazifada vazirlikdagi o‘quv anjomlari uchun mas'ul bo‘lgan bitta amaldor o‘rnini har bir oliy o‘quv yurtida xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas'ul bo‘lgan xodimlar egallaydi. Ular mansab vakolatlarini suiiste'mol qilishi tizimda korrupsiya yanada kuchayishiga olib keladi.
3. Umuman olganda, bu — dolzarb va yaxshi tashabbus. Oliy ta'lim muassasalariga ko‘proq erkinlik, jumladan, moliyaviy mustaqillik berish, mablag‘ topishga rag‘batlantirish kerak. Ta'lim dargohlari mustaqilligi ular o‘rtasida raqobatni yuzaga keltiradi. O‘z navbatida, ushbu raqobat ta'lim sifati yaxshilanishi, yangi yo‘nalishlar ochilishi, tadqiqotlarni rivojlantirish kabi ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Hukumat oliy o‘quv yurtlari rektorlariga bunday erkinlikni bergani bilan ushbu lavozimga tayinlash va undan bo‘shatish huquqini saqlab qolmoqda. Bu — oliy o‘quv yurtlari rahbarlari to‘la mustaqil bo‘la olmaydi va yuqori instansiyalarga bog‘liq bo‘lib qoladi degani. Ushbu islohotlarni amalda tatbiq qilish jarayonida dastlab «mikrohaus» paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, ushbu qarorda bir narsa haqida gapirilsa, g‘aznachilik va davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi boshqa narsani tushunishi mumkin. Shu bois, moslashuv davrida ko‘p muammolar paydo bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan samarasiz ishlaydigan oliy o‘quv yurtlari yo yopilib ketadi, yoki kichrayadi va pedagogik kadrlar bozor muhitida tanlab olinadi.
Ravshan Nazarov, falsafa fanlari nomzodi, O‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi, «Zamonaviy tarix va xalqaro tadqiqotlar» bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari:

1. Bozor munosabatlari sharoitida sub'yektlarning o‘zini o‘zi moliyalashtirishi yoki xarajatlarini o‘zi qoplashi asosiy jihatlardan biridir. Biroq ta'lim sohasi — bozor qonunlarini mexanik tarzda qo‘llash mumkin bo‘lgan o‘ziga xos tarmoq. Ta'lim faqat xizmat ko‘rsatish sohasigina emas, malakali kadrlarni tayyorlash tizimi hamdir. Albatta, oliy o‘quv muassasalari o‘zi mablag‘ topishi kerak, ammo ularning ma'lum qismi o‘zini o‘zi to‘la moliyalashtirishga hali tayyor emas. Menimcha, ayrim guruhdagi mutaxassisliklarni budjet yoki moliyalashtirishning aralash turlarida ma'lum vaqtgacha saqlab turish lozim.
2. Korrupsiya oliy o‘quv yurtlarini moliyalashtirish tizimiga bevosita bog‘liq emas. Bundan tashqari, davlat budjetidan moliyalashtirishni kamaytirish va keyinchalik butunlay bekor qilish jarayonida korrupsiya darajasi birmuncha o‘sishi mumkin. Ammo professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lashning muntazam ravishda oshirilishi va ushbu mehnat bozorida raqobat kuchayishi korrupsiya kamayishiga olib keladi, deb o‘ylayman.
3. Mazkur islohotning ijobiy jihatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- oliy ta'lim muassasalari mustaqilligi kuchayishi, korxonalar bilan hamkorlik qilish, xalqaro hamkorlikka intilish oshishi, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi o‘sib borishi;
- ish beruvchilarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashni ko‘paytirish;
- talabalarning shartnoma puli, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida ustama haqlar va boshqa moddiy rag‘batlantirish turlari miqdorini mustaqil ravishda belgilash;
- bakalavriat va magistraturaning yangi yo‘nalishlarini ochish.
Ushbu islohotning salbiy jihatlari:
- professor-o‘qituvchilar orasida ishsizlik darajasi o‘sishi ehtimoli;
- oliy o‘quv yurtlari ma'muriyatida xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilish holatlari avj olish ehtimoli;
- ta'limda to‘lov-shartnoma tizimiga to‘la o‘tilishi natijasida aholining ehtiyojmand qatlami vakillarining ta'lim olish imkoniyati keskin darajada kamayishi;
- oliy ta'lim muassasalarida har qanday yo‘l bilan mo‘may pul topishga bo‘lgan intilishning o‘sishi, pul topish maqsadida to‘lov-kontrakt asosida talabalarni haddan tashqari ko‘p miqdorda qabul qilish ehtimoli;
- o‘zini o‘zi to‘la moliyalashtirishga o‘tish ommaviy va talabgor bo‘lmagan mutaxassisliklar bo‘yicha ta'lim beradigan oliy o‘quv yurtlarini yoki fakultetlarning moliyaviy ahvolini qiyinlashtirishi mumkin.
Shuhrat G‘aniyev, Gumanitar huquqiy markaz rahbari:

1. Ushbu qarorni o‘qiganda, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ta'lim tizimiga bozor mexanizmlarini joriy etishga harakat qilyapti va ayni paytda bu mexanizmni to‘la tatbiq etmayapti, degan fikr tug‘iladi. Bir tomondan, mamlakat oliy ta'lim muassasalari mustaqil va xarajatlarini o‘zi qoplaydigan yangi tizimga o‘tmoqda, ularga o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish, u yoki bu mutaxassisliklar zarurligini mustaqil hal qilish imkoniyatlari berilmoqda. Boshqa tomondan esa, oliy ta'lim dargohlarida rektorlar va prorektorlarni vazirliklar tayinlaydi. Bu holatda mexanizm qanday ishlaydi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Bozor bir paytning o‘zida ham bozor, ham boshqariladigan bo‘lishi mumkin emas. Agar biz tizimda raqobat va qonunchilarimiz istayotgan o‘sha pragmatizm samara berishini istasak, oliy ta'lim muassasalarini butunlay bozor tizimiga o‘tkazishimiz kerak.
Bunda bozor iqtisodiyotining o‘zi, qanaqa ta'lim darajasi va qaysi mutaxassislar kerakligini, o‘qituvchilar maoshi miqdorini belgilaydi. Agar ta'limni o‘z-o‘zini moliyalashtirishga o‘tkazsak va ayni paytda oliy ta'lim muassasalari rahbarlarini tayinlash mexanizmini saqlab qoladigan bo‘lsak, bu hech qanday samara bermaydi, deb o‘ylayman. Bu holat tizimda muammolar yanada kuchayishiga yoki ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
2. Agar oliy ta'lim muassasalariga o‘qituvchilarning oylik maoshi hajmini belgilash, kimni ishga olish va kimni bo‘shatish, talabalar sonini qisqartirish yoki oshirish masalalari bo‘yicha to‘la mustaqillik berilsa, bu korrupsiyaning ildiziga bolta uradi. Chunki talabalarni qabul qilish kvotasini va muayyan oliy ta'lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash masalasini yuqoridan hal qilish korrupsiya yuzaga kelishida asosiy omil hisoblanadi. Kvota va imtiyozlar tanish-bilishchilik va korrupsiya rivojlanishiga olib keladi. Bunday «yarim choralar» bilan oliy ta'lim tizimida korrupsiya hali-beri kamaymasa kerak.
3. Umuman olganda, bu — yaxshi tashabbus. Biz sovet ta'lim tizimidan meros qolgan rejali tizimdan qutulishimiz kerak. Oliy ta'lim muassasalariga kvotalarni rejali tarzda taqsimlash rejali iqtisodiyotga xosdir. Bozor iqtisodiyotida esa, ta'lim tizimiga tegishli bozor mexanizmlarini tatbiq etishimiz kerak. Oliy o‘quv yurtlari xarajatlarini o‘zi qoplashi va mamlakat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishdagi va miqdordagi mutaxassislarni yetishtirib berishi kerak. Boshqacha aytganda, qancha va qanday mutaxassislarni tayyorlashni Oliy va maxsus o‘rta ta'lim vazirligi emas, bozor belgilab beradi. Men bu tashabbusni ma'qullayman va takroran aytamanki, ushbu chora chala-yarim holatda emas, to‘laligicha amalga oshirilishi kerak.

— Bunday tizimda fundamental tadqiqotlarning kelajagi nima bo‘ladi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Oliy ta'lim muassasalari moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lsa, ular o‘nlab yillar mobaynida o‘zini qoplashi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarni moliyalashtirishi ehtimoldan ancha uzoq.
Laziz Xo‘jaqulov: Ha, ta'lim xizmatlari bozoridagi bunday raqobat sharoitida biror oliy o‘quv yurti talabalardan tushgan mablag‘larni fundamental tadqiqotlarga sarflashdan manfaatdor emas. Biroq jahon amaliyotida bu borada muayyan mexanizmlar ishlab chiqilgan. Masalan, Yaqin Sharq mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari tushgan mablag‘larining bir qismini fundamental tadqiqotlarga yo‘naltirishga majbur. Agar ushbu tadqiqotlar moliyaviy jihatdan muvaffaqiyat qozonsa, tadqiqot o‘tkazgan oliy o‘quv yurti o‘sha mablag‘ning ma'lum foizlariga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, fundamental izlanishlarga yo‘naltiriladigan mablag‘ning bir qismi soliqlardan ozod etiladi. Zikr etilgan qaror esa fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirishning bu kabi mexanizmlarini nazarda tutmaydi. Kelajakda bunday mexanizmlar respublika qonunchiligida o‘z aksini topadi, deb o‘ylayman.
— Amaldagi tizimda oliy o‘quv yurtlariga talabalarni davlat grantlari bo‘yicha qabul qilish, ya'ni ularni davlat budjeti hisobidan o‘qitish kvotalari ham ko‘zda tutilgan. Yangi tizimda bu narsa mavjud emas, oliy ta'lim muassasalari qaysi talabaga imtiyoz yoki bepul ta'lim berish imkoniyatini o‘zi hal qiladi. Biroq oliy o‘quv yurtlari bu kabi xayriya loyihalaridan manfaatdor emas. Bu iste'dodli va qobiliyatli talabalarning bepul ta'lim olish imkoniyati keskin kamayishi yoki butunlay yo‘q bo‘lib ketishini bildiradimi?
Laziz Xo‘jaqulov: Afsuski, shunday. Hozirgi kunda davlat minglab talabalarga bepul oliy ta'lim olish imkoniyatini bermoqda. Oliy o‘quv yurtlari xarajatlarini o‘zi qoplashga o‘tishi bilan bepul ta'lim keskin kamayadi. Yangi tizimga o‘tilganidan so‘ng oliy o‘quv yurtida iste'dodli talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qancha «mahalliy» dasturlar bo‘lishini oldindan bashorat qilish qiyin.

Amaldagi tizim muammolari va ekspert takliflari
Shuhrat G‘aniyev: Fikrimcha, bugungi kunda O‘zbekiston oliy ta'lim dargohlarida yuqori malakali o‘qituvchilar nihoyatda tanqis. Biz eng sara o‘qituvchilarimizni yo‘qotdik. 5-6 yil avval ularni ommaviy tarzda nafaqaga chiqarish oqibatida yuqori malakali professionallar o‘rnini yosh kadrlar egalladi. O‘shanda hech kim, oliy o‘quv yurtlarida o‘nlab yillar davomida yaratilgan ilmiy maktablarni yosh kadrlar mustaqil ravishda davom ettira oladimi, deb so‘ramadi ham. Bu islohotning asl maqsadi va mohiyati yoshlarni ish o‘rinlari bilan ta'minlashga qaratilgan edi. Bular barchasi oliy ta'lim sifati pasayishiga olib keldi. Bugun o‘sha kadrlar almashinuvi jarayoni oqibatlarini ko‘ryapmiz. Misol uchun, tashkilotimizning oliy ta'lim tizimi bo‘yicha olib borgan monitoringi ko‘rsatishicha, Rossiyaga ish qidirib ketgan oliy ma'lumotli diplomiga ega bo‘lgan 20 foiz mutaxassislargina mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan. Qolgan 80 foizi malakasi pastligi uchun ishga olinmagan. Bu diplomli mutaxassislarning aksariyati mazkur bozor mexanizmi sabab raqobatga bardosh bera olmaganini anglatadi. Men O‘zbekiston oliy ta'lim dargohlarida o‘z malakasini yetarli darajada deb hisoblaydigan kadrlarni aniqlash bo‘yicha to‘laqonli attestatsiya o‘tkazishni tavsiya etmoqchiman.
Bundan tashqari, ta'lim tizimimiz nihoyatda mafkuralashgan. Yaqinda Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi forumida ham shu haqda so‘z yuritildi. Unda Markaziy Osiyoda oliy ta'lim tizimiga nisbatan yangicha strategiyani ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Ayni mafkuralashuv o‘quv rejalari, hatto talabalarning referat, kurs va diplom ishlarini yozishida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, bunday ishlarning aksariyati quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi: «Hukumatimiz qabul qilgan dasturlar samarasida mustaqillik yillarida ilm-fanning mazkur yo‘nalishi sezilarli darajada rivojlandi…».
Bu — bartaraf etilishi kerak bo‘lgan yana bir muammo. Biz oliy ta'lim tizimini har qanday mafkuradan xoli qilishimiz, uni pragmatik, talabalar uchun kerakli va foydali tizimga aylantirishimiz lozim.
Mavzuga oid
23:54 / 13.03.2025
Indoneziya prezidenti korrupsionerlar uchun qamoqxona qurilishini e’lon qildi
13:20 / 13.03.2025
Bosh prokuraturada jinoyatchilikning oldini olish masalasida idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
11:44 / 05.03.2025
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi «korrupsiyaga qarshi ichki nazorat» tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish topshirildi
11:30 / 05.03.2025