Jamiyat | 14:40 / 21.07.2019
39597
10 daqiqa o‘qiladi

Rishtonda auksionda mulk sotib olgan fuqaro chuv tushdi(mi?)

Agar siz biror buyum xarid qilmoqchi bo‘lsangiz uning sifati bilan birga ishonarli, to‘g‘ri qo‘ldan olinayotgani ham muhim omil hisoblanadi. Xaridor sotib olishdan avval «mol» «toza»ligiga amin bo‘lishi kerak. Biroq davlatdan sotib olingan mulkdan ertaga muammo chiqishini kim ham o‘ylaydi, deysiz.

Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidan bo‘lgan tadbirkor Soyibjon Buvojonov bilan tushunarsiz holat ro‘y bergan. U «E-IJRO AUKSION» Yagona savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali Rishton tumanida joylashgan Farg‘ona viloyat «O‘zagrokimyohimoya» XAJga qarashli yer uchastkasini sotib oladi. U bu ko‘chmas mulkni olib katta ishlarni boshlash niyatida edi. Lekin, qani endi hammasi u o‘ylagandek bo‘lsa?

Video: Youtube

«2018 yil 23 oktyabrda bu mulkni auksionda 279 million so‘mga sotib olgandim. Bu pulni davlat g‘aznasiga 5 ish kunida to‘ladim. So‘ng kadastr hujjatlarini qildim, guvohnoma va yerga qarorlarni oldim. Prezidentimiz ta'kidlaganidek ish o‘rinlari yaratmoqchi edim. Minib turgan Hyundai rusumli kombaynim bor edi. Pulni o‘sha kombaynimni sotib, odamlardan qarz olib, qiynalib to‘ladim. Keyin esa «O‘zagrokimyohimoya»  sudga berib binosini qaytarib oldi. Bino 4 marta sotuvga qo‘yilgan ekan. Men beshinchi marta qo‘yilgan vaqtda sotib olganman. Birinchi marta onlayn auksionga qo‘yganida 430 million so‘mga baholashgan. Hech kim kirib o‘ynamagandan keyin narxi tushib 280 million so‘mga olganman. Binoga esa kira olmadim. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudi auksion hujjatlarini bekor qilib yubordi. Advokat yolladim. Keyin Farg‘ona viloyat prokuraturasiga ariza berdim. Viloyat prokuraturasi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha protest kiritdi. Biroq, viloyat fuqarolik sudi buni inobatga olmadi.

Hozir qayoqqa borishni bilmasdan sarsonman. Oradan 9 oy vaqt o‘tib ketdi. 279 million so‘m pulimga tadbirkorlik qilganimda yaxshigina daromad topgan bo‘lar edim. Shundan beri oilamda ham, o‘zimda ham halovat yo‘q. Men davlatdan joy olyapman, deb ishongandim. Endi na pulimni, na binoni ololyapman, o‘rtada sarsonman. Binoni olganimda o‘quv markazlari, xususiy maktablar ochmoqchi edim. Rishtonimiz buzilib ketdi. Shu sababli, qurilish do‘koni ham qilmoqchi edim. Rejalarim ko‘p edi. Lekin, shu bino va shu auksion sabab oyog‘imga bolta urildi», deydi tadbirkor.

Bu masala yuzasidan «O‘zagrokimyohimoya» tashkiloti vakillari ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Qarz bizning tumanniki bo‘lmagan, viloyatniki bo‘lgan. Tuman sudidan ham, viloyatnikidan ham o‘tdik. Baholash ham noto‘g‘ri bo‘lgan. Bu yerda kimdir ish qilyapti, hech kim bilmaydi. Bu kishining qo‘lidagi kadastr hujjati ham noto‘g‘ri. Menda ham kadastr hujjati mavjud», deydi tashkilot hisobchisi Muhammadali Qirg‘izboyev.

Qiziq holat. Bir joyga ikkita kadastr hujjati. Biri sotib olganman deydi, ikkinchisi bu joy avvaldan meniki deydi. Murojaatchi nega bu mulk 6 oylab auksionda turganida birov miq etmagani, nega mulk sotib olinib hammasi o‘tib bo‘lganidan so‘ng, tortib olinishini tushunmayapti.

«Qishloqxo‘jalikkimyo» tashkiloti hisobchisi bu mulk qanday qilib ijroga, auksionga chiqib qolgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi: «Bu ish oldingi rais vaqtida bo‘lgan. Bu har yilgi holat. Qarzdorlik uchun mulkka xatlov bo‘ladi. Keyin sekin-asta to‘lab borilaveradi. Bu yerda kimningdir manfaati bor. Nega aynan bizni (Rishton «O‘zagrokimyohimoya»  - tahr.) auksionga chiqarib yuborishyapti. Bu yerda nimadir bor. Ayb bu kishida ham emas. Ayb MIBda. Bu yerda 60 nafar odam ishlaydi. 15 nafar aksiyador manfaati bor. 51 foiz ulush davlatda, qolgani aksiyadorlarda».

Ushbu masala shunchaki ikki tarafning urush-janjali emas, sud tartibida ko‘rib chiqilgan. Vaziyatni to‘g‘ri anglab olish uchun birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroriga nazar tashlasak. Unga ko‘ra, mazkur mulk majburiy ijro byurosining Farg‘ona shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan 2018 yil 20 fevral kuni elektron-onlayn kimoshdi savdosiga chiqarilgan va 2018 yil 23 oktyabrdagi savdo natijalariga ko‘ra, Soyibjon Buvojonov g‘olib, deb topilgan. «O‘zagrokimyohimoya» hududiy aksionerlik jamiyati esa bu holatdan noyabr oyiga kelib xabar topgan. Qiziq, mulk 20 fevralda auksionga qo‘yilsa-yu, bu haqida mulk egasi bo‘lib turgan jamiyat noyabrda xabar topsa...

Majburiy ijro byurosi xodimi esa sudda Farg‘ona viloyat «O‘zagrokimyohimoya» hududiy aksionerlik jamiyati zimmasida 7 milliard 148 million 511 ming 337 so‘m miqdorida boqimandalik qarzini undirish maqsadida mulk sotuvga chiqarilgani haqida aytgan. Sud qarorida ijro organi tomonidan davlat mulkini tasarruf etish tashkilotidan ruxsat olinmagani ko‘rsatilgan va boshqa vajlar bilan auksion natijalari haqiqiy emas, deb topilgan.

Muammoga yanada aniqlik kiritish maqsadida majburiy ijro byurosidan izoh oldik.

Abduxafiz Sattarov

«Bino inshootni auksionga chiqarishdan oldingi harakatlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2018 yil 9 avgustda buyurtma elektron savdolarni tashkil etish markaziga qabul qilingunga qadar Farg‘ona viloyat «O‘zagrokimyohimoya» tashkiloti mutasaddilari ushbu binolar auksionga chiqarish haqida ogohlantirilgan. Bu haqida yozma ravishda xabarnomalar berilgan. Oldingi o‘tkazilgan savdolarga jamiyat tomonidan e'tiroz yoki qarzdorlikni to‘liq qoplash harakatlariga nisbatan tegishli shikoyatlar bo‘lmagan. Davlat mulk qo‘mitasining tegishli tashkilotlariga bu haqida xabar berganmiz. Biz sudda jamiyatning qarzi va auksion to‘g‘ri tashkil etilgani haqida asoslar keltirdik. Biroq o‘rtada soliq tashkilotining bitta rasmiy xati sabab sud qaror chiqarmoqda. Biz ham soliqning bu xati haqida izoh so‘raganmiz, biroq haligacha javob olmadik. Bu qarzlar davomiy qarzdorlik bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan qoplanib boradi», deydi majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abduxafiz Sattarov.

Auksionga ishonib mulk sotib olgan shaxsning advokati Xayrullo Qosimov ushbu masala bo‘yicha fikrlari bilan qiziqdik.

Xayrullo Qosimov

«Fuqarolik kodeksining 229-moddasida mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish tartibi belgilangan. Aynan shu moddaning birinchi qismida insofli egallovchi kimligi belgilangan. Shu moddaning ikkinchi qismida mol-mulk sud qarorlarini ijro etish tartibida sotilgan bo‘lsa, bu mol-mulkni har qanday holatda ham insofli egallovchidan olib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi deyilgan. Hozirgi kunda bu masalaga sudlar tomonidan e'tibor qaratish boshqacharoq bo‘lmoqda. Buni Soyibjon Buvajonov misolida ham aytish mumkin. U auksionga kelgan, mulk 4 marta savdoga qo‘yilgani va sotilmaganini ko‘rgan. Qanaqa kamchiligi borligidan xabari yo‘q. Bilmaydi va bilishi ham mumkin emas. Demak, u insofli egallovchi. Bu ishdan ko‘rish mumkin, kodeksdagi shu modda ishlamayapti. Amaliyotdan ko‘rib aytsak, bu moddani kodeksdan chiqarib yuborish kerak. Tadbirkor ertaga mol-mulkni yo‘qotib qo‘yishni o‘ylamay auksiondan mulk sotib olyapti. Kamchilik kim tarafidan o‘tsa, o‘shanga chora ko‘rilishi kerak. Lekin mulk qaytarib olinishi kerak emas. Bu narsa ishonchsizlikni kuchaytiradi. Agar Soyibjon Buvojonovdan ham so‘ralsa, «davlatdan mulk olma, baribir qaytarib olib qo‘yarkan» deb aytadi. Bu masalada bir necha tashkilotlarga, xususan Konstitutsiyaviy sudga ham murojaat qilganmiz. Shu masalada bir izoh berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi», deydi advokat.

Bir kichik murojaat deb o‘ylaganimiz shunchalik chuqurlashib ketdi. Lekin holat haqida oddiygina qilib shunday deyish ham mumkin: bir fuqaro davlat auksionidan mulk sotib oldi va davlat uni sud qarori bilan yana qaytarib oldi.

Sud qarorida bu fuqaroning puli qaytarilsin deb aytilgan. Fuqaro esa pulni qaytarib olish niyatida emas.

«Mulkni olgan vaqtimda kombayn, uylarni sotib olganman. Endi hozir 280 million so‘mga sotganlarimni qaytarib ololmayman. Narx-navo o‘sgan», deydi u.

«O‘zagrokimyohimoya», MIB, onlayn-auksion markazi balki o‘zicha haqdir. Lekin bilganimiz shuki, bir tadbirkor sarson bo‘lmoqda. Uning davlatga ishonchi yo‘qolgan.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid