Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buxorodagi qadimiy karvonsaroylarda restoran ochilishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q - Vaziyatga Fransiya elchisi aralashdi
Buxoro shahrining qadimiy markazida joylashgan, Fransiyaning «Karvonsaroylar assotsiatsiyasi» uyushmasi va fransuz metsenatlari mablag‘lari evaziga mukammal rekonstruksiya qilingan Fathulloxon va Ayoz karvonsaroylari Buxoro shahridagi «Temur’s restaurant» umumiy ovqatlanish korxonasi rahbari Temur Tillayevga ijara asosida berilayotgani, bu qadimiy va tarixiy go‘shada ovqatlanish joyi ochilishi haqidagi tashvishli xabarlar Kun.uz tahririyatiga ham kelib tushgan edi.
Kun.uz muxbirlari Buxoro shahrida bo‘lib, mazkur masalani sinchiklab o‘rgandi. Chunonchi, restavratsiyadan chiqarilgan obektga elektr simlari o‘tkazish uchun suvoqlar ko‘chirilganiga guvoh bo‘ldik (Yaqin kunlarda bu mavzudagi videoreportaj saytimizda e'tiboringizga havola etiladi — tahririyat).


Xususan, karvonsaroylar ahvolidan xabar olishga borganimizda, «Temur’s restaurant» umumiy ovqatlanish korxonasi rahbari Temur Tillayev Kun.uz muxbirlariga bu yerga kirish mumkin emasligini, u ijaraga olgani va obekt unga qarashli ekanini aytib to‘sqinlik qildi, tahririyat nomiga tuhmat va haqoratli gaplarni aytdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 martdagi №53-sonli «Moddiy madaniy meros obektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Moddiy madaniy meros obektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra tarixiy obektlar ijaraga berilishi mumkin.
Biroq, restavratsiya qilingan obektlarda ishlarning barcha turlarini bajarishga, shu jumladan uning tashqi ko‘rinishini, intereri va tutash hududni ishchi organ bilan yozma kelishuvsiz o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Kun.uz muxbirlari keyinroq qulf osilgan karvonsaroy ochilgach, Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari O.Jo‘rayev, Buxoro shahar hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari K.Davronov, Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqalararo davlat inspeksiyasi mutaxassisi U.Hakimov ishtirokida obektni ko‘zdan kechirishdi.




Bungacha mavjud vaziyat Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonimni ham tashvishga solgani haqidagi xabarlar OAVda tarqalib ulgurdi.
Aftidan, masalaga ijobiy yechim topilganga o‘xshamoqda. 22 iyul kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev va elchi Violen de Vilmor ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ayni shu masalalar xususida so‘z bordi.

Muloqot asnosida elchining Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan, Fransiyaning «Karvonsaroylar» notijorat assotsiatsiyasi tomonidan rekonstruksiya qilingan to‘rt karvonsaroy, jumladan, «Ayoz» karvonsaroyida restoran ochilishi xususidagi xavotirlariga oydinlik kiritildi.

O‘zaro anglashuv va samimiy muloqot tarzida kechgan uchrashuv chog‘ida viloyat hokimi bundan 20 yil oldin ta'mirlangan mazkur karvonsaroylar o‘z holicha saqlanayotganini, bu yerda hech qanday restoran ochish rejasi mavjud emasligini, aksincha, bugungi kunda ishlamay turgan bu obektlarning asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ularda sayyohlar tashrif buyurishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma'lum qildi.

Bugungi kunda davlat tasarrufida va muhofazasida bo‘lgan bu obektlar bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligiga amin bo‘lgan Violen de Vilmor xonim Buxoro viloyati ma'muriyati bilan Fransiya madaniy-tarixiy obidalarni saqlab qolish va ta'mirlash bo‘yicha o‘z tajribasini o‘rtoqlashishga hamda Versal universiteti yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunida ikki tomonning bu boradagi o‘zaro hamkorligi madaniy meros obektlarini saqlash va kelajak avlodga yetkazishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi ta'kidlandi.
Qayd etib o‘tish lozimki, madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqalararo davlat inspeksiyasi tomonidan Buxoro viloyatida 660ta moddiy-madaniy meros obekti ro‘yxatga olingan.
Shundan, 231tasi arxeologiya obekti, 364tasi arxitektura yodgorligi, 19tasi monumental san'at asari, 22tasi arxitektura ansambli va 24tasi diqqatga sazovor joylardir.
Ularni asl holicha saqlash, qadimiy me'morchilik talablariga mos ravishda ta'mirlash borasida muntazam ish olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatdagi moddiy madaniy meros obektlarini saqlash va restavratsiya ishlari uchun jami 10 milliard 700 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:16 / 16.05.2025
Tanzila Norboyeva Buxoroda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi
14:39 / 16.05.2025
Buxoroda yo‘ldan o‘tayotgan ayol ekskavator bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
19:05 / 12.05.2025
Buxoro shahrida 3 ta mashina yonib ketdi
14:03 / 11.05.2025