O‘zbekiston | 14:15 / 24.07.2019
8562
3 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda Oliy ta'lim vazirligi tizimida 167 ta jinoyat sodir etilgan

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a'zolari tomonidan poytaxtdagi oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, xodim va talabalar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur uchrashuvlarda “Ta'lim muassasalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma'naviy-tarixiy asoslari” mavzusida ma'ruzalar qilinib, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilik negizlarini mustahkamlash, ularning ijrosi yuzasidan ta'sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, qolaversa, davlat idoralarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil etilganiga urg‘u berildi.

Bundan tashqari, bu borada qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga alohida e'tibor berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan so‘z yuritildi. Unga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan e'tiboran tajriba-sinov tariqasida jamoatchilik va yetakchi ekspertlar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta'lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgani, 2020 yil 1 apreldan esa boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi ta'kidlandi.

2018 yilning o‘zida Oliy ta'lim vazirligi tizimida 167 ta jinoyat sodir etilib, jami 9,1 mlrd. so‘m zarar yetkazilgan. Shu nuqtai nazardan aholining huquqiy savodxonligini oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida korrupsiyadan ogohlantirish bo‘yicha choralar ko‘rish, korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning oqibatlari, sabab va keltirib chiqargan sharoitlarini bartaraf etish muhimligi belgilab olindi.  

Uchrashuvlarda 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab, yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta'lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tatbiq etilishi haqida ma'lumot berildi. Bundan tashqari, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalarining o‘quv dasturlarida korrupsiyaga qarshi kurashish kabi mavzular yanada kuchaytirilishi borasida ham fikr almashildi.

Shu bilan birga, davra suhbatlarida professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning korrupsiyaga qarshi kurashish, oliy o‘quv yurtlarida poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik borasidagi takliflari tinglandi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid